21:10 / 04.11.2020
3570
Afg‘onistonda universitetga hujum ishi bo‘yicha 13 politsiyachi hibsga olindi   

Afg‘onistonda 2 noyabrda Kobuldagi universitetga qilingan hujumning tergovi doirasida politsiyaning 13 xodimi hibsga olindi.    

Foto: AP

Tolo News telekanalining Kobul politsiyasi vakiliga tayanib xabar berishicha, politsiyachilar universitet hududida xavfsizlikni ta'minlashda yo‘l qo‘yilgan mas'uliyatsizlikda ayblanmoqda. Ta'kidlanishicha, hibsga olinganlar orasida Kobul politsiyasining tuman boshqarmasi boshlig‘i ham bor.   

2 noyabrda Kobuldagi universitet hududida portlash sodir etilib, so‘ngra bir guruh qurollangan kishilar ta'lim muassasasining huquqshunoslik fakulteti yonida otishma uyushtirgan. Universitetga Afg‘oniston maxsus kuchlari otryadlari jo‘natilgan. Xavfsizlik kuchlari voqea joyidan yuzlab odamlarni evakuatsiya qilishga muvaffaq bo‘lgan. Terrorchilardan 3 nafari o‘ldirilgan. 

Hujum oqibatida 35 odam halok bo‘lgan, 50ga yaqin odam jarohat olgan. Afg‘onistonda 3 noyabr milliy motam kuni deb e'lon qilingan. 

Top