08:16 / 02.11.2020
7729
Ular jinoyat sodir etmasligi mumkin edi. O‘smirlar jinoyati - sabab va yechimlar

YUNISEFning O‘zbekistondagi «Bolalar himoyasi» dasturi o‘smirlar jinoyatini ko‘rib chiqadigan ixtisoslashgan sudlar tashkil qilishni taklif qilmoqda. Ixtisoslashgan sudya va tergovchilarni o‘smirlar psixologiyasi bo‘yicha o‘qitish bolaning yana qaytadan jinoyat ko‘chasiga kirmasligiga yordam berishi mumkin.

Foto: Depositphotos

Ichki ishlar vazirligi taqdim etgan ma'lumotga ko‘ra, voyaga yetmaganlar orasida, afsuski, qotillik, og‘ir tan jarohati yetkazish, nomusga tegish, bosqinchilik, talonchilik, bezorilik, o‘g‘rilik, giyohvand moddalar iste'mol qilish yoki sotish bilan bog‘liq og‘ir jinoyatlar ham uchrab turadi.

Statistikaga ko‘ra, respublikada voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar soni 2018 yilda 938 tani, 2019 yilda 739 tani, 2020 yilning birinchi yarmida 338 tani tashkil etgan.

Xo‘sh, voyaga yetmaganlarning jinoyat sodir etishiga nimalar sabab bo‘lmoqda?

Tahlillarga ko‘ra, qotillik jinoyatlari uchun hukm qilinganlar ko‘p hollarda nosog‘lom muhitda tarbiya topgan bo‘lib chiqadi. Ularning 20 foizga yaqini ota-onasiz, uchdan bir qismi to‘liqsiz oilada (ota yoki onasiz) o‘sgan.

Har beshinchi holatda oilaning to‘liqsizligi ota yoki onaning sudlangani bilan bog‘liq bo‘lmoqda. Ota yoki onaning jinoyat yo‘liga kirishi bolaning ham shu yo‘ldan borishiga turtki bo‘luvchi asosiy omillardan biri sanaladi.

O‘smirlar jinoyatchiligi ko‘pincha oiladagi muhitga bog‘liq bo‘ladi

Psixolog Zebiniso Ahmedova voyaga yetmaganlarni jinoyat qilishga undaydigan omillar haqida gapirar ekan, ular orasida bolaga yetkazilgan ruhiy va jismoniy jarohatni alohida ta'kidlaydi.

«Voyaga yetmaganlar jinoyatlarining aksariyati ularning ota-onadan ajralib chiqish jarayonida sodir bo‘ladi, ya'ni o‘smirlarda mustaqil qaror qabul qilish jarayoni boshlangan davrda. O‘smirning voyaga yetish davri 9-12 yosh va 12-16 yoshga bo‘linadi. Shu vaqtda bolada o‘ziga ishonch va hurmat shakllantirilmasa, uning orzulari ota-ona tomonidan qo‘llab-quvvatlanmasa, u o‘zini hech narsaga qodir emasdek his qila boshlaydi. Natijada bu bola dunyoga nafrat bilan ulg‘ayishi mumkin.

Agar oilada bolaning ehtiyojlari va tashvishlari bilan hech kim qiziqmasa, unga beparvo bo‘lib, fikri e'tiborga olinmasa va unga nisbatan zo‘ravonlik ishlatilsa, u o‘z shaxsini buzg‘unchilik va jinoyat sodir etish orqali ko‘rsatishga harakat qiladi. Xullas, bolaga ruhiy va tan jarohati yetkazilsa, u boshqalarga nisbatan shunday harakat qilishdan qo‘rqmay qo‘yadi.

Ba'zan bir sinfdan oliygohlarga juda kamchilik o‘qishga kiradi. Qolganlarida esa jamiyatga kerak ekanliklari to‘g‘risida shubha paydo bo‘lishi mumkin. Keyin ular mardikorlik yoki shunga o‘xshash mayda ishlarga o‘zini uradi. Buning oldini olish uchun ota-ona farzandini ilm olishga rag‘batlantirishi, o‘qishi uchun zarur sharoitni yaratib berishi kerak.

Shuningdek, ota-ona bilan ishlash, ularga bola parvarishi va tarbiyasini o‘rgatish juda muhim. Chunki o‘smirlar jinoyatchiligi ko‘pincha uydagi muhit bilan bog‘liq bo‘ladi», – deydi ruhshunos.

Insonda o‘z xatti-harakati oqibatini anglash 25 yoshdan keyin to‘liq shakllanadi

Voyaga yetmaganlar orasida huquqbuzarlikni bartaraf etish bo‘yicha dasturiy prinsiplarga ko‘ra, o‘smir bolalar tarbiyasi va himoyasi bilan nafaqat huquqni muhofaza qilish organlari, balki oila, ijtimoiy institutlar, maktab, mahalla va yoshlar tashkilotlari ham shug‘ullanishi kerak.

Xalqaro tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, bolada o‘z xatti-harakati oqibatini bilish 25 yoshdan keyin to‘liq rivojlanadi. Jinoyat sodir etgan o‘smirlarning 80 foizida ular ulg‘aygach ijobiy xarakter shakllanib, jinoyat yo‘lini tark etishgan.

