10:48 / 03.11.2020
4460

Xalqaro moliya korporatsiyasi TBC Uzbekistan’ga investitsiya kiritishni rejalashtirmoqda

Jahon banki guruhiga mansub Xalqaro moliya korporatsiyasi Gruziyaning O‘zbekistondagi «TBC Uzbekistan» bankiga 10 million dollar investitsiya kiritishni rejalashtirmoqda. Ushbu rejadagi mablag‘ summasi va qarorlar o‘zgarishi yana mumkin.

Foto: Reuters

2020 yil yanvarda O‘zbekiston hududida bank-moliya xizmatlarini ko‘rsatish uchun tegishli ruxsatnoma olgan «TBC Uzbekistan» bank aksiyalarining 1/5 qismi Xalqaro moliya korporatsiyasiga o‘tkazilishi mumkin. Buning evaziga XMK Gruziyaning O‘zbekistondagi innovatsion bankiga 10 million dollar sarmoya kiritishi kutilmoqda. Ayni paytda XMK bankning 2,8 foiz aksiyaga egalik qiladi.

Gruziyaning TBC Bank’i 2019 yil aprelda O‘zbekistonda Payme brendi ostida faoliyat yurituvchi «Inspired» MChJning 51 foiz aksiyalarini 5,5 mln dollarga sotib olib, O‘zbekiston moliya bozoriga kirib kelgandi.

Oradan bir yil o‘tib, «TBC Bank Group PLC» kompaniyasi Toshkent shahrida «TBC Bank» aksiyadorlik tijorat bankini tashkil etishga doir dastlabki ruxsatnomani qo‘lga kiritdi.

Hozirgi kunda O‘zbekiston bank tizimida 31ta tijorat banki faoliyat olib bormoqda. Shulardan 13ta bank davlat ulushi mavjud banklar bo‘lsa, 16ta bank xususiy banklar yoki chet el kapitali ishtirokidagi banklar hisoblanadi. 2019 yil iyul oyidan boshlab Qozog‘iston «Halyk bank»ning sho‘'ba banki sifatida «Tenge bank» o‘z faoliyatini boshladi. Gruziyaning «TBC» banki joriy yil aprel oyidan bank faoliyatini amalga oshirishni boshladi.

Top