12:31 / 02.11.2020
1649
FAOning Yevropa mintaqaviy anjumani ilk bor O‘zbekiston raisligida o‘tmoqda

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, BMTning oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha tashkiloti - FAOning ikki yilda bir marta o‘tkaziladigan Yevropa mintaqaviy anjumani ilk bor O‘zbekiston raisligida o‘tmoqda.

Foto: KUN.UZ

Covid-19 pandemiyasi bois, shu yilning 5-7 may kunlari Toshkentda o‘tkazilishi rejalashtirilgan anjuman sessiyasi pandemiya tufayli kechiktirilgan edi. Endilikda, anjuman 2-4 noyabr kunlari onlayn shaklda bo‘lib o‘tmoqda. Unga O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xo‘jayev raislik qilmoqda. 

«Ilk marotaba O‘zbekiston mezbonlik qilayotgan FAOning Yevropa mintaqaviy anjumanining o‘ttiz ikkinchi sessiyasi erishilgan natijalarni baholash, yangi muammo va imkoniyatlarni tahlil qilish, hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari va istiqbollarini aniqlashning muhim bosqichidir. Tadbir davomida o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda mintaqaviy oziq-ovqat xavfsizligiga tahdid va muammolarga qarshi samarali kurash uchun eng muhim qarorlar qabul qilinadi», – deya ta'kidladi FAOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari o‘rinbosari Sherzod Umarov anjuman kirish qismida.

BMTning 2021 yilgi oziq-ovqat tizimlari sammiti oldidan Yevropa mintaqaviy anjumani Yevropa va Markaziy Osiyoda barqaror oziq-ovqat tizimlari va sog‘lom ovqatlanish bilan bog‘liq masalalarga e'tibor qaratadi.

«Biz bir necha kun oldin FAOning 75 yilligini nishonladik. Bu har bir insonning to‘yimli oziq-ovqatga bo‘lgan ehtiyojini qondirish va ocharchilikka butunlay barham berish borasidagi majburiyatimizni kuchaytiradi. Yevropa uchun FAO mintaqaviy konferensiyasining 32-sessiyasi ushbu majburiyatlarning haqiqatda amalga oshishini ta'minlash uchun yaxshi imkoniyatdir», – deya o‘z murojaatida qayd etdi FAO Bosh direktori Tsyuy Dun'yuy.

Top