15:47 / 03.11.2020
14782
Vodiyda oktabr oyidanoq elektr uzilishlari boshlandi. Mas'ullar nima deydi?

Qish yaqinlashishi bilan har yilgi muammolar yana bo‘y ko‘rsata boshlaydi. Bu o‘sha – elektr ta'minotidagi uzilishlar, cheklovlar... Avvalgi yillarda vodiy viloyatlarida bu muammo dekabr oyining o‘rtalarida boshlanar edi. Joriy yil esa nisbatan erta – oktabr oyining oxirgi o‘n kunligidanoq kuzatila boshlandi.

Har yilgidan ertaroq boshlangan elektr muammosi aholi va tadbirkorlar e'tiroziga sabab bo‘lmoqda. Biz Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlarining «Hududiy elektr tarmoqlari» korxonalari rahbarlaridan sovuq kunlar oldidan aholini qiynayotgan savollarga javob olishga harakat qildik.

Bu yil elektr ta'minotidagi uzilishlar erta boshlanganining sababi nimada?

Jahongir Rizayev, «Namangan hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» AJ bosh direktori:

– Haqiqatan ham o‘tgan yillarda elektr ta'minotidagi uzilishlar noyabr–dekabr oylarida boshlanar edi. Bu yil oktabr oyining ikkinchi o‘n kunligida havo keskin tushib ketishi natijasida elektr energiyasiga bo‘lgan talab qariyb 1,5 baravar oshib ketdi. Oqibatda tizimda quvvat yetishmovchiligi paydo bo‘ldi.

Keling, mana shu savolga batafsilroq javob bersam. Prezidentimizning 4249-sonli qaroriga asosan, «O‘zbekenergo» AK isloh qilinib, uning negizida uchta alohida tashkilot tashkil etildi. Hammamizga ma'lum, elektr energiyasi «Issiqlik elektr stansiyalari» tomonidan ishlab chiqariladi. Ishlab chiqarilgan elektr energiyasi «Milliy elektr tarmoqlari»dagi yuqori kuchlanishli magistral elektr tarmoqlari orqali «Hududiy elektr tarmoqlari» korxonalariga yetkazib beriladi. Biz bu yerda eng oxirgi vazifani bajaramiz, ya'ni to‘g‘ridan to‘g‘ri iste'molchilar bilan shartnoma tuzib, iste'molchilarga elektr energiyasi yetkazib berish bilan shug‘ullanamiz. Vazifamiz shu.

Aytmoqchimanki, iste'molchilarga elektr energiyasi yetkazib berishdan korxonamiz moddiy manfaatdor. Qancha ko‘p iste'molchiga elektr energiyasi yetkazib bersak, korxonamizning iqtisodiy ko‘rsatkichlari shuncha oshadi.

Hozirgi kunda tizimda, ya'ni ishlab chiqaruvchi stansiyalarda yoqilg‘i resurslari yetishmagani natijasida quvvat kamayib, natijada iste'molchilarimizga talab darajasida elektr energiya yetkazib berila olmayapti. Buning asosiy sababi shu. Agar bizga yetarli darajada elektr energiyasi yetkazib berilsa, biz ham iste'molchilarga to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘liq talab bo‘yicha yetkazib bera olamiz.

Dilshodbek Jalilov, «Farg‘ona hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» AJ bosh direktori:

– Iste'mol oshganiga nazar solsak, ko‘p narsa oydinlashadi. O‘tgan yil 1 oktyabrda bir sutkada 13 mln kilovatt/soat elektr energiya olgan bo‘lsak, bugungi kunga kelib 19 mln kVt/soatga oshdi. Iste'mol 6 mln kVt.ga oshgan.

Aholidan, iste'molchilarimizdan iltimos qilardimki, elektr energiyasidan oqilona foydalanishimiz kerak. Asosiy ehtiyojlar uchun – yoritish va maishiy texnikalarga ishlatishimiz zarur.

Haqiqatan ham oktabr oyi tugamasdan tarmoqda cheklovlar, o‘chishlar, uzilishlar kuzatilib turibdi. Yana qaytarib aytamanki, bizning tarmoqlarimiz elektr energiyasini qabul qilib, iste'molchilarga yetkazib berishga tayyor. Lekin bugungi kunda yoqilg‘i tanqisligi oqibatida, stansiyalarimizda ishlab chiqarish hajmi kamaygani oqibatida shunday uzilishlar bo‘lyapti. Ya'ni 110 kilovoltli tarmoqlarimizda cheklovlar, avtomatika tizimida betartib ravishda o‘chishlar yuzaga kelmoqda.

Ayni paytda «Milliy elektr tarmoqlari» ham, «Issiqlik elektr tarmoqlari» ham muammoni barataraf qilish uchun chora-tadbirlarni belgilashyapti.

Baxtiyorjon Obidov, «Andijon hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» AJ bosh direktori o‘rinbosari:

– Uzilishlar 25 oktyabrdan boshlandi. Buning sababi – Turkmaniston Respublikasi energiya tizimidagi nosozliklardir. Oqibatda esa soatiga 730 mVt elektr energiyasi importi to‘xtab qoldi.

Muammolar ikki kun davom etdi. Bundan tashqari, havo sovib, viloyatda iste'mol ortib ketdi. Xonadonlarda gaz bosimi pasayib ketgani hisobiga isitish elektr energiyasi orqali amalga oshirilmoqda.

