23:46 / 01.11.2020
11915

Hindistonda “Olovuddinning sehrli chirog‘i”ni 90 ming dollarga sotgan firibgarlar qo‘lga olindi

Foto: Getty Images

Hindistonda “Olovuddinning sehrli chirog‘i”ni 7 mln rupiyga sotishda va “chiroqdan jin chaqirishda” gumon qilingan ikki erkak qo‘lga olindi. Firibgarlarning yana bir sherigi qidiruvga berilgan. 

The Guardian nashrining xabar berishicha, Uttar-Pradesh shtatida yashovchi shifokor firibgarlardan “sehrli chiroq”ni 7 mln rupiyga (90 ming dollar) sotib olgan. U chiroq “hech qanday sehrga ega emasligini” va aldovga uchraganini fahmlagach, politsiyaga murojaat qilgan. 

Jabrlanuvchining ta'kidlashicha, u firibgarlar bilan “kasal onalari”ni davolash uchun uylariga qatnab yurganda tanishib qolgan. Shifokor ayolni bir oydan ko‘proq davolab yurgan. Shunda firibgarlardan biri o‘zida “afsungarlik qobiliyatlari borligini” aytib, go‘yoki “chiroqdan jinni chiqargan”. Shifokor “chiroqni ishqab, jinni chaqirmoqchi bo‘lganda” esa firibgarlar bu xavfli bo‘lishi mumkinligini aytib, unga rad javobini berishgan.

Natijada ishonuvchan shifokor chiroq unga sog‘liq, boylik va omad keltirishi haqidagi va'dalarga uchib, chiroqni sotib olgan. Uning ta'kidlashicha, keyinroq u “jin” firibgarlardan biri bo‘lganini fahmlagan.

Politsiyada ta'kidlanishicha, firibgarlar shunday yo‘l bilan bir necha oilani aldashgan.

Top