YUNISEF yangi yondashuvni taklif etmoqda

Bosh prokuratura va uning huzuridagi akademiya YUNISEF ko‘magida mahalliy hokimliklar bilan birga jinoyat sodir etgan bolalar bilan alohida yondashuv asosida ishlash loyihasini amalga oshirmoqda. Unda turli tashkilotlar vakillaridan iborat 10 nafar professionallar jamoasi faoliyat olib bormoqda. Ular qatoriga Voyaga yetmaganlar ishlari bo‘yicha idoralararo komissiya kotibi, koordinator, ijtimoiy xodimlar, mutaxassislar, o‘qituvchilar, fasilitatorlar, shuningdek, Yoshlar ittifoqi va mahalla fuqarolar yig‘inlari vakillari kiritilgan.

Loyiha doirasida uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar (o‘g‘rilik, bezorilik, tan jarohati yetkazish, talonchilik) sodir etgan 14–18 yoshli bolalar hamda ma'muriy huquqbuzarliklar (yengil tan jarohati, mayda bezorilik, mayda o‘g‘rilik) sodir etgan 16–18 yoshli bolalar komissiya tasarrufiga yuboriladi. So‘ngra jamoa a'zolari bolalar va ularning oilalari ehtiyojlarini aniqlaydilar, o‘smirlarning huquqbuzarlik xulqini o‘zgartirish uchun individual chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqib, uni amalga oshiradilar.

«Asosiy shart – bola o‘z xatosini tushunib yetishi»

Loyiha doirasida ish olib borayotgan ijtimoiy xodim Madina Gobozova bu faoliyatning ijobiy jihatlariga to‘xtaldi.

«Ushbu yangi yondashuv sababli bolalarga nisbatan munosabat umuman boshqacha bo‘ladi. Asosiy shartlardan biri bolaning o‘z xatosini tushunib yetishi va uni tuzatishga rozi bo‘lishidir. Keyin bolaning o‘zi bilan birgalikda reja ishlab chiqib, uni amalga oshirishga oila a'zolarini ham jalb qilamiz» – deydi Madina Gobozova.

«O‘smir bilan ishlovchi tergovchi va sudyalar o‘smir psixologiyasini bilishi kerak»

Advokat Abdumalik Abdullayev voyaga yetmaganlar uchun alohida sud tashkil qilinishi talablari qanday bo‘lishini izohladi.

«Voyaga yetmaganlar uchun alohida sud tizimi bo‘lishi kerak deb hisoblayman. Bunda sudya, tergovchi va advokatdan bolalar bilan ishlash borasida tegishli bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi talab qilinadi.

Voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan barcha jinoyat turlari bilan faqatgina huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari shug‘ullanishi to‘g‘ri emas. Jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasidan kelib chiqib, ma'lum bir toifadagi mutaxassislar ham jalb qilinishi qonunchilikda ma'lum mezonlar bilan belgilab qo‘yilishi kerak.

Voyaga yetmaganlar ishini ko‘rib chiqadigan sudyalarga psixologiya fanini o‘rganish talabi qo‘yilishi kerak, deb hisoblayman. Hozirda voyaga yetmagan shaxs ishini ko‘rib chiqadigan sudyalar o‘smirlar bilan muloqot qilishga tayyor emas. Ular psixologik testlardan o‘tganlaridan keyin voyaga yetmaganlarning ishi bilan shug‘ullanishi mumkin, deb o‘ylayman» – deya o‘smirlar sudi tashkil etilishining muhimligini asosladi advokat.

Xulosa

O‘smirlar psixologiyasi juda nozik bo‘lib, bu yoshdagi arzimagan harakat ham ularning kim bo‘lib ulg‘ayishiga ta'sir qiladi. O‘smirlar orasida jinoyatchilikning ko‘paymasligi uchun oiladagi muhitni yaxshilash, ota-onalarning savodxon bo‘lishi juda muhim.

YUNISEFning O‘zbekistondagi «Bolalar himoyasi» dasturi taklifiga ko‘ra, o‘smirlar jinoyatini ko‘rib chiqadigan sud tashkil qilinishi ularning qayta jinoyat qilmasligi, o‘z xulq-atvorini yaxshi tomonga o‘zgartirishga yordam berishi mumkin. Chunki o‘smirlar sudida o‘smir psixologiyasini o‘rgangan mutaxassislar ishlashi bu ishni yengillashtiradi.

O‘zbekistonda o‘smirlar jinoyati ko‘rib chiqilayotgan sud jarayonlarida tergovchi, sudya, advokatlarning o‘smirlar psixologiyasini o‘rganishiga ehtiyoj sezilmoqda. Bunday sud tashkil qilinmasa ham, ular bilan ishlaydigan tergovchi, sudya va advokatlarni o‘smirlar psixologiyasiga ixtisoslashtirish yaxshi samara beradi. Chunki sudlanganligi rasmiy ravishda qayd etilgan voyaga yetmaganlar ko‘pincha kamsitish va jinoyatchi sifatida tamg‘alanish holatlariga duch keladi.

Jinoyatning xavflilik darajasiga qarab o‘smirlar bilan sudlar emas, balki ularga o‘zining xulq-atvorini tuzatishiga imkon beradigan ijtimoiy guruhlar ishlashi ularni jinoyatchilik yo‘lidan qutqarib qolishi mumkin.

Zuhra Abduhalimova,
Kun.uz muxbiri

Top