21:44 / 01.11.2020
8482
Shavkat Mirziyoyevning BMTdagi takliflari yuzasidan ishchi guruh yig‘ilishi o‘tkazildi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti minbarida bildirgan takliflarini amalga oshirish maqsadida ishchi guruh tuzildi va uning birinchi yig‘ilishi o‘tkazildi.

Pandemiya davrida mamlakatlarning ixtiyoriy majburiyatlarni qabul qilish to‘g‘risidagi kodeksni ishlab chiqish taklifi Shavkat Mirziyoyev tomonidan birinchi marta shu yilning iyul oyida Xalqaro mehnat tashkiloti o‘tkazgan sammitda ilgari surilgan edi.

BMT Bosh assambleyasining 75-sessiyasida so‘zga chiqqan O‘zbekiston yetakchisi yana bir tashabbusni ilgari surgandi. Prezident kambag‘allik bilan kurashda parlamentlar rolini oshirish bo‘yicha xalqaro hujjat — BMT rezolyutsiyasini qabul qilishni taklif etgandi.

Nozim Husanov

Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov birinchi taklif yuzasidan ishlarni muvofiqlashtirib, kodeks loyihasi ustida ish boshlanganini bildirdi. Uning aytishicha, pandemiya kabi og‘ir damlarda davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari, xususan fuqarolari va hamkor tashkilot, davlatlar oldidagi mas'uliyati kodeks loyihasida aks etmoqda.

«Davlatning ixtiyoriy majburiyatiga nimalar kiradi? Kodeks loyihasida ushbu masala bo‘yicha 8ta yo‘nalishga urg‘u berilgan. Birinchi navbatda, bu — xavfsiz mehnat. Negaki, pandemiyada shifokorlar eng old qatorda ishladi, ularning sog‘lig‘i ham xavf ostida bo‘ldi. Ikkinchidan, ishsizlikning oldini olishga qaratilgan choralar. Sir emaski, pandemiyada ko‘p korxonalar o‘z faoliyatini to‘xtatdi. BMT ma'lumotiga ko‘ra, 400 million mehnatkash ish o‘rnidan ayrildi.

Uchinchi yo‘nalish — ijtimoiy himoya. Keyingi masala esa migratsiya, mehnat muhojirligida bo‘lgan fuqarolarning ijtimoiy himoyasi. Ishlab chiqarishda zanjir uzilmasligiga ham alohida e'tibor qaratiladi. Albatta, fan-ta'lim va inson huquqlarining himoya qilinishi ham kodeksga kiritildi», — dedi vazir.

Akmalxon Ortiqov

Ikkinchi taklif yuzasidan nutq so‘zlagan iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Akmalxon Ortiqovning aytishicha, parlament xalq manfaatini ta'minlab, ularning huquq va erkinliklarini himoya qiladigan oliy organ hisoblanadi. Shu tufayli barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun parlamentning rolini oshirish bo‘yicha maxsus rezolyutsiya konsepsiyasi ishlab chiqilmoqda.

«Konsepsiyada parlament roli va vakolatini oshirishga doir takliflar inobatga olingan. Parlamentga xarajatlar va moliyaviy masalalar yuzasidan nazorat qilishning keng vakolatlari taqdim etilishi kutilmoqda», — deydi u.

Sodiq Safoyev 

Ishchi guruh yig‘ilishiga raislik qilgan senator Sodiq Safoyev shu yilning iyun oyida qabul qilingan BMT va uning ixtisoslashgan institutlari bilan O‘zbekistonning aloqalarini rivojlantirish bo‘yicha yo‘l xaritasi hozirgi amaliy ishlar bilan birlashtirishni taklif qildi.

Yig‘ilish a'zolari yo‘l xaritasi va ishchi guruh rejasini birlashtirib, ishlarni muvofiqlashtirishga kelishib oldi.

Top