15:59 / 01.11.2020
1751
Gruziya parlamentiga saylovlarning dastlabki natijalari e'lon qilindi 

Gruziyaning bir palatali parlamentiga saylovlarda hukmron partiya – “Gruziya orzusi – Demokratik Gruziya” g‘olib bo‘ldi. Bundan respublikaning Markaziy saylov komissiyasi 88 foiz byulletenlar hisoblab chiqilgandan keyin e'lon qilgan dastlabki natijalar darak bermoqda. 

Saylov komissiyasi ma'lumotlariga ko‘ra, hukmron partiya saylovchilarning 48 foiz ovozini to‘plagan. Partiya raisi Bidzina Ivanishvili dastlabki rasmiy natijalar e'lon qilinishini kutib o‘tirmay, partiya tarafdorlarini g‘alaba bilan tabriklashga tushib ketgan.

Muxolif partiya – “Yagona milliy harakat”ni ovoz beruvchilarning 27 foizi qo‘llab-quvvatlagan. 

“Yevropacha Gruziya” va “Vatanparvarlar alyansi” 3 foizdan ko‘proq ovoz to‘plagan. Ayni vaqtda parlamentga o‘tish uchun 1 foizlik chegaradan hammasi bo‘lib 9 ta partiya o‘tgan.

Hukmron partiya ijrochi kotibi Irakliy Kobaxidzening ta'kidlashicha, partiya ayni vaqtda parlamentda 76 ta o‘rin olmoqda. Bu unga hukumatni yakka o‘zi shakllantirish imkonini beradi.

Gruziya muxolifati saylovlar soxtalashtirilgan deb hisoblamoqda. Muxolif partiyalar yetakchilari xalqaro kuzatuvchilarni saylovlarni qonuniy o‘tgan deb tan olmaslikka chaqirishmoqchi. Tbilisi markazida norozilik namoyishi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Gruziyaning sobiq prezidenti, 2004 yildan 2015 yilgacha “Yagona milliy harakat” yetakchisi bo‘lgan Mixail Saakashvili parlament saylovlarini muxolif kuchlar tantanasi deb atagan. Uning fikricha, birinchi navbatdagi vazifa boshqa muxolif partiyalar bilan milliy birdamlik hukumatini shakllantirish hisoblanadi. 

Gruziyada parlament saylovlari yangi qoidalarga ko‘ra o‘tdi. Partiyalarning parlamentga o‘tishi minimal chegarasi 3 foizdan 1 foizga tushirildi. Saylovlarda 48 ta partiya va 2 ta blok ishtirok etgan. 

Gruziya parlamentiga 150 deputat saylanadi: 120 nafari ro‘yxatlar bo‘yicha va 30 nafari majoritar asosda. Parlament tarkibi 4 yilga saylanadi. 

Top