09:32 / 03.11.2020
7292

AQShda prezident saylovlari taqdiri sudda hal bo‘lishi mumkin

AQShda respublikachilar va demokratlar prezident saylovlari natijalari bo‘yicha sudda bahslashish uchun barcha tayyorgarlik choralarini ko‘rib qo‘yishdi. 

Foto: brainerddispatch.com

Associated Press axborot agentligining xabar berishicha, ikkala partiyada prezidentni saylovlar orqali aniqlashning iloji bo‘lmaydigan holat uchun huquqshunoslar jamoasi shay turibdi. Prezident lavozimiga nomzodlardan biri ishonchli g‘alabaga erisha olmasa, ovoz berishdan keyin sudda taftishlar boshlanishi ehtimoli mavjud.

Bu boradagi bahslar joriy yilda pandemiya sababli aksariyat saylovchilar bevosita saylov uchastkalarida emas, balki pochta orqali ovoz bergani borasida yuzaga kelishi mumkin. Bu borada hozirdayoq bahslar bormoqda. Jumladan, Pensilvaniya shtatida pochta orqali berilgan ovozlar saylovlarning asosiy kunigacha hisob-kitob qilinmasligi aytilayotgan bo‘lsa, boshqa shtatlarda esa bu jarayon ovoz berishning ertasi kunidan, ya'ni 4 noyabrdan boshlanishi ta'kidlanmoqda.  

Shimoliy Karolinada esa ikki partiya vakillari orasida pochta orqali berilgan ovozlarni hisoblash uchun alohida kunlar ajratilishi kerakligi yoki yo‘qligi borasida sudda tortishuv bormoqda. Demokratlar alohida kunlar ajratilishini qo‘llab-quvvatlayotgan bir paytda, respublikachilar bunga qarshi chiqmoqda. Hozircha sud pochta orqali berilgan ovozlarni saylovlarning asosiy kunidan keyin 3 kun ichida hisoblab chiqilishiga ruxsat bergan. 

Prezident saylovlari bilan bog‘liq shikoyatlar bo‘yicha tortishuvlar boshqa shtatlarda, jumladan Minnesotaa va Nevadada ham bormoqda. 

AQShda saylovlarning rasmiy kuni – 3 noyabrgacha 94 mlndan ko‘proq kishi ovoz berib bo‘ldi. Ulardan 59 mlndan ko‘prog‘i o‘z ovozlarini pochta orqali jo‘natgan.  

Joriy prezident saylovlari taqdiri sud orqali hal etilishi AQSh uchun birinchisi bo‘lmaydi. Bunday holat 2000 yildagi prezident saylovlarida respublikachi Kichik Jorj Bush va demokrat Albert Gor o‘rtasida yuz bergan. O‘shanda saylovlar uchun hal etuvchi shtat - Floridada berilgan ovozlar orasida farq kichik bo‘lgan va ikki partiya sudga murojaat qilgan. Ko‘p sonli qayta hisoblashlardan keyin AQSh oliy sudi 4 ovozga qarshi 5 ovoz bilan Bushni prezident deb topgan. 

Joriy yilda AQSh prezidenti saylovlarida amaldagi prezident Donald Tramp va sobiq vitse-prezident Jo Bayden kurash olib bormoqda. 

Mavzuga oid
Top