12:01 / 01.11.2020
23473
«Men onamning televizorda yig‘lab chiqishini istamayman!»

Inson hamma narsaga ko‘nikadi, deysizmi? Unda biling: ba'zi narsalarga ko‘nikish - jinoyat! Masalan, befarqlikka, qalbning qotib qolishiga. Kimningdir og‘ir ahvoldaligini ko‘rib, indamay o‘tib ketilishiga. Agarda bu dard jamiyatni tutsa, unda bu - fojia.

Illyustrativ foto

Biz xonadon eshigini taqillatganimizda ichkaridan «kalit gaz hisoblagichning ustida, bolalarim ustimdan qulflab ketishgan, o‘zingiz ochib kiravering», degan ovoz eshitildi. Bildikki, murojaatini o‘rgangani borganimiz — 40 yoshlardagi ayol o‘rnidan turolmaydi. Afsuski, uning jussasini to‘shakda faqat xastalik emas, muammolar ham bosib yotgan ekan.

Suhbatlashdik, garchi o‘zi istamasa-da, jurnalistligimizga borib, isbot mustahkam bo‘lsin, deya uni videotasvirga olishga, muammolarini kamera qarshisida aytib berishga ko‘ndirdik. Shu payt o‘g‘li — 6-sinf o‘quvchisi maktabdan kelib qoldi va bizga hayron qaradi, ko‘zlarida oriyat uchqunlari bor edi.

— Nega onamni kameraga olyapsizlar?! Televizorga chiqarmoqchimisizlar?! — deya shoshib so‘radi bolakay.

Unga tushuntirishga harakat qildik. Biroq jajji yurakda nelar g‘alayon ko‘targanini bir pas o‘tibgina tushundik.

— Keragi yo‘q. Baribir bizga hech kim yordam bermaydi. Opam bilan (hududdagi eng boy tadbirkorlardan birining ismini aytdi) amakining uyiga yig‘lab borganmiz, shuncha boy bo‘lsayam yordam bermagan. Men onamning televizordan yig‘lab chiqishini istamayman!

Bu yerda ona dardi bilan birga bola ko‘ngli ham bor edi. Ana shu ko‘ngil tufayli hamda onaning iltimosi bilan olgan tasvirlarimizni chiqarmaydigan bo‘ldik.

Biroq eshitganlarimiz va ko‘rganlarimiz bizga tinchlik bermadi — holatni manzilsiz va nomsiz bo‘lsa ham yoritishga qaror qildik. Sababi, shunday masalalar borki, bir inson taqdiri misolida o‘rganasiz-u, o‘sha inson qalbidagi og‘riqlar jamiyatga daxldor ekanligini his qilasiz. Bir insonning dardini tinglaysiz-u, bunday dard yana boshqa — yuzlab insonlarga begona emasligini sezib turasiz.

Xullas, ayol 10 yil oldin ikki bolasi bilan turmushidan ajralgan, 8 yil oldin esa og‘ir xastalikka chalingan. Bugun xastalikning kuchayishi natijasida mustaqil harakatlana olmaydigan holga tushgan. Voyaga yetmagan o‘g‘li va qizi unga qaraydi. Farzandlari maktabga ketganida esa ularni kutishga majbur.

O‘zimizcha xayol qildik: hoynahoy, o‘g‘li va qizi maktabdan kelgunicha farzandlarining istiqboli haqida xayol surib yotsa kerak, axir, ona-ku?! Ular maktabdaligida yashirincha yig‘lab olsa ham kerak: axir, ayol-ku!

Turmushidan ajralgach, bolalarini olib, ijarama-ijara yashagan. 2018 yilda unga boshlang‘ich badali to‘langan holda namunaviy loyihalar asosida qurilgan 3 xonali uylardan biri berilgan.

Uyning oylik to‘lovlarini amallab to‘lab kelgan. Ammo poliartrit tufayli bo‘g‘inlarida harakat yo‘qolib, o‘rnidan turolmay qolgach, daromadsiz qoladi. Shu tobda uning har oyda 2-3 mln so‘m dori-darmonga ehtiyoji bor. Shifokorlar operatsiya buyurishganda mablag‘i yo‘qligi sabab qarz olib operatsiya qildirgan. Shunday qilib, bir tomonda ro‘zg‘or, boshqa tomonda uyning to‘lovi, oylik kommunal to‘lovlar, dori-darmon, qarz — ya'ni, muammolar girdobi.

Uning ma'lum qilishicha, og‘ir ahvolda qolgach, tuman hokimligiga murojaat qilgan. Xotin-qizlar bo‘yicha mas'ul kelib, holatni o‘rgangan va tikuv mashinasi berishini, shu orqali daromad topishi mumkinligini aytgan. Holbuki, ayolning qo‘llari ishlamaydi, tikuvchilik qilishi imkonsiz. Tikuv mashinasini rad qilgan.

