09:21 / 31.10.2020
16405
Paxta-2020: 158 nafar mansabdor shaxs ma'muriy javobgarlikka tortildi

2020 yil paxta yig‘im-terimi mavsumi o‘z nihoyasiga yetayotgan bo‘lsa-da, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan majburiy mehnatga qarshi kurash bo‘yicha monitoring tadbirlari olib borilmoqda.

Monitoring natijalariga ko‘ra, respublikaning ayrim hududlarida kuzatilayotgan majburiy mehnat holatlari bo‘yicha Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan keskin choralar ko‘rilmoqda, deyiladi vazirlik xabarida.

2 570dan ortiq tashkilot, fermer xo‘jaligi va klasterlarda o‘tkazilgan monitoring natijasida mehnat munosabatlariga rioya qilinishi yuzasidan 158 nafar mansabdor shaxslar ma'muriy javobgarlikka tortilgan.

35 nafar mansabdor shaxsga majburiy mehnatga jalb etish holati yuzasidan 372 mln. 410 ming so‘m miqdoridagi ma'muriy jarima, band bo‘lmagan aholini terimga jalb qilish, terimchilar uchun munosib mehnat hamda dam olish sharoitlarini yaratish, terim pullarini o‘z vaqtida va belgilangan me'yorlarda berish masalalari yuzasidan 123 nafar mansabdor shaxslar 204 mln. 937 ming so‘m miqdorida jarimaga tortildi.

Jumladan, Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanidagi “Oqrobot yulduzi”, Navbahor tumanidagi “Xamra juma”, “Asadbek Sarvarbek”, Xatirchi tumanidagi “Oydinov Odil Nodira”, Xorazm viloyatining Shovot tumanidagi “Ergash Ro‘zimov”, Xonqa tumanidagi “Matyakubov Akmal”, Xiva tumanidagi “Said ota Madaminov”, Urganch tumanidagi “Kuramboyev Inoyat”, Yangibozor tumanidagi “G‘aniyev Rustam Ro‘zmetovich” fermer xo‘jaliklari rahbarlari paxta teruvchilar uchun yotoq joylari va ovqatlanish bo‘yicha zarur sharoitlarni yaratib bermaganligi uchun jarimaga tortildi.

O‘tkazilgan monitoring davomida 550dan ortiq fuqarolar bilan tegishli shartnomalar rasmiylashtirilmaganligi aniqlanib, nafaqat fermer xo‘jaliklari va klasterlar rahbarlari, balki fuqarolar bilan ham tushuntirish ishlari olib borildi va tegishli shartnomalar tuzildi. 53ta holatda aybdorlarga nisbatan ma'muriy javobgarlik choralari qo‘llanildi.

Jizzax viloyatining Mirzacho‘l tumanidagi “Saidazim Eshboyev” fermer xo‘jaligi rahbari Samarqand viloyatining Payariq tumanidan kelgan ko‘ngilli terimchilarni ular bilan tegishli tartibda shartnoma rasmiylashtirmagan holda paxta terimiga jalb etganligi bois, ma'muriy javobgarlikka tortildi.

Shuningdek, joylardagi 17ta fermer xo‘jaligi va klasterlarda terim pullari o‘z vaqtida berilmagan 410 nafardan ortiq fuqaroga 173 mln. so‘mdan ortiq kunlik ish haqi to‘lab berilishi ta'minlandi. 

Ijtimoiy tarmoqdan kelib tushgan murojaatni o‘rganish jarayonida Xorazm viloyatining Xiva tumanidagi “Temurbek Hamidbek” fermer xo‘jaligi rahbari joriy yilning 14 oktyabridan 20 oktyabriga qadar terimchilarga mehnat haqini kechiktirganligi sababli ma'muriy javobgarlikka tortildi. Bajarilishi majburiy bo‘lgan yozma ko‘rsatma asosida terimchilarning paxta pullari to‘lab berildi.

Bu kabi holatlar Andijon viloyatining Marhamat tumanidagi “Qamchiboy ota dalasi”, Qo‘rg‘ontepa tumanidagi “Ergashboy barakali yerlari” fermer xo‘jaliklari, Ulug‘nor tumanidagi “Bunyodkor Magistral” mas'uliyati cheklangan jamiyati, Buxoro viloyatining Olot tumanidagi “Jo‘ra Ko‘mak” fermer xo‘jaligi, Namangan viloyatining Pop tumanidagi “Arsoft progress”, Uychi tumanidagi “Barnogul Ziyo Fayz” fermer xo‘jaliklari, Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on tumanidagi “AVS Oqqo‘rg‘on Agro klaster”, Quyichirchiq tumanidagi “TST Klaster”, Bo‘ka tumanidagi “Melik don agro” mas'uliyati cheklangan jamiyatlari, “Shirin”, Oqqo‘rg‘on tumanidagi “Kukbartube” fermer xo‘jaliklarida ham kuzatildi.

Davlat mehnat inspeksiyasi majburiy mehnat holatlariga guvoh bo‘lgan fuqarolardan 1176 qisqa raqamiga, (71) 200-06-00 ishonch telefoniga yoki www.dmi.mehnat.uz sayti orqali murojaat qilishni so‘ragan.

Top