22:18 / 02.11.2020
2908

2020 yil boshidan buyon dunyo bo‘yicha 30 nafardan ortiq jurnalist o‘ldirilgan

“Chegarasiz muxbirlar” jurnalistlarga nisbatan bosimlar kuchayganini qayd etgan. 

Foto: DPA

2020 yil boshidan buyon butun dunyo bo‘yicha ommaviy axborot vositalarining 30dan ortiq xodimi o‘ldirilgan. Bu haqda “Chegarasiz muxbirlar” xalqaro nohukumat tashkiloti ma'lum qildi.

2 noyabr – Jurnalistlarga qarshi jinoyatlar jazosiz qolishini to‘xtatish xalqaro kuni munosabati bilan tashkilot BMTda jurnalistlarni himoya qilish bo‘yicha maxsus vakil lavozimini joriy etishga chaqirdi.

“Antoniu Guterrish BMT bosh kotibligining oxirgi yilida vakolatlaridan OAV xodimlarini himoya qilish darajasini oshirish uchun foydalanishi lozim”, – dedi  “Chegarasiz muxbirlar” bosh kotibi Kristof Deluar.

“Chegarasiz muxbirlar” 2020 yilda OAV xodimlari o‘limi soni avvalgi yillardagiga qaraganda kamayishini koronavirus pandemiyasi bilan bog‘lamoqda. Tashkilotning ma'lumotiga ko‘ra, 2019 yilda dunyo bo‘yicha 49 nafar jurnalist halok bo‘lgan. 

Shu bilan birga, “Chegarasiz muxbirlar” jurnalistlarga nisbatan bosimlar kuchayganini qayd etgan. 

Deluarning so‘zlariga ko‘ra, keyingi o‘n yil ichida qariyb 1000ga yaqin jurnalist o‘ldirilgan.

Top