11:03 / 03.11.2020
21827

AQSh-2020: Kimda qanday imkoniyat?

Amerika Qo‘shma Shtatlari prezidentligi saylovi hal qiluv pallasiga yaqinlashdi. Yaqin vaqtlar ichida saylov uchastkalarida ovoz berish jarayoni boshlanadi. Saylov kuni arafasida tahlilchilarning aksari Jo Bayden Trampni ortda qoldirib, AQShning yangi prezidenti bo‘lishini taxmin qilishmoqda.

Garchi demokratik partiya vakili yaqin vaqtgacha Trampni katta ustunlik bilan ortda qoldirib kelgan bo‘lsa ham, so‘nggi pallalarga kelib oradagi farq kamaydi. Shunday bo‘lsa ham bugun ko‘pchilik Jo Bayden g‘alaba qozonadi deb ishonmoqda. Shu bilan birga, hatto Demokratik partiyani qo‘llaydigan nashrlar ham Trampda g‘alaba qozonish uchun imkoniyat borligini yozmoqda.

AQShning 50ta shtati prezidentlik saylovida uchga bo‘linadi. Bir qismi demokratik partiyani qo‘llasa, yana bir qismi respublikachilar partiyasi vakili taraf bo‘ladi. Uchinchi qism esa har ikki partiyaga ham xayrixoh bo‘lmasdan, kim saylovoldi poygasida yaxshiroq qatnashsa va real va'dalar bersa, o‘shani qo‘llaydi. Aksariyat hollarda AQShda kim prezident bo‘lishi ana shu betaraf shtatlarning ovoziga bog‘liq bo‘ladi.

Saylovlar boshlangunga qadar nomzodlarning har biri o‘zini qo‘llaydigan shtatlarni aniq biladi. Masalan, Kaliforniya har doim demokratik partiya vakillarini qo‘llab kelgan va bu shtatda Baydenning g‘alaba qozonishi kunday ravshan. Alabama esa har doim respublikachilar partiyasiga ovoz bergan. Shu sababli bu shtatda Tramp g‘alaba qozonishiga hech kim shubha bildirmaydi.

Agar demokratlar va respublikachilar partiyasining nomzodlarini qo‘llaydiganlarning aniq hisob-kitobi qilinsa va betaraf shtatlar chiqarib tashlansa, u holda saylovlarda Bayden 183:113 hisobi bilan g‘alaba qozonadi.

Keyin ikki nomzoddan biri favorit bo‘lishi mumkin bo‘lgan shtatlar bor. Bunday shtatlarda kutilmagan natijalar ham ro‘y berishi mumkin. Ammo buning ehtimoli juda past.

Jo Bayden bunday shtatlardan Nyu-Mexiko (13 foiz), Men va Virjiniya (12 foiz), Kolorado (11 foiz), Nyu-Hempshir (10 foizdan) da ustunlikka ega. Bu unga yana 33 delegat ovozini beradi. Tramp esa Alyaska, Janubiy Karolinada (har birida 9 foizdan) va Montanada (8 foiz) favorit bo‘lib ko‘rindi. Bu unga yana 15ta ovoz taqdim etadi.

G‘olib yoki favorit aniq bo‘lgan shtatlar hisoblangandan so‘ng, taxminiy hisob Bayden foydasiga 216-128 bo‘ladi. Bu bir qarashda, Tramp uchun umidsiz vaziyatga o‘xshab ko‘rinadi. Biroq bu biroz chalg‘ituvchi holat hisoblanadi. Bunga sabab shuki, bir qancha shtatlarda qog‘ozda kurash qizg‘in ketayotganga o‘xshasa ham, aslida ularda respublikachi nomzodning g‘alaba qozonish ehtimoli yuqori.

Ushbu shtatlarning eng yirigi Texas bo‘lib, u AQShdagi saylovchilar soni bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turadi (38 ovoz). So‘rovlarga ko‘ra, Tramp ushbu shtatda 4 foiz bilan yetakchilik qilmoqda, ammo dastlabki ovoz berish chalg‘ituvchi bo‘lishi ham mumkin. U yerda rekord ko‘rsatkich qayd etildi, muddatidan oldin ovoz berganlarning 53 foizi respublikachilarga ovoz bergan, 36 foizi demokratlarga. Bunday holatda Tramp Texasda g‘alaba qozonishi va vaziyatni o‘nglashi mumkin.

An'anaviy ravishda betaraf bo‘lgan shtatlardan Ayova (6 ovoz) va Ohayo (18 ovoz) ham Trampga ovoz berishi ehtimoli katta. So‘rovlarga ko‘ra, Tramp Ayovada 2 foiz, Ohayoda 1 foiz ustunlik bilan yetakchilik qilmoqda.

Ammo dastlabki ovoz berish natijalari ushbu shtatlarda turlicha bo‘lganini inobatga olsak, vaziyat yana o‘zgarishi mumkin. Ohayoda muddatidan oldin ovoz berish natijalariga ko‘ra, respublikachilar 49 foiz, demokratlar 38 foiz ovoz olgan. Ayovada esa aksincha, dastlabki ovoz berishga ko‘ra, demokratlar vakili yetakchilik qilmoqda (46 foiz 33 foizga qarshi), ammo har ikki shtatda ham natija saylov kuni aniq bo‘lishi aytilmoqda. Konservativ elektorat shu kuni to‘g‘ridan to‘g‘ri ovoz berishi kutilmoqda.

