14:49 / 04.11.2020
22265
Bayden hamon oldinda. Ammo qolgan 9 shtat natijani o‘zgartirishi mumkin

AQShda saylov yakunlangan, ammo hozircha kim g‘olib bo‘lishi ma'lum emas. Tramp siyosatshunoslar kutganidan ancha yaxshi natijalarga erishdi, Bayden esa saylovoldi kampaniyasidagi jiddiy ustunligiga qaramay ishonchli g‘alabaga erisha olmadi. Oq uyni keyingi to‘rt yil davomida kim boshqarishi, aftidan, Pensilvaniya, Michigan va Viskonsindagi ovozlar hisoblab bo‘linganidan keyin aniqlanadi.

Jo Bayden AQSh prezidentlik saylovida yetakchilik qilmoqda, ammo yakuniy natijalar chiqishi kechikmoqda. Ko‘plab prognozlarga ters ravishda demokratlar nomzodi ishonchli g‘alabaga erisha olmadi. Saylovoldi so‘rovlari Bayden raqibi - amaldagi prezident Donald Trampni taxminan 10 foizlik punkt bilan ortda qoldirishini ko‘rsatgandi, oktabr oyi o‘rtalarida o‘tkazilgan so‘rovlardan biriga ko‘ra esa 17 punktlik farq keltirilgandi: 57 foiz Baydenga va 40 foiz Trampga. Amalda esa ovozlar deyarli teng taqsimlanmoqda.

2016 yilgi saylovlarda ham so‘rovlar natijalari va ekspertlarning prognozlari Trampning mag‘lubiyatiga ishora qilgandi, ammo yakunda u demokrat raqibi Hillari Klintonni mag‘lub etgandi.

Saylov g‘olibi bir necha «tebranuvchi» shtatlar — Shimoliy Karolina, Jorjiya, Pensilvaniya (Bayden tug‘ilib o‘sgan shtat), Michigan va Viskonsindagi ovoz berish natijalari hisoblab chiqilgach aniqlanadi. Ayni vaqtga kelib Shimoliy Karolinada nomzodlar o‘rtasidagi farq bir foizlik punktga yaqin, Jorjiyada — 2 foiz atrofida. Pensilvaniya va Michiganda ham Tramp jami taxminan 10 punktga ustunlik qilmoqda, Viskonsinda esa so‘nggi soatlarda vaziyat o‘zgarib, ustunlik demokratlar tomoniga o‘tdi.

Saylovda g‘olib chiqish uchun nomzod kamida 270 nafar delegat ovoziga ega bo‘lishi kerak. Toshkent vaqti bilan soat 12:00 holatiga ko‘ra CNN Bayden 220 ovoz olgani, Trampda — 213 ovoz borligini ma'lum qilgan. The New York Times bahosi esa — 225 ga 213, Fox News bahosi — 238ga 213. Turli manbalar vaziyatni turlicha baholashmoqda, ayrimlar hozirgacha e'lon qilingan natijalargagina emas, o‘tgan safargi saylovlarda qaysi shtat qaysi partiya nomzodini qo‘llaganini, shuningdek, o‘z ekspertlarining prognozlarini ham hisobga olmoqda.

Nomzodlarning ikkisi ham saylovda g‘olib bo‘lganini aytmoqda. Bayden Delaver shtatidagi Uilmington shaharchasida tarafdorlari qarshisida chiqish qildi. U: «biz g‘alaba yo‘lidamiz», – dedi va barchadan sabrli bo‘lishni so‘radi. Demokratlar nomzodi saylov natijalarini hisoblash  ishlari byulletenlar soni «bemisl darajada ko‘pligi tufayli» odatdagidan ko‘proq vaqt olishi mumkinligini aytib o‘tgan.

Donald Tramp ham tezlik bilan munosabat bildirdi. «Biz balandga ko‘tarildik, ammo ular saylovdagi g‘alabamizni tortib olishga urinmoqda. Biz bunga hech qachon yo‘l qo‘ymaymiz», – dedi Tramp tvitterdagi sahifasida. Twitter bu xabarni retvit qilish va unga javob yozish imkoniyatini o‘chirib qo‘ydi. Trampning shu gaplari aytilgan feysbukdagi postiga ham saylovlarning yakuniy natijalari dastlabki natijalaridan farq qilishi mumkinligi haqidagi eslatma qo‘shilgan.

Keyin Tramp Oq uyda o‘z tarafdorlari qarshisida chiqish qildi. U natijalarni fenomenal deb atadi va «bir to‘da omadsizlar» undan g‘alabani tortib olishga harakat qilgani haqida gapirdi. Tramp «tebranuvchi» shtatlar - Jorjiya, Shimoliy Karolinada g‘olib chiqqani, Viskonsin, Pensilvaniya va Michiganda ham ustunlik qilayotganini aytib o‘tdi.

