22:00 / 03.11.2020
10495
Vena markazidagi hujum: o‘ldirilgan terrorchi muddatidan oldin qamoqdan chiqarib yuborilgan

Avstriya politsiyasi 2 noyabr kuni kechqurun Vena markazida restoranlar mijozlari va o‘tkinchilarga uyushtirilgan qurolli hujumga aloqadorlarni qidirishda davom etmoqda. Shaharda dushanba kuni kechqurun ro‘y bergan otishma vaqtida 4 kishi halok bo‘lib, 17 kishi jarohatlangan, ulardan 7 nafari og‘ir ahvolda qolmoqda.

Foto: Getty Images

Avstriyada politsiya maxsus amaliyot o‘tkazib, hodisaga aloqadorlikda gumon qilinganlarni qo‘lga olish va tintuv ishlari olib borilmoqda. Politsiya guvohlar tomonidan mobil telefonlarga yozib olingan 20dan ortiq videoyozuvni o‘rganmoqda.

Otishma vaqtida bir kishi politsiya tomonidan otib o‘ldirilgan, yana bir kishi hibsga olingan.

Avstriya kansleri Sebastyan Kurs ro‘y bergan hodisani «manfur terrorchilik hujumi» deb atagan, mamlakat ichki ishlar vaziri Karl Nexammer ota-onalardan seshanba kuni farzandlarini maktabga olib bormaslikni so‘ragan.

So‘nggi yillardagi ilk terakt koronavirus tufayli lokdaun joriy etilgan kunlarga to‘g‘ri keldi: 3 noyabrdan barlar va restoranlar yopilgan, mamlakatda kechki soat 20:00dan ertalabki soat 6:00ga qadar komendantlik soati amal qiladi.

Nima bo‘ldi?

Otishma haqidagi ilk xabarlar mahalliy vaqt bilan soat 8da paydo bo‘ldi - guvohlar Shvedenplats maydonidagi sinagog yaqinida o‘q ovozlarini eshitishgani haqida aytishdi. Vena politsiyasi ko‘p o‘tmasdan shaharning olti nuqtasida miltiq bilan qurollangan jinoyatchilar harakatlangani haqida ma'lum qildi, jinoyatchilarning biri o‘ldirilgani (hujumda ishtirok etgani gumonlangan shaxs politsiya tomonidan otib o‘ldirilgan), shuningdek, bir necha kishi, jumladan, bir politsiyachi jarohatlangani tasdiqlandi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoroliklarda odamlar qochib borayotgani, o‘q ovozlari yangrayotganini ko‘rish mumkin.

«Biz xuddi petardalar portlashini eslatadigan ovozlarni eshitdik. Shunday ovozdan 20 yoki 30 marta bo‘ldi, biz bu otishma ekanini angladik. Restoranimiz joylashgan ko‘chada politsiyachilarni ko‘rdik. Tez yordam mashinalari ham to‘plana boshladi. Qurbonlar bor edi. Afsuski, shu ko‘chada bir jasad yotardi», deydi restoranga hujum vaqtida shu joyda bo‘lgan guvohlardan biri Kris.

Boshqa guvohlar ham vintovkalar bilan qurollangan shaxslar shahar bo‘ylab harakatlanib, bar va restoranlar mijozlariga, shuningdek, o‘tkinchi yo‘lovchilarga qarata o‘q uzgani haqida aytib berishgan.

Qidiruv ishlari
Ayni vaqtda Avstriya poytaxtida keng ko‘lamli aksilterror amaliyot o‘tkazilmoqda. Shahar markazida blokpostlar o‘rnatilgan, politsiya aholini jamoat joylaridan ketishga va shahar jamoat transportidan foydalanmaslikka chaqirmoqda.

Politsiya hodisa guvohlaridan video va fotosuratlarni ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirmaslikni so‘rab, bu amaliyot o‘tkazilishiga xalal berishi va tinch aholiga zarar yetkazishi mumkinligini bildirmoqda.

Avstriya ichki ishlar vaziri Karl Nexammer hodisani terakt deb atagan va hujum qilganlardan biri o‘ldirilgani, yana bir jinoyatchi qidirilayotganini ma'lum qilgan.

Vazir jinoyatchilar yaxshi qurollangani va juda xavfli ekani, qurbonlar soni o‘sishi mumkinligini aytib o‘tgan. Nexammer hukumat davlat chegarasida nazoratni kuchaytirganini ta'kidlagan.

Nexammer o‘ldirilgan jinoyatchining kiyimida IShID terrorchilik guruhi ramzlari bo‘lganini qo‘shimcha qilgan.

«Bu terrorchilik hujumi. Xudoga shukrki, Avstriyada bunday holatlar deyarli ro‘y bermaydi. Biz hujum qiluvchilar bir necha kishi bo‘lganini taxmin qilmoqdamiz. Baxtga qarshi bir necha kishi jarohatlanib, bir necha kishi halok bo‘ldi. Biz terrorchini qidirish uchun bir necha bo‘linmalarni birlashtirdik. Men amaliyotni Vena bilangina chegaralamayman, chunki jinoyatchilar shahardan chiqib ketgan bo‘lishi ham mumkin», degan vazir va aholidan maxsus farmoyish bo‘lmaguncha uydan chiqmaslikni so‘ragan.