Agar ushbu shtatlarda Tramp g‘alaba qozonsa, unda hisob 216-190 ko‘rinishida o‘zgaradi. Ana shundan so‘ng qizg‘in kurash boshlanadi va saylov natijalarini qolgan 9ta betaraf shtat hal qiladi. Bu shtatlarda Tramp ham, Bayden ham g‘alaba qozonishi mumkin.

O‘z navbatida, shu 9 shtat ham uch toifaga bo‘linadi.

Birinchi toifa – oq tanli aholi kam bo‘lgan janubiy shtatlar. Bularga Jorjiya (16 ovoz), Florida (29 ovoz), Arizona (11 ovoz) va Nevada (6 ovoz) kiradi. Trampning eng yaxshi imkoniyatlari Jorjiyada bo‘lib, u yerda respublikachilar vakili 51 foiz, demokratlar vakili esa 42 foiz ovoz olishi taxmin qilinmoqda.

Florida va Arizonada saylov uchastkalarida ovoz berishning dastlabki ma'lumotlarida taxminiy tenglik ketyapti. Agar saylov kunidagi faollik oshsa, unda bu shtatlarda ham Tramp g‘alaba qozonishi mumkin.

Nevadada vaziyat biroz murakkab – bu shtat an'anaviy ravishda demokratlarni qo‘llashi bilan tanilgan. Bundan tashqari, oldindan ovoz berish natijalariga ko‘ra, Bayden 5 foiz ovoz bilan 3 foiz ovoz olgan Trampni ortda qoldirmoqda. Katta ehtimol bilan ushbu shtatda demokratlar vakili g‘alaba qozonadi.

Betaraf shtatlarning ikkinchi guruhi bir paytlar o‘z zavodlari bilan mashhur bo‘lgan, ammo yangi ming yillikda kuchli inqirozga uchragan shimoldagi shtatlar hisoblanadi. Ushbu shtatlarga Michigan (16 ovoz), Viskonsin, Minnesota (har biri 10 ovoz) va Pensilvaniya kiradi.

Bu shtatlar bo‘yicha bir narsa deyish qiyin. Ularda o‘tkazilgan so‘rovnomalar Baydenning 7-8 foiz ustunligini ko‘rsatmoqda. Biroq hal qiluvchi ovoz respublikachilar partiyasida qoladi. Hozircha Tramp Michigan shtatida 3 foiz, Viskonsin shtatida – 8 foiz ovoz olyapti. Faqat Minnesota shtatida demokratlar partiyasini yaxshiroq qo‘llashmoqda (15 foiz). Katta ehtimol bilan, Minnesota Bayden uchun ovoz beradi, ammo Michigan va Viskonsin Trampning g‘alabasida hal qiluvchi rol o‘ynashi mumkin.

So‘nggi ikki shtat – ovozlarni oldindan aytib bo‘lmaydigan shtatlar hisoblanadi. Demokratlar 6-12 noyabr kunlari oralig‘ida pochta orqali kelgan ovozlarni hisoblash huquqiga ega bo‘lishdi. U yerdagi hisob-kitoblarda katta o‘zgarishlar taxmin qilinmoqda, ikki tomon ham oldindan bir-birini ovozlarni soxtalashtirishda ayblay boshladi. Ushbu shtatlardan Pensilvaniya 20 ovoz va Shimoliy Karolina 15 ovozga ega.

Shimoliy Karolina ancha raqobatbardosh shtat hisoblanadi. Birinchidan, bu shtatda muddatidan oldin ovoz berishda kutilmagan natijalar qayd etilmaydi. Ikkinchidan, u yerda ovoz berish jarayoni katta bo‘shliqni keltirib chiqarmaydi. Shimoliy Karolinada demokratlarga 37 foiz,  respublikachilarga 32 foiz ovoz oldindan berib bo‘lingan. Bu shtatdagi ovoz berish jarayonlari Baydenning 2 foizlik ustunligini ko‘rsatmoqda. Jami ovozlar 12 noyabrgacha hisoblanadi. Bu shtatda ham so‘nggi natija qanday bo‘lishini oldindan taxmin qilish qiyin.

Pensilvaniya ham natijani oldindan taxmin qilib bo‘lmaydigan shtatlardan biri hisoblanadi. Ammo hozircha AQSh mustaqilligining beshigi bo‘lgan mazkur shtatda Bayden g‘alaba qozonadiganga o‘xshayapti. Dastlabki ovoz berish natijalariga ko‘ra, saylovchilarning 66 foizi demokratik partiya vakiliga, atigi 23 foizi respublikachilar vakiliga ovoz bergan. O‘tkazilgan so‘rovlar ham bu shtatda Baydenning 5 foizga oldinda ketayotganini ko‘rsatmoqda.

Agar barchasi yuqorida taxmin qilinganday amalga oshsa, Tramp Baydenning 252 ovoziga qarshi zarur bo‘lgan 271 ovozga ega bo‘ladi. Shimoliy Karolinaning qolgan 15ta ovozi uchun bahslar uzoq vaqt davom etadi. Biroq bu hisob-kitobning hammasini Baydenning g‘alabasi bekor qilishi mumkin. Shu sababli, bugun AQShdagi saylovda kim g‘alaba qozonishi mumkinligini taxmin qilib bo‘lmaydi.

Mavzu
AQSh-2020
2020 yilning 3 noyabrida AQShda prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tadi. 3 fevral kuni demokratlar qarorgohida birlamchi saylovlar - kokuslar va praymerizlar boshlangan.
Barchasi
Mavzuga oid
Top