Dastlabki natijalar va prognozlar
Tramp Kentukki (8 ovoz), Indiana (11 ovoz), G‘arbiy Virjiniya (5 ovoz), Tennessi (11 ovoz), Arkanzas (6 ovoz), Janubiy Dakota (3 ovoz), Shimoliy Dakota (3 ovoz), Janubiy Karolina (9 ovoz), Alabama (9 ovoz), Yuta (6 ovoz), Missuri (10 ovoz), Nebraska (5tadan 4ta ovoz ), Missisipi (6 ovoz), Vayoming (3 ovoz), Ohayo (18 ovoz), Oklahoma (7 ovoz), Ayova (6 ovoz), Texas (38 ovoz), Montana (3 ovoz), Aydaho (4 ovoz), Kanzas (6), Luiziana (8 ovoz) va Florida (29 ovoz) shtatlarida ustun kelmoqda. Natija: 213 ovoz.

Bayden Virjiniyada (13 ovoz), Massachusets (11 ovoz), Delaver (3 ovoz), Merilend (10 ovoz), Kolumbiya okrugida (3 ovoz), Konnektikut (7 ovoz), Nyu-Jyersi (14 ovoz), Kolorado (9 ovoz), Nyu-Hempshir (4 ovoz), Illinoys (20 ovoz), Nebraska (5tadan 1ta ovoz), Kaliforniya (55 ovoz), Oregon (7 ovoz), Vashington (12 ovoz), Nyu-Mexiko (5 ovoz), Havayi (4 ovoz), Nyu-York (29 ovoz), Vermont (3 ovoz), Rod-Aylend (4) va Minnesotada (10 ovoz) g‘olib bo‘lgan. Natija: 224 ovoz.

Saylovda g‘olib chiqish uchun 270 ovoz talab etiladi.

Hozircha 9ta shtatda ovozlar hisoblab chiqilmagan, bu 97 delegat ovoziga teng. Jami 31 ovozga ega bo‘lgan to‘rt shtatda Bayden yetakchilik qilmoqda, qolganlarida kichik farq bilan Tramp ustunlik qilmoqda, ammo bu shtatlarda ovozlarning ko‘p qismi hisoblab chiqilmagan.

Bayden ustunlik qilayotgan shtatlar:
Nevada - 6 delegat. 79 foiz ovozlar hisoblangan, 50,2 foizga 47,9 foiz;
Arizona - 11 delegat. 82 foiz ovozlar hisoblangan, 51,8 foizga 46,8 foiz;
Men - 4 delegat. 54,6 foizga 42,3 foiz;
Viskonsin - 10 delegat. 89 foiz ovozlar hisoblangan, 49,3 foizga 49 foiz

Tramp ustunlik qilayotgan shtatlar:
Jorjiya - 16 delegat. 92 foiz ovozlar hisoblangan, 50,5 foizga, 48,3 foiz;
Shimoliy Karolina - 15 delegat. 95 foiz ovozlar hisoblangan, 50,1 foizga 48,7 foiz;
Michigan - 16 delegat. 76 foiz ovozlar hisoblangan, 51,8 foizga 46,4 foiz;
Pensilvaniya - 20 delegat. 74 foiz ovozlar hisoblangan, 55,7 foizga 43 foiz;
Alyaska - 3 delegat. 36 foiz ovozlar hisoblangan, 61,4 foizga 34,7 foiz.

Agar Baydenning Arizonadagi uzil-kesil g‘alabasi tasdiqlansa, bu Trampning qayta saylanish imkoniyati uchun jiddiy zarba bo‘ladi. Agar demokratlar nomzodi Viskonsin va Michiganda ham g‘alabaga erishsa, u Pensilvaniyaning natijasisiz ham prezidentlikka saylanadi.

Buyog‘iga nima bo‘ladi?
Shu vaqtga qadar keyingi to‘rt yil muddatga AQSh prezidenti kim bo‘lishi haqidagi savolga javob yo‘q.

Ayrim ehtimoliy variantlar:

Kim g‘olib bo‘lishini yaqin bir necha kun ichida bilib olishimiz mumkin. Ayni vaqtda bu eng ehtimoliy ssenariy, chunki Michigan, Viskonsin va Pensilvaniya kabi muhim uch shtatda pochta orqali yuborilgan byulletenlarni hisoblash uchun ko‘p vaqt ketadi.

Jarayonga huquqshunoslar aralashishi ham mumkin. Donald Tramp agar natijalar o‘zi kutganidek bo‘lib chiqmasa, Oliy sudga murojaat qilish bilan tahdid qilgan. Bu holatda jarayon bir necha hafta vaqtni oladi.

Mavhumlik tartibsizliklarga sabab bo‘lishi mumkin. Ko‘plab amerikaliklar saylov kunidan ancha avvalroq ehtimoliy tartibsizliklarga tayyorlanishgan, tahlilchilar bunday holat faqat demokratlar mag‘lubiyati tufayli ro‘y berishi mumkinligini aytishgan.

Mavzu
AQSh-2020
2020 yilning 3 noyabrida AQShda prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tadi. 3 fevral kuni demokratlar qarorgohida birlamchi saylovlar - kokuslar va praymerizlar boshlangan.
Barchasi
Top