16:18 / 31.10.2020
6711

“O‘ztransgaz” mas'uliyatsizligi budjetga milliardlab zarar keltiryapti – Senat

Oliy Majlis Senati Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining majlisida tabiiy gaz quvurlari tizimining holati va ushbu sohaga oid qonun hujjatlarining ijro etilishi yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari muhokama qilindi.

Foto: O‘ztransgaz

Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burhonov aholiga gaz yetkazib berishdagi qator muammolarni sanab o‘tdi.

“Bugungi kunda “Hududgazta'minot” AJ tasarrufida respublika bo‘yicha jami 89172,1 km gaz quvurlari mavjud bo‘lib, ushbu gaz quvurlarining 20525,3 km qismi 10 yilgacha, 25729,2 km qismi 10-25 yilgacha, 42917,5 km qismi esa 25-30 yillar va undan ortiq muddat davomida foydalanib kelinmoqda.

Shulardan 766,4 km gaz quvurlari o‘z vaqtida almashtirilmaganligi sababli mukammal ta'mirtalab, ya'ni to‘liq yangilash holatiga kelib qolgan. Qayd etish lozimki, ushbu quvurlarni zudlik bilan almashtirish choralari ko‘rilmagan taqdirda tabiiy gaz isrofgarchiligi kundan-kun ortib borishi, turli avariyalar va baxsiz hodisalar sodir bo‘lishi mumkin.

“Hududgazta'minot” aksiyadorlik jamiyati tomonidan 2020 yilda bor yo‘g‘i 68,4 km gaz tarmoqlari mukammal ta'mirlangan va 49,2 km gaz tarmoqlari rekonstruksiya qilingan. “O‘ztransgaz” AJ tasarrufidagi magistral gaz quvurlarining loyihalarida ko‘zda tutilgan 2117ta elektro-kimyoviy himoya stansiyalaridan bugungi kunda faqatgina 1097tasi ishchi holatda, 761tasi esa belgilangan talablarga umuman javob bermaydi. Eng achinarlisi, 25-30 yillik gaz quvurlarini almashtirish imkoni bo‘lmayotgan paytda, foydalanuvga yaroqli bo‘lgan gaz quvurlarini asrash choralari ko‘rilmagan.

Hududlardagi gaz rostlash punktlariga xizmat ko‘rsatuvchi chilangarlar shtat jadvali qisqartirilishi natijasida gaz rostlash punktlariga o‘z vaqtida texnik xizmatlar ko‘rsatilmayapti. Buning natijasida ortiqcha gaz sizib chiqyapti va taftish ishlari sifatsiz bajarilyapti. Gaz rostlash punktlarining aksariyat qismi nosozligi sababli respublika gaz tizimida ko‘plab tabiiy gaz yo‘qotishlari kuzatilmoqda. Oqibatda davlat budjetiga milliardlab zarar keltirilmoqda.

Bundan tashqari, “Hududgazta'minot” AJga qarashli shahar, tuman gaz filiallarining moddiy-texnik bazasi to‘liq va zamonaviy asbob-uskunalar hamda maxsus texnika bilan ta'minlanmagan. Oqibatda respublika gaz tizimida sodir bo‘layotgan avariyalar o‘z vaqtida bartaraf etilmayapti”, - dedi Burhonov.

Aholiga gaz yetkazib berishdagi muammolar o‘z vaqtida bajarilmaganligi va bunga sovuqqonlik bilan yondashilganligi sababli Senat keyingi yalpi majlisda bosh vazir axborotini tinglash to‘g‘risida qaror qabul qildi.

 

Mavzuga oid
Top