15:07 / 03.11.2020
4650

Vazirliklar Namanganda qabul o‘tkazmoqda. Asosiy murojaatlar yo‘l, ko‘mir, sog‘liqni saqlash mavzusida

Joriy yil noyabr oyining dastlabki kunlarida Namangan viloyatining Chust, To‘raqo‘rg‘on, Chortoq va Uchqo‘rg‘on tumanlarida prezident adminstratsiyasi, xalq qabulxonalari boshchiligida yigirmadan ortiq vazirlik va idora rahbarlari ishtirokida sayyor qabullar tashkil etilib, fuqarolarning murojaatlari o‘rganilmoqda.

Foto: Namangan shahar hokimligi axborot xizmati

Dastlab Chustda tashkil etilgan ommaviy qabulda Chust, Pop va Mingbuloq tumanlari fuqarolari tomonidan qo‘yilgan masalalarga yechim izlandi. Chust shahrining Ma'rifat ko‘chasida yashovchi Mirsa'di ota Jalilov mahallasi ichki yo‘lining o‘ydim-chuqur, yozda chang, qishda loy ahvoldaligini bildirdi: «Ayniqsa, bolalarga qiyin, yog‘ingarchilik bo‘lgan kuni loy kechib, maktabga borish muammoga aylanadi. Bu masalada tegishli idoralarga ko‘p bor murojaat qilganimizga qaramay, holat o‘zgarmadi», deydi u murojaatida.

Ushbu masala hududiy yo‘lsozlik korxonasiga yo‘naltirildi va yo‘l yog‘in-sochinli kunlarga qadar ta'mirlanadigan bo‘ldi.

Qabulda shu kabi yo‘llarning nosozligi bilan bog‘liq 7 ta murojaat kelib tushdi. Ulardan ikkitasining tezkor ijrosi ta'minlanib, Chust shahridagi Yangiyo‘l ko‘chasining 600 metrlik qismiga darhol asfalt yotqizildi. Rezaksoy mahallasidagi G‘ova ko‘chasining 1,1 kilometri shag‘allandi.

Foto: Namangan shahar hokimligi axborot xizmati

«O‘zbekko‘mir» aksiyadorlik jamiyatiga qarashli «Ko‘mirta'minot» mas'uliyati cheklangan jamiyati vakillari 40 nafar fuqaroning yoqilg‘i bilan bog‘liq murojaatlarini tinglashdi. 20 nafar murojaatchining talabi shu kuniyoq qondirildi. Ayni jarayonda xayrli ishga qo‘l urilib, bir nafar mehnat faxriysi va bir nafar nogironning uyiga 3 tonna ko‘mir bepul yetkazib berildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi nomidan vazir o‘rinbosari Elmira Bositxonova fuqarolar murojaatlarini tingladi.

Asosan poytaxt va viloyat markazidagi shifoxonalarda davolanish uchun yo‘llanma olish masalasidagi 35 ta murojaatning 19 tasi joyida hal etildi, 18 nafar murojaatchi uchun keyingi kunlarda tajribali mutaxassislar ko‘rigi tashkil etiladigan bo‘ldi. Nogironlar aravachasiga ehtiyojmand ikki nafar murojaatchining talabi ham qondirildi.

Sayyor qabul To‘raqo‘rg‘on tumanida davom ettirildi. Qabulga Kosonsoy, Namangan va To‘raqo‘rg‘on tumanlaridan 200 dan ziyod fuqaro tashrif buyurdi. Ular tomonidan qilingan mehnat va bandlik, huquq idoralari faoliyati, sog‘liqni saqlash, ta'lim, kommunal va uy-joy sohasi bilan bog‘liq masalalarga mutasaddilar yechim izladi.

Foto: Namangan shahar hokimligi axborot xizmati

Bu yerda odamlar ko‘proq turar joy, xususan, yer uchastkasi, biznes yuritish uchun yer olish masalasida qiyinchilikka duch kelayotgani kuzatildi.

Masalan, Namangan tumanining «Ibrat» mahallasida yashovchi Muzaffar Mo‘minov mebelsozlikka asoslangan tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yishni maqsad qilgan. Ishni yuritish uchun esa joy kerak. Uning shu maqsadda sayyor qabulga qilgan murojaati tegishli mutasaddilar oldiga qo‘yildi va murojaatchiga sex uchun yer ajratiladigan bo‘ldi.

To‘raqo‘rg‘onlik Ishoqjon Nishonovning ta'lim sifatini yaxshilash bilan bog‘liq taklifi ham xalq ta'limi vazirligi mutasaddilari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Sayyor qabullar hududlar bo‘ylab davom etmoqda.

Top