11:26 / 01.11.2020
23853

“Milliardlar qabristoni”: Berlinda 14 yillik qurilishdan keyin yangi xalqaro aeroport ochildi

Germaniya poytaxti Berlin endi xalqaro standartlarga javob beruvchi o‘z aeroportiga ega: shaharda 14 yillik qurilishdan keyin Villi Brandt nomidagi Berlin-Brandenburg (BER) xalqaro aeroporti ochildi.

Foto: Reuters

31 oktyabrda yangi aeroportga ikkita ilk samolyot – Easyjet va Lufthansa aviakompaniyalarining samolyotlari qo‘ndi. Shuningdek, aeroportdan Londonga birinchi samolyot jo‘nadi. Ushbu reysni Easyjet amalga oshirmoqda.  

Aeroport 1969-1974 yillarda G‘arbiy Germaniya kansleri bo‘lgan Villi Brandt sharafiga nomlangan.

Yangi aeroportning ishga tushirilishi Germaniya uchun tarixiy voqea bo‘ldi, deyilsa mubolag‘a bo‘lmaydi. Uning qurilishi bir necha yillarga cho‘zilib ketgan va ko‘plab muammolar bilan kechgan. Berlin uchun yagona aeroport qurish g‘oyasi 30 yil avval, Germaniya birlashganidan keyin paydo bo‘lgan. 

Yangi aeroport ochish haqidagi qaror 1996 yilda qabul qilingan. Biroq qurilishni boshlash aeroportga joy tanlash hamda mahalliy aholi va ekologlar noroziligi tufayli cho‘zilib ketgan. Aeroport qurilishi 2006 yil 5 sentyabrdagina boshlangan. Aeroportni dastlab 2011 yil oktyabrda ochish rejalashtirilgan, biroq aeroport o‘sha vaqtda Yevropa ittifoqi tomonidan kiritilgan xavfsizlik me'yorlariga to‘g‘ri kelmagani va uni qurishda ishtirok etgan ikkita kompaniya kasodga uchragani sababli ochilishi qoldirilgan. Keyingi yillarda obektni unda aniqlangan ko‘plab kamchiliklar, jumladan yong‘inga qarshi va bagajni berish tizimlaridagi muammolar sababli ochishning iloji bo‘lmagan. Mutaxassislarga barcha kamchiliklarni bartaraf etish uchun yana 8 yil kerak bo‘lgan.

O‘tgan yillar davomida aeroport rahbariyati bir necha marta o‘zgargan, uning qurilishida ishtirok etgan kompaniyalar kasodga uchragan, ba'zi boshqaruvchilarga nisbatan tergov ishlari qo‘zg‘atilgan.

Germaniyada oxirgi yillarning bosh va bahsli qurilishiga aylangan aeroport qurilishi 6 mlrd yevroga aylangan, vaholanki dastlabki smeta 2,83 mlrd yevroni tashkil qilgan.    

Berlinda bungacha ikkita aeroport: 1946 yilda qurilgan Shyonefeld va 1948 yildan beri ishlovchi Tegel faoliyat yuritgan. Shyonefeld endilikda rasman yopilgan, u yangi aeroportning bir qismiga aylandi. Tegel esa noyabrda yopiladi va undan oxirgi reys 8 noyabrda jo‘naydi. Ushbu aeroportlarning ikkisi ham zamonaviy talablarga javob bermagan va texnik jihatdan eskirib qolgan. 

Yangi aeroport 1,5 ming gektar maydonni egallaydi, uning ikkita uchish-qo‘nish yo‘lagi, uchta terminali, 25 ta teletrapi bor. Aeroport bir vaqtda 100dan ko‘proq samolyotga xizmat ko‘rsata oladi.

Aeroportda hozircha uchta terminalidan ikkitasi – birinchi (asosiy) va beshinchi (sobiq Shyonefeld aeroporti)  ishlaydi. 2-terminal ham qurib bitkazilgan, biroq uni 2021 yil yozida ochish rejalashtirilgan.  

Keyinchalik yana ikkita terminal quriladi. Aeroport 2040 yilga kelib maksimal quvvatga chiqishi va yiliga 50 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishi rejalashtirilgan.

Yangi aeroport aviatsiya sohasi uchun inqirozli vaqtda ochildi. Pandemiya sababli reyslarning katta qismi bekor qilingan, yaqin orada aeroportdan kuniga bir necha ming yo‘lovchigina foydalana oladi. Tanqidchilarning ta'kidlashicha, shu sababli yaqin orada aeroport faoliyatini qo‘llab-quvvatlab turish uchun yana millionlab yevro budjet pullari sarflanadi: pandemiya qurilishiga milliardlab pullar sarflangani sababli “milliardlar qabristoni” degan norasmiy nom olgan aeroportga hozircha o‘ziga ketgan xarajatlarni qoplashga imkon bermaydi.   

Mavzuga oid
Top