16:27 / 01.11.2020
7327

Kipr fuqarolikni sotishni to‘xtatdi

Kiprda 1 noyabrdan investitsiyalar evaziga fuqarolik berish dasturi to‘xtatildi. Kipr hukumati “oltin” pasportlar berish” deb nomlanuvchi ushbu dasturni ko‘plab qoidabuzarliklar sababli to‘xtatishga qaror qildi.

Bunga esa Al Jazeera telekanali o‘tkazgan tergovdan keyin yuz bergan mojaro sabab bo‘lgan. 

Telekanal jurnalistlari tergov davomida o‘zlarini go‘yoki pul yuvganlik uchun sudlangan xitoyliklar qilib ko‘rsatishgan. Ular bog‘langan huquqshunoslar, riyeltorlar va hattoki Kipr parlament spikeri pul bo‘lsa, Kipr fuqaroligini hattoki sudlangan kishi ham olishi mumkinligini tasdiqlashgan.

Bu mojaro ortida Kipr parlamenti raisi Dimitris Silloris iste'foga chiqqan.

Bungacha respublika hukumati “oltin” pasportlar berilishi dasturiga rioya qilinishi bo‘yicha bir nechta tekshiruvlar o‘tkazgan. Sentyabrda politsiya “yuqori xavf guruhi”ga kirgan 42 investorning fuqarolikni olish jarayonini tergov qilishni boshlagan. Tergov davomida investorlardan 7 nafari fuqarolikdan mahrum etilgan.

Kiprning fuqarolikni olish dasturi respublikadagi ko‘chmas mulkka yoki mahalliy kompaniyaga 2 mln yevro sarmoya qilish evaziga Yevropa ittifoqida yashash va ishlash huquqini beruvchi pasportni taklif qilgan. Pasport oluvchi Kipr hukumatiga yana 200 ming yevro xayriya qilishi kerak bo‘lgan.

2013 yildan 2019 yilgacha “oltin” pasportlarni 4 mingdan ko‘proq odam olgan. Ulardan aksariyatini Rossiya, Xitoy, Ukraina, Livan va Saudiya Arabistoni fuqarolari tashkil qilgan.

Top