Buni qarangki, keyinchalik qayerga murojaat qilmasin, tikuv mashinasini rad qilgani haqidagi bir xil javob kelavergan...

Imkonsiz qolish nima ekanini imkonsiz qolganlargina tushunadi. To‘g‘ri, mahalla turli yordamlar berib turgan. Biroq,masalaning markaz nuqtasi shundaki, boquvchisini yo‘qotgan, jismonan va moliyaviy tarafdan mutlaqo zaiflashib qolgan bu nogiron ayolning uyini «to‘lovini to‘lamadi», deya tortib olish uchun harakatlar boshlangan... Yordam so‘rab qilingan murojaatlari esa befoyda bo‘lgan.

Shu o‘rinda ijtimoiy himoya tizimimiz borasida bir qancha savollar paydo bo‘ladi. Ularni loaqal o‘z-o‘zimizga berishimiz uchun fursat kelmadimi?

Nega qiyin ahvolga tushib qolgan bir insonni bu kabi vaziyatdan qutqaradigan loaqal bitta idora yoki jamg‘arma yo‘q? Yoki bormi? Bor bo‘lsa, nega Qiziltepa tuman hokimligi bu ayolning murojaatini o‘rganish, unga zudlik bilan yordam ko‘rsatish uchun u yerga yubormadi? Bu savollarning biri, xolos. 

Biz duch kelgan holatni olaylik.

Bu kabi ahvoldagi ayollarga uy berilsa, ularning birortasi oylik to‘lovlarni muntazam to‘lay olmasligi kunday ravshan-ku?! To‘lolmagandan keyin uylarni tortib olish va ularni ko‘chada qoldirish qanchalik to‘g‘ri bo‘ladi?

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 apreldagi qarori bilan tasdiqlangan «Og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga, nogironligi bo‘lgan, kam ta'minlangan, farzandlarini to‘liqsiz oilada tarbiyalayotgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj onalarga arzon uy-joylar berish tartibi to‘g‘risida»gi Nizomga e'tibor qaratamiz.

Nizomda arzon uy-joylarni qurish uchun talab etiladigan dastlabki badalni Xotin-qizlarni va oilani qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi hisobiga, shuningdek, talabgor kam ta'minlangan, doimiy daromadga ega bo‘lmagan va kreditni qoplashga layoqati yetarli bo‘lmagan taqdirda u ishlayotgan tashkilot, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi, «Mahalla» xayriya jamoat fondining mablag‘lari hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga to‘lanishi belgilab qo‘yilgan.

Aynan shu nuqta aniq toifalarga ajratilib, to‘lov turlari ham ijtimoiy ahvolidan kelib chiqqan holda belgilab qo‘yilsa, ba'zi tushunmovchiliklar bo‘lmas edi, balki.

Masalan, kam ta'minlangan xotin-qizning ijtimoiy ahvoli keyinchalik yaxshilanib ketishi va u uy to‘lovini to‘lash qobiliyatiga ega bo‘lishi mumkin. Og‘ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlar ham keyinchalik o‘zini tiklab ketishini hayotda ko‘p ko‘rganmiz. Ammo nogiron va buning ustiga boquvchisini yo‘qotgan xotin-qizlarni uy-joy bilan ta'minlash to‘liq davlat hisobidan bo‘lishi to‘g‘ri bo‘lmasmidi?

Bu, hali aytganimizdek, ijtimoiy himoya sohamizga doir savollarning ba'zisi, xolos.

To‘shakda mixlanib yotgan onalarning ko‘zidan imkonsizlik yoshi oqmasligi kerak! Yozgan murojaatlari uchun esa «yozuvchi» degan tamg‘a olmasligi, endigina 13 yoshga to‘lgan bolakayning nigohida esa jamiyatga nisbatan umidsizlik bo‘lmasligi kerak. Zero...

Ba'zi narsalarga ko‘nikish — jinoyat! Masalan, befarqlikka, qalbning qotib qolishiga. Kimningdir og‘ir ahvoldaligini ko‘rib, indamay o‘tib ketilishiga. Agarda bu dard jamiyatni tutsa, unda bu — fojia.

P.S. Kun.uz sayti jamoasi bu ayolning oilasiga 30 mln so‘m miqdorida yordam ko‘rsatishga qaror qildi.

Ruslan Saburov, Kun.uz muxbiri.

Mavzu
Hayotiy hikoyalar
Turfa taqdirlar va umr manzaralari
Barchasi
Top