22:35 / 03.11.2020
24366
Prezidentlik saylovlari: Bayden va Trampning so‘nggi jangi

Butun mamlakat bo‘ylab millionlab amerikaliklar keyingi to‘rt yil mobaynida Oq uyning egasi kim bo‘lishini aniqlab berish uchun ovoz berish uchastkalariga kelishmoqda - amaldagi prezident, respublikachi Donald Trampga qarshi demokratlar nomzodi Jo Bayden raqobat qilmoqda.

Foto: Getty Images

Koronavirus tahdidiga qaramay, dunyoda ushbu kasallikdan eng ko‘p jabr ko‘rgan AQShda saylov uchastkalari oldida uzun navbatlar hosil bo‘ldi. Qariyb 100 mln amerikalik pochta orqali hamda ayrim shtatlarda ochilgan uchastkalarda muddatidan oldin ovoz berishga ulgurgan. Bu esa saylash huquqiga ega fuqarolarning deyarli 40 foiziga yoki 2016 yildagi saylovda qatnashganlarning 72 foiziga teng hisoblanadi.

AQSh uchun bu qadar faollik bemisl hisoblanadi. Amerikaliklar uchun bu saylov natijasi ular qaysi partiyani qo‘llab-quvvatlashlaridan qat'i nazar muhimdir, mamlakat o‘z tarixida ilk marta ham tashqi, ham ichki siyosatda bu qadar qutblashdi.

AQSh - dunyoda pandemiyadan eng ko‘p jabr ko‘rgan mamlakat bo‘lib turibdi: kasallanganlarning 231 mingdan ortig‘i vafot etgan, millionlab kishilar ishsiz qolgan. Bundan tashqari, yozda mamlakatni Black Lives Matter harakati vakillari ishtirokidagi ommaviy namoyishlar qamrab oldi, bu aksiyalar tartibsizliklar va jamiyat bo‘linishiga olib keldi.

Nyu-Yorkdagi binolarning oynalari ehtimoliy tartibsizliklarga tayyorgarlik sifatida yog‘och bilan yopilmoqda

Umummilliy saylov kuni arafasida AQSh shaharlarida tadbirkorlar o‘z restoranlari, ofislari va do‘konlarini faner qoplamalar bilan o‘rab olishdi - ular saylov natijalari e'lon qilingach ommaviy tartibsizliklar boshlanib ketishidan xavfsirashmoqda.

Tramp va Bayden nimalar deyishdi?
Saylov kunida ham nomzodlar tashviqot kampaniyasini to‘xtatishmadi.

Seshanba tongida Donald Tramp Fox telekompaniyasi efirida turib, uning mitinglarida ishtirok etgan ko‘plab amerikaliklar unda g‘alaba uchun umid uyg‘otganini aytib o‘tdi. «Biz shuncha odam yig‘dik, shunchalik ko‘pki, hali hech kim buncha yig‘a olmagan. O‘ylaymanki, bu saylovchilarning ovozi degani», dedi prezident.

O‘z navbatida Jo Bayden Pensilvaniya shtatidagi o‘zi tug‘ilib o‘sgan shahar Skrantonga keldi. «Men uyga kelganimdan xursandman!», dedi demokratlar nomzodi. U konchilar shaharchasi bilan bog‘liq xotiralarini yodga oldi. U bolaligi kechgan bu shahardan yoshligidayoq ketgan, ammo ko‘p marta qaytgan, hatto nikoh marosimini shu shaharchada o‘tkazgan. «Biz mamlakatimizning asosiy tayanchini tiklashimiz kerak. Bu mamlakatni Uoll-stritdagilar emas, o‘rta sinf vakillari qurishgan», dedi u.

Stavkalar har qachongidan yuqori
Bu saylovlar bukmeykerlik firmalarini ham faollashtirdi. Jo Bayden g‘alabasi uchun 1 mlrd. dollar tikilgan, bu esa saylovlar bo‘yicha mutlaq rekord hisoblanadi.

Ladbrokes Coral Group firmasining siyosiy stavkalar bo‘limi rahbari Metyu Sheddikning so‘zlariga ko‘ra, butun dunyo bo‘ylab 1 mlrd. funt sterling miqdorida stavkalar qo‘yilishi kutilmoqda. Dushanba kuni kechqurun o‘n minglab kishilar bukmekerlik idoralariga chopishgan.

Umummilliy so‘rovlarga ko‘ra, ayni vaqtda demokratlar nomzodi Jo Bayden Donald Trampni 10 punktga ortda qoldirmoqda. Bayden o‘z kampaniyasiga rekord darajada - 1 mlrd dollar sarfladi.

Ammo saylov natijalari poyga ancha qizg‘in kechgan va ayrim holatlarda Trampning ustunligi kuzatilgan muhim shtatlarda hal bo‘lishi mumkin.

Amerika saylov tizimida so‘nggi so‘zni saylovchilar hay'ati aytishadi - har bir shtat saylovchilari soniga mos ravishda hay'atga o‘z delegatlarini yuboradi.

