14:34 / 02.11.2020
2265
Agrobank: Xorazmda press-tur uyushtirildi

«Agrobank» ATB tomonidan OAV xodimlari ishtirokida Xorazm viloyatida «Klaster faoliyatida zanjirli mexanizmni ishlab chiqish jarayonlari» mavzusida press-tur tashkil etildi.

Paxtani yetishtirishdan tortib, undan tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan bosqichlarni o‘z ichiga qamrab olgan klaster O‘zbekiston paxtachiligining kelajagi sifatida qaralmoqda. Ayni vaqtda jarayonni yagona texnologik zanjirga birlashtirgan ushbu majmualar sohada innovatsion iqtisodiyotga o‘tishning muhim bosqichi hisoblanadi.

Press-tur ishtirokchilari dastlab, Xonqa tumanidagi «Xorazm Tex» paxta–to‘qimachilik klasteriga tegishli «Davron» fermer xo‘jaligi ish faoliyati bilan tanishishdan boshladi. Ushbu xo‘jalik klaster bilan hamkorlik qilayotgan tumandagi 177 fermer xo‘jaligining biri.

Paxta terimi oxirlab borayotgan, Xorazm viloyati paxta topshirish majburiyatini uddalagan bo‘lsada, dalada hosil mo‘l.

Shundan so‘ng jurnalistlar «Xorazm Tex» paxta tozalash zavodiga tashrif buyurib, paxtani qabul qilish va unga ishlov berish jarayonini ko‘zdan kechirdilar.

Mazkur zavodda 32 ta bont bo‘lib, ularning har birida 500-600 tonna paxta qo‘yilar ekan. 4-5 oy davomida tayyor bo‘lgan paxtalar, qayta ishlash sexiga o‘tkaziladi. Ushbu jarayonlar ham ishtirokchilarning diqqat markazida bo‘ldi.

– Paxta xomashyosini yetishtirish va ip kalava ishlab chiqarish bilan shug‘ullanamiz, – deydi «Xorazm Tex» paxta–to‘qimachilik klasteri rahbari Sarvar Nurmetov. – Eng yaqin moliyaviy hamkorimiz «Agrobank» bo‘lib, 79 milliard 957 million so‘m moliyaviy yordam olganmiz. Shundan 20 milliard 287 million so‘m 2020 yilda terim pullarini tarqatish uchun olingan. Kalava iplarni Turkiya, Xitoy, Rossiya yetkazib beryapmiz. Yaqindan Afg‘oniston va Pokiston bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydik.

Jurnalistlar mazkur korxonaning ishlab chiqarish jarayoni bilan yaqindan tanishdi. Paxta xomashyosini yetishtirish va ip kalava ishlab chiqarish faoliyatlari bilan shug‘ullanuvchi «Xorazm Tex»da 680 nafar ish o‘rni yaratilgan. Ushbu loyihaning umumiy qiymati 22,6 million dollarni tashkil etadi. «Agrobank» aksiyadorlik tijorat bankining moliyaviy ko‘magida klaster korxonasini yanada kengaytirish rejalashtirilgan. Misol uchun, 2021 yilda 20 million pogona metr mato ishlab chiqarish sexi ishga tushadi. 12 million dollarlik ushbu loyihani ham «Agrobank» qo‘llab-quvvatlamoqda. Press-tur davomida «Agrobank» aksiyadorlik tijorat bankining Xonqa tuman filialidagi ish jarayonlari, xizmat ko‘rsatish sifati va boshqalar yaqindan o‘rganildi.

Shuningdek, tadbir ishtirokchilari Xiva tumanidagi Bank xizmatlari filialida ham bo‘lishdi. Aholi gavjum manzilda tashkil etilgan ushbu ixcham bank xizmati 2 ming 700 mijozga ega. Ular orasida «Xiva klaster» ham bor.

– «Agrobank» bizning har bir loyihamizga moliyaviy ko‘mak bermoqda, –deydi «Xiva klaster» mas'uliyati cheklangan jamiyati vakili Qahramon Matyoqubov.

– Misol uchun, birgina yog‘- moy ishlab chiqarish loyihasi uchun bankdan bir million yigirma ming dollar moliyaviy yordam oldik. Xitoydan olib kelingan uskunalar 24 soatda 200 tonna chigitni qayta ishlaydi. Shuningdek, kuniga 30 tonna donni qayta ishlash sexida ham qurilish ishlari yakunlanib qoldi. Yil yakuniga qadar har ikki loyiha ishga tushadi va 200 ish o‘rni yaratiladi. 2019 yilda tashkil etilgan «Xiva klaster»i 107 fermer xo‘jaligi bilan shartnoma tuzib, ularning 18 tonna hosilini qabul qilmoqda. Klasterga joriy yilda «Agrobank» dan paxta xom-ashyosini yetishtirish va yig‘ib olish uchun 45,8 milliard so‘m moliyaviy yordam oldik. Uning 37 milliard so‘mi fermerlarga imtiyozli tarzda berilgan bo‘lsa, qolgani terim puli sifatida to‘landi. 

Darhaqiqat, klaster tizimida xomashyo yetishtiruvchidan boshlab, uni qayta ishlovchigacha hamma mahsulot sifatiga birdek javobgar bo‘lar ekan. Chunki, yakuniy jarayonda tovarni sotishdan tushgan qo‘shimcha qiymatning bir qismi shu ishga hissa qo‘shgan mehnatkashlarga taqsimlanadi. Qolaversa, ishlab chiqarish jarayonida yangi ish o‘rinlari paydo bo‘ladi. Shuningdek, ular o‘zlari ishlab chiqargan mahsulotlardan erkin foydalanadi, narxni, sotish hajmini ham mustaqil belgilaydi.

«Agrobank» ATB Matbuot xizmati

Top