20:24 / 01.11.2020
22542

8,3 mlrd so‘mga ta'mirlangan Norin ko‘prigi foydalanishga topshirildi (video)

Namangan, Andijon va Farg‘ona viloyatlarini bog‘lovchi Norin daryosi ustidagi ko‘prik ayanchli holatga kelib qolganiga ancha bo‘lgan edi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri. Uzunligi 267,5 metr, eni 10,3 metrni tashkil qiluvchi ushbu ko‘prik qurilganiga qariyb 60 yil bo‘lgan.

Yillar davomida yuzaga kelgan yoriqlar, betonning nurashi, armaturalarning chirishi tufayli mazkur ko‘prik nafaqat avtomobillar, balki fuqarolarning ham foydalanishi uchun yaroqsiz va xavfli ko‘rinishga kelib qolgan. Vaholanki, ko‘prikdan o‘tayotgan avtotransport harakatining jadalligi bir kecha-kunduzda 15-17 ming birlikni tashkil etardi.

Ko‘prik qurilishiga «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ tarkibidagi «Ko‘prik qurilish tresti» unitar korxonasi buyurtmachi etib belgilandi va korxona tarkibidagi 2-ko‘prik qurilish otryadi unitar korxonasi bosh pudratchi etib tayinlandi.

Joriy yil 23 apreldan boshlab qurilish otryadi tomonidan eski ko‘prikning buzilishi tuman aholisini Namangan shahri bilan bog‘lab turgan yo‘l to‘silishiga olib keldi. Natijada avtotransportlar harakati Andijon viloyatining Baliqchi va Ulug‘nor tumanlarini kesib o‘tgan holda Namangan–Mingbuloq yo‘lining 8-kilometrida joylashgan «Sirdaryo» ko‘prigi orqali hamda Uchqo‘rg‘on tumanidagi «Gidrouzel» ko‘prigi orqali amalga oshirildi.

8,3 mlrd so‘mlik qurilish-montaj ishlari 6 oyda o‘z yakuniga yetkazildi.

Ma'lum qilinishicha, quruvchilar tomonidan loyiha-smeta hujjatlariga asosan uzunligi 22 metrlik 48 dona qatnov qismi plita balkasi montaj qilingan, 36 dona plitaning oraliq choklari beton yordamida mustahkamlangan, uzunligi 242 metr bo‘lgan 11 ta oraliq plitaning ustiga armatura yordamida karkas to‘qilgan va betonlash ishlari bajarilgan, uzunligi 242 metr bo‘lgan trotuar qismlariga karkas to‘qilib, trotuar plitalar montaj qilingan.

Rasmiy axborotga ko‘ra, ko‘prik qurilishida zamonaviy talablarga javob beruvchi hamda chidamliligi yuqori bo‘lgan, asosan Rossiya qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilari yetkazib bergan temir va temir-beton maxsulotlaridan foydalanilgan.

Ushbu ko‘prikning tayanch ustunlari va to‘sinlari yuk ko‘tarish darajasi 80 tonnani tashkil etadi.

Endilikda ko‘prikning avtomobillar uchun harakat qismi 7,2 metr o‘rniga 8 metrni tashkil etadi, yo‘lning ikki tarafida esa piyodalar o‘tish yo‘lagi bor.

Ma'lumot uchun, Namangan, Andijon va Farg‘ona viloyatlarini bog‘lovchi asosiy inshoot hisoblangan Norin ko‘prigi 1962 yilda foydalanishga topshirilgan edi.

Top