23:23 / 02.11.2020
2387
Apple uchinchi kuzgi taqdimotini o‘tkazishini e'lon qildi

Apple kompaniyasi 2020 yil kuzidagi uchinchi taqdimotiga taklifnomalarni tarqata boshladi. Ma'lumotlarga ko‘ra, kompaniyaning yangi taqdimoti 10 noyabrda onlayn formatda bo‘lib o‘tadi.    

Foto: Getty Images

Bloomberg axborot agentligining manbalarga tayanib xabar berishicha, kompaniya uchinchi taqdimotida o‘zi ishlab chiqqan arm-protsessorlarida ishlovchi yangi Mac noutbuklarini namoyish qiladi. Noutbuklar kompaniyaning to‘liq o‘zi ishlab chiqqan protsessoriga asoslangan birinchi qurilmalari bo‘ladi. Ma'lum qilinishicha, bunday birinchi qurilma 13 dyuymli MacBook Pro bo‘ladi. 

Apple kuzgi taqdimotlarida o‘zining eng muhim mahsulotlarini taqdim qiladi. 2020 yildagi kuzgi taqdimot pandemiya sababli bir necha bosqichga bo‘lindi va onlayn formatga o‘tkazildi. 

Apple sentyabrda o‘tgan birinchi taqdimotida Apple Watch Series 6, SE aqlli soatlari, iPad va iPad Air planshetlarini namoyish qilgandi. Oktyabrda o‘tgan ikkinchi taqdimot esa to‘liq iPhone smartfonlariga bag‘ishlangandi. Kompaniya unda 4 ta yangi smartfoni: 12 mini, 12, 12 Pro va 12 Pro Max’ni namoyish qilgan.

Top