21:58 / 03.11.2020
17817
Sud-lingvistik ekspertizasi Do‘sovni XTV rahbarlari obro‘siga putur yetkazgan deb topdi

3 noyabr kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha Chirchiq tumanlararo sudida sobiq deputat Qobil Do‘sov ustidan Xalq ta'limi vazirligi kiritgan shikoyat bo‘yicha navbatdagi sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Nizo kelib chiqishiga shu yilning 24 iyunida Qobil Do‘sov YouTube'dagi sahifasida xalq ta'limi tizimini tanqid qilishi, xususan tizim vakillarini xoinlar deb atashi sabab bo‘lgandi.

Avvalgi sud majlisida prokuror suddan javobgarning videomurojaatda aytgan gaplari bo‘yicha sud-lingvistik ekspertizasi tayinlashni so‘ragan edi. Sud ekspertiza o‘tkazishni Chirchiq davlat pedagogika instituti zimmasiga yuklash to‘g‘risida ajrim chiqargandi.

3 noyabrdagi sud majlisida ekspertiza xulosasi ma'lum qilindi. Unga ko‘ra, Do‘sovning onlayn chiqishi unda haqoratli so‘zlar ishlatilgani bois yuridik shaxs sifatida XTV rahbariyatining ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi murojaat deb topilgan.

Do‘sov va uning advokati mazkur ekspertlar xulosasidan norozi ekanini bildirib, suddan ekspertiza xulosasi qayta tayinlanishini, ekspertlar guruhi yig‘ilishida ishtirok etgan mutaxassislarni sud zaliga chaqirishni so‘radi. Sud raisi qayta ekspertiza tayinlashni rad etib, ekspertlarni sud majlisiga chaqirish haqidagi iltimosnomani qanoatlantirdi.

Keyingi sud majlisi 12 noyabr kuni bo‘lib o‘tadi.

Qayd etish joiz, sudning bu galgi majlisida Qobil Do‘sov ortidan bir necha tuman deputatlari va turli viloyatlardan bir necha o‘qituvchilar ham ishtirok etdi.

Deputatlar sud jarayoni adolatli o‘tishini, o‘qituvchilar esa o‘zi ishlayotgan ta'lim muassasalarida korrupsiya holatlari borligini va ko‘plab viloyat maktablarining moddiy texnik bazasi yaxshi emasligidan norozi bo‘lib, sudda ishtirok etayotganini ta'kidladi.

Batafsil videoreportajni Kun.uz'ning YouTube'dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.

Top