19:31 / 03.11.2020
6838

«O‘zbekneftgaz»: Bosh vazir o‘rinbosari boshchiligidagi ishchi guruh Buxoroda neft-gaz va geologiya masalalarini o‘rgandi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Energetika vazirligi, Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi, Moliya vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, «O‘zbekneftgaz» AJ rahbarlaridan iborat tarkibda tuzilgan ishchi guruh bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov boshchiligida 2 noyabr kuni Buxoro viloyatiga tashrif buyurdi.

 

22 oktabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida sanoat tarmoqlarida ishlab chiqarishning 9 oylik ko‘rsatkichlari hamda yil yakuniga qadar amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar tahliliga bag‘ishlangan yig‘ilishda, uglevodorodlarni qazib olish va zaxirasini kengaytirish, yil yakuniga qadar maqsadli ko‘rsatkichlarga erishish hamda kelgusi yilda uglevodorodlarni qazib chiqarish hajmlarini oshirishga zamin yaratish uchun qilinadigan ishlarni tanqidiy ko‘rib chiqish vazifasi topshirilgan edi.

Davlat rahbari tomonidan berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida ishchi guruh a’zolari Buxoro viloyatidagi Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida bo‘ldi.

Tashrif chog‘ida geologiya qidiruv ishlarini olib borish, uglevodorodlar qazib chiqarish, texnologik obektlarni ishga tushirish, korxonaning ishlab chiqarish va iqtisodiy-moliyaviy holati, 2020 yilda kutilayotgan ko‘rsatkichlari va 2021 yil vazifalari, jamiyatni transformatsiya qilish masalalari muhokama qilindi.

Ta’kidlandiki, aksariyat gaz konlarining uzoq yillardan beri ishlatib kelinishi oqibatida qatlam bosimining tabiiy tushishi, yangi ochilayotgan konlar zaxirasining kamligi sababli qazib chiqarish hajmlari kamayib bormoqda edi.

Jumladan, 2017 yilda 39,3 mlrd kub metrdan 2019 yilda 33,5 mlrd kub metrgacha kamaygan. Joriy yilning o‘tgan 9 oyi yakunida tushish dinamikasi to‘xtatildi va o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 24,6 mln kub metr ko‘proq gaz qazib chiqarishga erishildi.

Yil yakuni bilan 34,0 mlrd kub metr tabiiy gaz yoki o‘tgan yilga nisbatan 500 mln kub metrga ko‘p qazib chiqarish kutilmoqda.

Ushbu ko‘rsatkichlarni bajarish maqsadida yil oxiriga qadar yana 62 ta yangi quduq (jami 134 ta) burg‘ilanadi, 84 ta quduq (jami 549 ta) mukammal va joriy ta’mirlanadi, 16 ta texnologik obekt (jami 44 ta) quriladi, modernizatsiya va rekonstruksiya qilinadi.

2021 yilda 34,4 mlrd kub metr gaz qazib chiqarish rejalashtirilmoqda. Buning uchun 180 ta yangi quduq burg‘ilanadi, 600 ta quduq mukammal va joriy ta’mirlanadi, 40 ta texnologik obekt quriladi, modernizatsiya va rekonstruksiya qilinadi.

Muhokama chog‘ida geologiya qidiruv ishlarini jadallashtirish, har yilgi qazib chiqarish hajmiga mutanosib ravishda ishlarni amalga oshirish lozimligi ta’kidlandi.

Agarda joriy yil oxiriga qadar tabiiy gaz zaxirasini 20 mlrd kub metrga (qo‘shimcha 2 mlrd) o‘stirish kutilayotgan bo‘lsa, 2021 yilda geologik qidiruv ishlariga jamiyat mablag‘lari hisobidan 1,2 trln so‘mdan ortiq mablag‘ ajratish orqali tabiiy gaz zaxirasini 35 mlrd kub metrga o‘stirish rejalashtirilmoqda.

Jamiyatni transformatsiya va operatsion samaradorlikni oshirish borasida «DeGoler & MacNaughton» tomonidan uglevodorodlar zaxirasi bo‘yicha hisobot tayyorlandi, «KPMG» tomonidan uzoq muddatli aktivlarning haqqoniy bozor qiymati bo‘yicha hisoboti tayyorlandi, korporativ boshqaruv standartlarini xalqaro amaliyotga muvofiqlashtirish ishlari olib borilmoqda, antikorrupsion komplayens va moliyaviy nazorat joriy qilindi.

«O‘zbekneftgaz» AJ tarixida ilk marta «Ernst & Young» xalqaro auditorlik kompaniyasi jamiyatning 2016–2017 yillar uchun moliyaviy hisobotning xalqaro standartlari (MSFO) auditini nihoyasiga yetkazdi, joriy yilning noyabr–dekabr oyida jamiyatning 2018–2019 yillar uchun MSFO auditini yakunlash rejalashtirilmoqda.

«O‘zbekneftgaz» AJ korporativ kredit reytingini olish maqsadida «Fitch», «Moody’s», «Standard & Poor's» xalqaro reyting agentliklari hamda bir qator investitsion banklar bilan hamkorlikda ish olib bormoqda.

Ishchi guruh yuqorida muhokama qilingan yo‘nalishlarni yanada batafsil o‘rganib, jamiyatni yanada rivojlantirish bo‘yicha o‘zining takliflarini ishlab chiqadi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati Ⓣ

 

 
Mavzuga oid
Top