10:01 / 04.11.2020
13871
Eronning O‘zbekistondagi elchisi ikki mamlakat fuqarolari uchun vizalarni bekor qilishni taklif etdi

Eronning O‘zbekistonga yangi tayinlangan favqulodda va muxtor elchisi Hamid Nayrobodiy ikki mamlakat fuqarolari uchun vizalarni bekor qilish taklifi bilan chiqdi. Bu haqda u “Dunyo” AA muxbiri bilan suhbatda aytib o‘tdi.

Foto: Dunyo

“Boj to‘lovlarini kamaytirish va bojxona to‘siqlarini olib tashlash tomon harakat qilish kerak. Shuningdek, transport loyihalarini amalga oshirishni tezlashtirish, ikki mamlakat o‘rtasidagi aviaqatnovlar sonini ko‘paytirish savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada jadallashtirishga xizmat qiladi”, - dedi u.

Hamid Nayrobodiyning qayd etishicha, Eron va O‘zbekiston turizm bo‘yicha dunyoda yetakchi davlatlar qatorida turadi. Tarixiy va nodir meros sayyohlarni muntazam jalb etish uchun qulay imkoniyat taqdim etgan.

“Bu borada ikki mamlakat fuqarolari uchun vizalarni bekor qilish eng to‘g‘ri yo‘l deb o‘ylayman. Men shuning tarafdoriman. Bundan tashqari turli biznes-tadbirlar, jumladan videokonferensiya shaklidagi muloqotlar tashkillashtirish orqali tadbirkorlarni yanada yaqinlashtirishimiz mumkin. Texnik-muhandislik xizmatlari, tibbiyot va yangi texnologiyalar sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarning har tomonlama rivojlanishiga yordam beradi. Men o‘z missiyam davomida ana shu rejalarni hayotga to‘liq tatbiq eta olsam, bundan xursand bo‘lardim. Bu yo‘lda yeng shimarib ishga kirishganmiz”, - deydi Eron elchisi.

Top