08:03 / 03.11.2020
11915
Avstriya poytaxtida bir vaqtning o‘zida 6ta joyda otishma sodir etildi

Joriy yilning 2 noyabr kuni Avstriya poytaxti Vena shahrining turli qismlarida bir necha kishi odamlarni o‘qqa tutdi. Buning natijasida 2 kishi halok bo‘ldi, 15 kishi yaralandi. Mamlakat rahbariyati otishmalarni terakt deb atadi.   

Foto: Reuters

Noma'lum shaxslar bir vaqtning o‘zida 6ta joyda otishma olib borgan. Jumladan, ular sinagoga, restoran va yahudiylar markaziga hujum qilgan. Otishmalar dastlab shahar markazidagi Shvedenplats maydoni yaqinida joylashgan bosh sinagoga yonida boshlangan. 

Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, hujumlarni sodir etganlar 7 kishi bo‘lgan. Ulardan bir nafari politsiya bilan otishma vaqtida o‘ldirilgan. Qolgan jinoyatchilar qidirilmoqda. Shaharda aksilterrorchilik amaliyoti e'lon qilingan. 

Hujumlar Avstriyada koronavirus tarqalishiga qarshi yangi cheklovlar kiritilishi arafasida sodir etildi.

Avstriya teraktdan keyin qo‘shni davlatlar bilan kelishgan holda o‘z chegaralaridagi nazoratni kuchaytirgan.

OAVda ma'lum qilinishicha, otishma vaqtida bir erkak halok bo‘lgan. Shifoxonada olingan jarohatlardan yana bir ayol hayotdan ko‘z yumgan.

Mamlakat ichki ishlar vaziri Karl Nexammer yuz bergan voqealarni terakt deb atagan.

Avvalroq OAVda hujum vaqtida 7 kishi halok bo‘lgani ma'lum qilingan. Biroq hukumat bu ma'lumotlarni rad etgan va bir erkak halok bo‘lgani, 15 kishi yaralanganini ma'lum qilgan. 

“Jinoyatchilar yaxshi qurollangan va professional tayyorlangan. Bu aniq terakt”, deb ta'kidlab o‘tgan Avstriya kansleri Sebastyan Kurs va poytaxt aholisini uydan chiqmaslikka chaqirgan.

“Politsiya ushbu jirkanch terakt ijrochilariga qarshi qat'iy harakat qiladi. Men politsiyachilarimiz bir jinoyatchini bartaraf etganidan xursandman. Biz terrorchilikka bizni qo‘rqitishga yo‘l qo‘ymaymiz va bunday hujumlarga qarshi bor kuchimiz bilan kurashamiz”, deb qo‘shimcha qilgan Kurs.

Kursning ta'kidlashicha, jinoyatchilarning motivlari hozircha noma'lum. “Terakt yahudiylarga qaratilgan bo‘lishi mumkin, ayniqsa u qayerda boshlangani hisobga olinsa”, deb aytgan Kurs otishmalar sinagoga yonida boshlanganini nazarda tutib.

Ekspertlarning fikricha, Venadagi terakt radikal kuchlarning Avstriya kanslerining so‘nggi xatti-harakatlariga javobi bo‘lishi mumkin. Avvalroq Kurs Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning Fransiya prezidenti Emmanyuel Makron nomiga aytgan so‘zlarini qoralagandi.

Top