Hududiy elektr tarmoqlari kuz-qish mavsumi oldidan qanday ishlarni amalga oshirdi?

Jahongir Rizayev, «Namangan hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» AJ bosh direktori:

– Korxonamiz tomonidan 2020-2021 yillarda aholiga, ijtimoiy soha va tadbirkorlik sub'yektlariga elektr energiya yetkazib berish maqsadida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik bo‘yicha oldimizga qo‘yilgan vazifalarning barchasi bajarildi.

Favqulodda o‘chishlarni oldini olish yoki sodir bo‘lgan avariyalarni tezlik bilan bartaraf etish maqsadida zaxira qurilmalarimiz, tezkor xizmat ko‘rsatish brigadalarimizni to‘liq tashkillashtirdik.

Hozirda bu ishlarni bajarish uchun bizda yetarli material zaxiralarimiz bor. Xizmat ko‘rsatish xodimlarimiz yetarli. Transport vositalari bilan to‘liq ta'minlanganmiz.

Dilshodbek Jalilov, «Farg‘ona hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» AJ bosh direktori:

– Bugungi kunda 2 400 km tarmoqlarni mukammal ta'mirladik. Belgilangan reja bo‘yicha ishlarni 100 foiz bajarishga erishdik. 849 ta transformatorni ham ta'mirga muhtoj joylarini mukammal ta'mirlab, yog‘ quyish va boshqa masalalarni to‘liq hal qildik.

Tarmoqlarda joriy ta'mirlarni ham amalga oshirganmiz. Bugungi kunda daraxt shoxlaridan tozalash, avariya bo‘lishining oldini olish uchun simlarni tortib, taranglab, bu yo‘nalishdagi ishlar ham shahar va tuman ekspluatatsiya xodimlari tomonidan amalga oshirilgan.

Baxtiyorjon Obidov, «Andijon hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» AJ bosh direktori o‘rinbosari:

– Bu yilgi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida 22 ta shahar-tumanlarning har birida 22 ta nosozlikni bartaraf qiluvchi maxsus brigadalar tashkil etilgan. Ularni kerakli avtomashinalar va jihozlar bilan ta'minlaganmiz.

Bundan tashqari, jamiyatimizning uskunalar bilan ta'minlash ustaxonasida kuygan transformatorlarni ta'mirlab, joyiga olib borib qo‘yish uchun alohida brigadalar tashkil qilganmiz. Ular kun davomida navbati bilan smena asosida ishlaydi. Sutka davomida kuygan transformatorni olib kelib, zudlik bilan yana joyiga olib borib qo‘yish imkoniyati mavjud.

Hozirda kuygan transformatorlarni o‘rniga olib borib qo‘yib, almashtirish ishlarini tashkil qilish maqsadida kuz-qish mavsumi uchun 35 dona transformator punkti alohida zaxira sifatida markaziy omborda saqlanyapti.

Aholi qish mavsumida elektr ta'minoti me'yorida bo‘lishidan umid qilsa bo‘ladimi?

Jahongir Rizayev, «Namangan hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» AJ bosh direktori:

– Albatta, bu yil holat ijobiy tomonga o‘zgarishi aniq. Yildan yilga yaxshilanyapti. Biz favqulodda o‘chishlarning oldini olish, avariyalarni bartaraf etish uchun yetarli zaxiraga egamiz. Xodimlarimiz ham, moddiy-texnik bazamiz ham yetarli.

Dilshodbek Jalilov. «Farg’ona hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» AJ bosh direktori:

– Uzluksiz elektr energiyasi yetkazib berish uchun tarmoqlarimiz tayyor. Qurilmalar, transformator punktlarimiz ham shay holatda. Iste'molchilarga elektr energiya yetkazib bera olamiz.

Baxtiyorjon Obidov. «Andijon hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» AJ bosh direktori o‘rinbosari:

– «Andijon hududiy elektr tarmoqlari» korxonasi bu yil kuz-qish mavsumiga belgilangan barcha ishlarni amalga oshirdi. Agar bizga «Milliy elektr tarmoqlari» orqali uzilishlar bo‘lmasa, aholini elektr energiyasi bilan uzluksiz ta'minlashga tayyormiz.

Xulosa

Shuni aytish lozimki, iste'molchiga elektr energiyasini yetkazib berish muammosi uch yirik tashkilot – «Issiqlik elektr stansiyalari», «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» va «Hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatlari bir bo‘lib va maromida ishlasagina hal bo‘ladi.

«Hududiy elektr tarmoqlari» korxonalari esa bu tizimning eng quyi, iste'molchi bilan bevosita ish olib boruvchi bo‘g‘ini bo‘lgani uchun aholi vakillari bu tashkilotni elektr muammosi kelib chiqishiga sababchi deb biladi.

Soha vakillari elektrdagi uzilishlar, cheklovlarga iste'molchilarning tokdan isitish uchun foydalanayotganini sabab qilib ko‘rsatmoqda. Bundan ko‘rinadiki, joylardagi gaz ta'minoti korxonalari sovuq mavsumda energetiklar bilan «aravani teng torta olmayapti». Ko‘mir ta'minoti esa haminqadar. Bor kuch elektr tizimi gardaniga tushmoqda.

Nahotki yillar davomida aholini qiynab kelayotgan muammoning yechimi bo‘lmasa?

Elmurod Ermatov,
Ahrorbek Yoqubjonov.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top