Jarohatlanganlar va qurbonlar

Hujum umummilliy lokdaun boshlanishi arafasida amalga oshirilgani uchun shahar ko‘chalarida odam ko‘p bo‘lgan - odamlar yana bir bor restoranga yoki kinoga borish, ko‘chada sayr qilish imkoniyatidan foydalanib qolmoqchi edi.

Vena tez yordam xizmati shifoxonalarga 17 kishi olib borilgani, ulardan 7 nafarining hayoti xavf ostida ekanini ma'lum qilgan.

Otishma vaqtida restoranda ofitsiantlik qilgan ayol halok bo‘lgan. Og‘ir jarohatlangan yana yosh yigit shifoxonada jon bergan. Seshanba tongida shifoxonada yana ikki kishi - bir erkak va bir ayol olamdan o‘tgani ma'lum qilindi. Shuningdek, bir politsiyachi halok bo‘lgani haqida xabarlar tarqaldi, bu ma'lumot tasdiqlanmadi.

Hujum qilganlar kim edi?
Avstriya ichki ishlar vaziri Karl Nexammer Venadagi terrorchilik hujumini IShID terrorchilik guruhi tarafdori sodir etganini ma'lum qildi.

Jinoyatchi vintovka (soyli miltiq) va to‘pponchalar bilan qurollanib, beliga soxta «xudkush kamari»ni bog‘lab olgan. 

Politsiya tomonidan o‘ldirilgan shaxs 20 yoshli Feyzulay Kuytim bo‘lgan, u muqaddam Suriyaga ketib IShIDga qo‘shilishga uringani uchun sudlangan. 2019 yil aprelida 22 oylik qamoq jazosiga hukm qilingan. Unda Shimoliy Makedoniya fuqaroligi ham bo‘lgan.

2019 yilning dekabrida u muddatidan oldin ozodlikka chiqarilgan.

Hujum vaqtida ilk o‘q tovushlari Vena markazidagi sinagog atrofida yangragan. Yahudiylar jamoasi yetakchisi Oskar Doych tvitterdagi sahifasida terrorchining nishoni Venadagi sinagog va unga keluvchilar bo‘lgani haqidagi ma'lumot tasdiqlanmaganini aytib o‘tgan. Uning qo‘shimcha qilishicha, karantin tufayli bu vaqtda sinagog va atrofdagi boshqa ofislar yopiq edi.

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra hodisaga aloqadorlikda gumon qilinib 14 kishi qo‘lga olingan. Ularning radikal guruhlarga aloqadorligi tekshirilmoqda.

«Manfur terakt»
«Biz respublikamizning eng qiyin davrlarini yashamoqdamiz. Maxsus xizmatlar xodimlariga hayotlarini xavf ostiga qo‘yib ishlashayotgani uchun alohida minnatdorchilik bildirmoqchiman. Bizning politsiya bu manfur terrorchilik hujumini uyushtirganlarga qarshi tegishli choralarni ko‘radi», deya yozdi Avstriya kansleri Sebastyan Kurs tvitterdagi sahifasida.

U bu xristianlar va musulmonlar o‘rtasidagi yoki avstriyaliklar va migrantlar o‘rtasidagi mojaro emasligi, bu sivilizatsiya va varvarlik o‘rtasidagi to‘qnashuv ekanini qo‘shimcha qilgan.

Venadagi hodisa ko‘plab siyosatchilar tomonidan qoralab chiqildi. Yevrokengash raisi Sharl Mishel buni hayotga xavf soladigan va insoniy qadriyatlarning ahamiyatini pasaytiradigan qo‘rqoqlik deb baholadi.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron uning mamlakati avstriyaliklar qayg‘usiga sherik ekanini ta'kidladi: «Bu bizning Yevropa. Bizning dushmanlarimiz kim bilan to‘qnash kelishini bilishi kerak. Biz taslim bo‘lmaymiz».

Niderlandiya bosh vaziri Mark Ryutte hodisani dahshatli harakat deb atadi va hamdardlik bildirdi. Germaniya hukumati maxsus bayonot berib, nafratga berilmaslik zarurligini ta'kidladi.

AQSh prezidenti Donald Tramp ham Venadagi teraktni qoraladi. «AQSh Avstriya, Fransiya va butun Yevropani terrorizmga qarshi kurashda qo‘llab-quvvatlaydi. Beayb insonlarga bunday hujumlar qilinishini to‘xtatish zarur», dedi u tvitterdagi sahifasida.

AQSh prezidentligiga nomzod Jo Bayden hodisani qo‘rqinchli terrorchilik hujumi deb atadi. «Biz barchamiz nafrat va zo‘ravonlikka qarshi chiqishimiz kerak», dedi u.

AQSh prezidentining milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Robert O'Brayan Amerika xalqi Vena xalqi uchun duoda ekanini aytib o‘tdi. «Bunday nafrat va zo‘ravonlikni hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi. Biz Avstriya, Fransiya va butun Yevropani terrorizmga qarshi kurashda qo‘llab-quvvatlaymiz», - deya qo‘shimcha qildi u.

Top