Bunday delegatlarning jami soni 538 nafar, shundan kelib chiqqan holda biror nomzod g‘alabasi uchun 270 ovoz kerak bo‘ladi. Agar ovozlar soni teng bo‘lsa (269tadan), saylov taqdiri Senatning maxsus komissiyasi tomonidan hal etiladi.

Oy uy atrofida xavfsizlikni ta'minlash choralari kuchaytirilgan

AQShning yangi tarixida umummilliy ovoz berish natijalari delegatlar qaroriga mos kelmagan ikki holat qayd etilgan. Bunday holat davlat tarixida jami 5 marta kuzatilgan, shundan uchtasi XIX asrda.

2000 yilda demokrat Albert Gorni amerikaliklarning ko‘pchiligi qo‘llab-quvvatlagan, ammo prezidentlikka respublikachi kichik Jorj Bush saylangan. O‘shanda saylov natijasini Florida shtati delegatlari hal qilishgandi.

Xuddi shu kabi holat 2016 yilda ham ro‘y berdi, Donald Tramp Hillari Klintondan ko‘ra 3 million kam ovoz yig‘di, ammo uni 306 delegat qo‘lladi (raqibini 232) va u prezident bo‘ldi.

Yakuniy tezlik olish
O‘tgan safargi saylovlar vaqtida 70 yoshda bo‘lgan Donald Tramp 69 yoshida hokimiyatga kelgan Ronald Reyganning rekordini yangilagan holda AQSh tarixida saylovlarda g‘olib chiqqan eng keksa prezidentga aylangandi. Bu safar esa 77 yoshli Jo Bayden ularning ikkisidan ham o‘zib ketishi mumkin.

Donald Tramp so‘nggi kunni oyoqda o‘tkazdi va bir kunda to‘rt shtatda bo‘ldi

Hozirda Tramp 74 yoshda, u so‘nggi kunda to‘rt shtatda saylovchilar bilan besh uchrashuv o‘tkazdi. U seshanbaga o‘tar kechasi Vashingtonga qaytdi va saylov kunining asosiy qismini Oq uyda o‘tkazadi. Saylovdan keyin ovozlar hisoblanadigan oqshomda Oq uyga 400 mehmon taklif etilgan, ularning barchasi Covid-19’ni aniqlash uchun test topshirgan.

77 yoshli Bayden dushanbani Ohayoda va o‘zi tug‘ilib o‘sgan Pensilvaniyada o‘tkazdi - bu ikki shtat ham saylov kunidagi muhim shtatlardan hisoblanadi.

Saylov kunini u Pensilvaniyadagi Skranton shaharchasida o‘tkazadi, uning bolaligi ham shu yerda o‘tgan. Ovozlarni hisoblash boshlangach esa u Filadelfiya markazida joylashgan shtabiga yo‘l oladi.

Ehtimoliy natijalar
BBC’ning Shimoliy Amerika bo‘yicha bo‘limi muharriri Jon Sopel prezidentlik saylovlari yakunlari bo‘yicha bir necha ehtimoliy ssenariylarni ko‘rib chiqqan.

Baydenning oson g‘alabasi. Birinchi ssenariy - eng oddiysi. Ijtimoiy so‘rovlar jamoatchilik kayfiyatini ifoda etishi tabiiy. Bahsli vaziyat yo‘q, qayta hisoblashga ham hojat yo‘q.

Baydenning uzil-kesil g‘alabasi. Demokratlar nomzodi respublikachilar uchun sharmandali natija qayd etib g‘alaba qiladi. Bu Ronald Reyganning Jimmi Karter ustidan 1980 yildagi g‘alabasi va katta Jorj Bushning 1988 yilda Maykl Dukakis ustidan qozongan g‘alabasi bilan tenglashadi.

Trampning shokka tushiruvchi g‘alabasi. 2016 yilda bo‘lgani kabi, saylovoldi so‘rovnomalari o‘zini oqlamaydi va o‘xshashi yo‘q vaziyat yuzaga keladi - qatorasiga ikkinchi safar saylovoldi poygasi favoriti mag‘lub bo‘ladi. Bu ro‘y berishi uchun Tramp Florida va Pensilvaniyada g‘olib chiqishi shart bo‘ladi.

Yana bir ssenariy bor, ammo uning ehtimoli kam: delegatlar hay'ati a'zolarining ovozlari Tramp va Bayden o‘rtasida teng taqsimlanadi - 269tadan. Jon Sopelning qayd etishicha, saylovlar tarixida hali bunaqasi bo‘lmagan.

«Ammo bu 2020 yil, shuning uchun barchasini kutish mumkin», dedi tahlilchi.

Mavzu
AQSh-2020
2020 yilning 3 noyabrida AQShda prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tadi. 3 fevral kuni demokratlar qarorgohida birlamchi saylovlar - kokuslar va praymerizlar boshlangan.
Barchasi
Top