12:36 / 01.11.2020
5484
Samarqand yarimmarafonida g‘olib aniqlandi. Amaldagi chempion ikkinchi bo‘ldi

Samarqand shahrida ikkinchi marta o‘tkazilgan an'anaviy «Samarkand Half Marathon» yarimmarafoni yakunlandi. Masofani 1 soat 5 daqiqa-yu 42 soniyada bosib o‘tgan toshkentlik 34 yoshli Andrey Petrov g‘olib bo‘ldi. Undan 20 soniya ortda qolgan 24 yoshli surxondaryolik Shohruh Davlatov ikkinchi, 2000 yilda tug‘ilgan samarqandlik Toshquvvatov Otabek uchinchi bo‘ldi. Ma'lumot uchun, Shohruh Davlatov o‘tgan yil musobaqa g‘olibi bo‘lgandi.

Ayollar o‘rtasida surxondaryolik Sitora Hamidova start chizig‘ini 1 soat 11 daqiqa-yu 58 soniyada bosib o‘tib, g‘olib bo‘ldi. Jizzaxlik  Marina Xmelevskaya ikkinchi, farg‘onalik Yekaterina Tunguskova uchinchi bo‘ldi.

Erkaklar va ayollar o‘rtasidagi bahslarda g‘olib bo‘lganlar 12 million so‘mdan mukofot puli olishdi. 2-5 o‘rin sohiblari esa mos ravishda 8, 6, 5 va 4 million so‘mdan mukofot, shuningdek, esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. G‘oliblarni Turizm qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov taqdirladi.

Marafon Samarqand markazidagi Registon maydoni yonidagi Islom Karimov ko‘chasida boshlandi va finish ham xuddi shu yerda bo‘ldi. Qatnashchilar 21 kilometrdan ortiq masofani shahar ko‘chalari bo‘ylab tashkil etilgan aylanma trassada bosib o‘tishdi. Marafonning ochilishida so‘zga chiqqan Samarqand viloyat hokimi Erkinjon Turdimov barcha ishtirokchilarni tabrikladi.

Soat 11:30 da musobaqa tashkilotchilari va ko‘ngillilar qisqa masofaga yugurishdi. Unda turizm qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov ham qatnashdi. Ikki kundan buyon Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan «Samarkand Half Marathon» doirasidagi madaniy tadbirlar bugun kechgacha davom etadi. Tushdan keyin Aziz Abduhakimov va Samarqand viloyati hokimligi vakillari ishtirokida Sartepa mavzesidagi «Sumaya» mehmonxonasining ochilish marosimi bo‘lishi kutilmoqda.

Top