09:00 / 04.11.2020
4636
Fuqarolik kodeksining yangi tahriri muhokamaga qo‘yildi 

Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan Fuqarolik kodeksining yangi tahriri muhokamaga qo‘yildi.

Norma’ning yozishicha, loyiha bilan quyidagilar nazarda tutilgan:

fuqarolik qonun hujjatlari ular tomonidan tartibga solinadigan munosabatlar ishtirokchilarining tengligini e'tirof etishga, fuqarolik muomalasi qatnashchilarining xohish-istagini ifodalash erkinligi va mulkiy mustaqilligiga, mulkning daxlsizligiga, shartnomaning erkinligiga, xususiy ishlarga biron-bir kishining o‘zboshimchalik bilan aralashishiga yo‘l qo‘yilmasligiga, fuqarolik huquqlari to‘sqinliksiz amalga oshirilishini, buzilgan huquqlar tiklanishini, ularning sud orqali himoya qilinishini ta'minlash zarurligiga asoslanadi;

fuqarolar (jismoniy shaxslar) va yuridik shaxslar o‘z fuqarolik huquqlariga o‘z erklariga muvofiq ega bo‘ladilar va bu huquqlarini o‘z manfaatlarini ko‘zlab amalga oshiradilar. Ular shartnoma asosida o‘z huquq va burchlarini belgilashda va qonun hujjatlariga zid bo‘lmagan har qanday shartnoma shartlarini aniqlashda erkindirlar.
 
Loyihaga muvofiq:

  • boshqa qonunlar va qonunosti hujjatlaridagi fuqarolik qonun hujjatlari normalari ushbu Kodeksga zid bo‘lishi mumkin emas;
  • vazirliklar, idoralar va boshqa davlat organlari ushbu Kodeksda va boshqa qonunlarda nazarda tutilgan hollarda va doirada fuqarolik munosabatlarini tartibga soluvchi hujjatlar chiqarishlari mumkin.

 Fuqarolik qonun hujjatini bilmaslik yoki uni to‘g‘ri tushunmaslik ushbu hujjatni qo‘llamaslik yoki unda nazarda tutilgan javobgarlikdan ozod etish uchun asos bo‘lmaydi.
 
Loyihada belgilanishicha, fuqarolik huquq va majburiyatlari qonunda nazarda tutilgan asoslar, shuningdek fuqarolar va yuridik shaxslarning qonunda nazarda tutilmagan bo‘lsa-da, biroq umumiy tamoyillar va fuqarolik huquqlari va majburiyatlari keltirib chiqaradigan fuqarolik huquqi mazmuniga muvofiq harakatlaridan vujudga keladi.
 
Fuqarolik huquq va burchlari quyidagi asoslarga binoan vujudga keladi:

  • qonunda nazarda tutilgan shartnomalar va boshqa bitimlardan, shuningdek garchi qonunda nazarda tutilgan bo‘lmasa-da, lekin unga zid bo‘lmagan shartnomalar va boshqa bitimlardan;
  • qonunda fuqarolik huquq va burchlari vujudga kelishining asosi sifatida nazarda tutilgan davlat organlarining yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hujjatlaridan;
  • sudning fuqarolik huquq va burchlarini belgilagan qaroridan;
  • qonun yo‘l qo‘yadigan asoslarda mol-mulk olish natijasida;
  • fan, adabiyot, san'at asarlarini yaratish, ixtirolar va boshqa intellektual faoliyat natijasida;
  • boshqa shaxsga zarar yetkazish natijasida;
  • asossiz boyib ketish natijasida va boshqalar.

Shuningdek, loyihada fuqarolik muomalasi ishtirokchilarining huquqiy holatini, mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlarning, intellektual faoliyat natijalariga bo‘lgan huquqlarning vujudga kelish asoslarini hamda ularni amalga oshirish tartibini belgilovchi normalar, boshqa korporativ va tadbirkorlik munosabatlari, shartnomaviy va boshqa majburiyatlar, shuningdek mulkiy va nomulkiy munosabatlar va h.k. bayon etilgan.
 
Loyiha o‘zgartirilishi, qo‘shimchalar kiritilishi yoki rad etilishi mumkin.

Top