14:52 / 01.11.2020
13330

Farg‘ona ahli elektr ta'minotidan norozi: ayrim joylarda soatlab uzilishlar sodir bo‘lmoqda

Kunlar sovib, qish yaqinlashar ekan odamlarda xavotir uyg‘ona boshlaydi, garchi qishga tayyorgarlikni ertaroq boshlashga ko‘nikib qolishgan esa-da. Tabiiyki, ommaviy axborot vositalariga ham elektr, tabiiy gaz va issiqlik ta'minoti mavzusida murojaatlar ko‘payadi.

Kun.uz’ga bu borada kelayotgan murojaatlarda ayniqsa, Farg‘ona viloyati yetakchi. Farg‘onaliklar o‘z murojaatlarida hali qish kirib kelmasidan viloyatning ayrim tumanlarida elektr energiyasidagi uzilishlar ko‘p kuzatilayotganidan noroziliklarini bildirishmoqda.

Murojaatlarning ayrimlariga e'tibor qaratamiz. Buvaydalik Salimjon Po‘latov shunday yozadi.

«To‘da qishlog‘imizda «svet» o‘chishi juda ham ko‘payib ketdi. Bir kecha-kunduzda hattoki 6 soatlab o‘chirish holatlari kuzatilmoqda. Holbuki, elektr energiyasi haqini o‘z vaqtida to‘lamoqdamiz. Na ishda, na uyimizda halovat bor. Hali qish kelmasdan shunchalik. Tuman elektr ta'minoti korxonasiga qo‘ng‘iroq qilib sababini so‘rasak, tayinli bir javob aytishmaydi. Mas'ullarga qishga tayyorgarlikni ertaroq boshlashlarini taklif qilaman».

Bog‘dod tumanida ham xuddi shunday holat. «O‘zbekiston» qishloq xo‘jaligi hududida yashovchi murojaatchi Hafizulloh Faxriddinov o‘zi istiqomat qiluvchi Bordon qishlog‘ida ham elektr energiyasida juda ko‘p uzilishlar bo‘layotganligini bildirgan.

O‘zbekiston tumani markazi Yaypan shahri, Xo‘jand ko‘chasida istiqomat qiluvchi fuqaro Muzaffar Akbarov o‘z murojaatida ayni kechki ovqat mahali, shom vaqtida elektr energiyasida soatlab uzilishlar bo‘layotganligini ta'kidlaydi. Mazkur tumanda yashovchi Nazirjon Qo‘chqorovning bildirishicha, kechki mahal 30 daqiqadan, ertasi kuni tushlik vaqtida, indinga esa ertalabda elektr energiyasida uzilishlar sodir bo‘lmoqda. Bir kunda jami 4,5 soat elektr bo‘lmaydi.

Mazkur murojaatlarni real o‘rganish maqsadida saytimizning Telegram’dagi Farg‘ona | Kun.uz kanalida Farg‘ona viloyati aholisi uchun ijtimoiy so‘rovnoma o‘tkazildi. Unda «Siz istiqomat qiladigan hududda elektr energiyasida uzilishlar bo‘lyaptimi?» degan savol bilan kanal obunachilariga murojaat qilindi.

So‘rovnomada ishtirok etgan qariyb 6 mingga yaqin fuqarolarning 76 foizi «ha», 24 foizi esa «yo‘q» degan javobni bergan.

Bu esa Farg‘ona viloyatida elektr energiyasida uzilishlar chindan ham kuzatilayotganini anglatadi. Fuqarolarning e'tirozlari haqli: ayniqsa, kechki vaqtlardagi hech qanday ogohlantirishlarsiz uzilishlardan fuqarolar juda norozi. 

Balki, mas'ullar tomonidan bunga sabab qilib joylarda davom etayotgan kuzgi-qishki tayyorgarliklar ko‘rsatilar. Agar sabab shunda bo‘lsa, unda murojaatchilar taklif kiritganidek kuzgi-qishki tayyorgarliklarni viloyatda ertaroq boshlash kerakdir.

Respublika «Hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati, uning Farg‘ona viloyatidagi filiali buning aniq sababi ochiqlashi kerak. Biz ulardan mavzu yuzasidan munosabat kutib qolamiz.

Fayzullo Sultonov,
Kun.uz muxbiri

Top