09:23 / 03.11.2020
9213

Toshkentda 14 nafar qimorboz ushlandi

2020 yilning 26 oktabr kunidan 27 oktabr kuniga o‘tar kechasi 30 yoshli J.P. Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani, Hamid Olimjon ko‘chasida joylashgan ko‘p qavatli uylarning biridagi xonadonni ijaraga olib, ushbu xonadonda qimor o‘yinlarini tashkil qilgani aniqlangan.

IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, u fuqarolar, 33 yoshli Sh.N., 27 yoshli T.A., 21 yoshli Sh.N., 29 yoshli Y.Yo., 36 yoshli X.A., 41 yoshli Sh.M., 44 yoshli I.M., 26 yoshli M.N., 30 yoshli M.N., 32 yoshli A.G‘., 30 yoshli Sh.I., 28 yoshli L.A., 25 yoshli D.R.ga qimor tavakkalchilikka asoslangan kartadan «suvara» o‘yinini o‘ynashiga sharoit yaratib bergan. 

Qayd etilishicha, J.P. har bir o‘yinda g‘alaba qozongan shaxslardan 5 000 so‘mdan 10 000 so‘mgacha bo‘lgan miqdordagi pul mablag‘larini olib, moddiy boylik orttirgan.  

Tergovga qadar tekshiruv jarayonida, 30 yoshli J.P.dan 780 000 so‘m va 200 AQSh dollari miqdoridagi naqd pullar, 6 dona ochilmagan karta hamda 2 dona ochilgan karta ashyoviy dalil tariqasida hujjatlashtirib olingan. 

Mazkur holat yuzasidan Mirzo Ulug‘bek tumani bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan J.P.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 278-moddasi 1-qismi (Qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni tashkil etish hamda o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.      
  
2020 yil 28 oktabr kuni qimor o‘yinlarida ishtirok etgan shaxslarning harakatlarida Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 191-moddasida ko‘rsatilgan huquqbuzarlik alomatlari bo‘lganligi uchun tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib, Ma'muriy ishlar bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudi tomonidan ularning har biriga nisbatan 5 sutkadan qamoq jazosi berilgan.   

Dastlabki tergov jarayonida, J.P. jinoyat ishi bo‘yicha Jinoyat kodeksining 278-moddasi 1-qismi bilan ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilingan hamda unga nisbatan “garov” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. 

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi ma'lumotda. 

Top