15:33 / 03.11.2020
12184
«D»ni «T»ga o‘zgartirib, 78 mln so‘mlik imtiyoz olmoqchi bo‘lganlar fosh bo‘ldi

2018 yilda natriy sulfit moddasi bojxona to‘lovlaridan imtiyoz beriluvchi tovarlar ro‘yxatiga kiritilgan edi, deb xabar beradi Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati. Ma'lum bo‘lishicha, ushbu imtiyoz bahonasida bojxona to‘lovlaridan bo‘yin tovlash holatlari uchramoqda.

Xususan, «Nukus» TIF bojxona postida rasmiylashtirilgan bojxona yuk deklaratsiyalari tekshirilganida, hududda faoliyat yurituvchi tadbirkorlik sub'yektlari nomiga olib kelingan va asli natriy sulfid tovari bo‘lsa ham, natriy sulfit tovariga nisbatan qo‘llaniladigan imtiyozga ega chiqmoqchi bo‘lib, imtiyozli asosda rasmiylashtirish uchun hujjatlarni bojxona organlariga taqdim etilgani aniqlandi.

Aniqlangan mazkur holatda QQSdan qariyb 51 mln so‘m miqdorida qo‘shimcha bojxona to‘lovlari hisoblandi.

Huddi shunday yana bitta holatda, tadbirkorlik sub'yektlaridan biri nomiga olib kelingan va hujjatlarda imtiyozli tovar sifatida ko‘rsatilgan natriy sulfit tovari aslida natriy sulfid ekani aniqlandi va 27 mln so‘m miqdorida qo‘shimcha bojxona to‘lovlari hisoblandi.

Yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona surishtiruvlari davom etmoqda.

Ma'lumot uchun, natriy sulfid oltingugurt bo‘yoqlarini ishlab chiqarishda, teri mahsulotidan junli qatlamni ajratib olishda hamda suvni kimyoviy tozalashda ishlatiladi. Natriy sulfit esa fotografiyada, mato va tola ishlab chiqarishda, rangli metallarga ishlov berishda hamda chiqindi suvlarni zararsizlantirishda qo‘llaniladi.

Top