17:40 / 04.11.2020
30598
Prezidentni sud aniqlaydi, amerikaliklar saylov tizimidan norozi, yomon va juda yomon nomzod – OAV AQSh saylovlari haqida

AQSh prezidentligi saylovlari keskin kurashlarga boy bo‘lmoqda. Bunaqa intrigani uncha-muncha futbol o‘yinida yoki jangda ham kuzatish qiyin. Saylov natijalari e'lon qilinishiga ko‘p vaqt qolmadi, ammo hech kim keyingi prezident kim bo‘lishini bilmaydi. Agar nomzodlardan biri 270 nafar vakilning ovozini to‘play olmasa, g‘olib nomini mamlakat Oliy sudi aniqlashi mumkin.

Foto: EPA

VVS bu borada turli xil nashrlarning munosabatini to‘pladi.

«Financial Times» bu borada shunday yozadi: «Saylov g‘olibini aniqlashda yuridik aralashuv talab etilsa, uning natijasi kim ko‘p ovoz olganiga bog‘liq bo‘lishi tabiiy. Biroq nomzodlar natijalarni tan olmay, jarayon cho‘zilib ketishi ham mumkin».

Tramp natijalarni kutmay o‘zini prezident deb e'lon qiladimi?

«Guardian» Tramp o‘zini prezident deb e'lon qilishi haqidagi hazilomuz variant keltirdi. «Tramp saylov natijalarini tan olmay, o‘zini prezident deb e'lon qilishi mumkin. Pandemiya avjiga chiqqan vaqtda o‘tayotgan saylovlarning oxiri shunday yakunlanishi mumkin. Saylovchilar kayfiyatidagi o‘zgarish Trampga qo‘l kelib, u oxir-oqibat o‘zi g‘olib chiqadigan ssenariy ham tuzishi mumkin», deb yozadi nashr.

Gazetaning taxminicha, Tramp biror shtatda o‘zi ustunlik qila boshlasa, keyinchalik ustunlikni qo‘ldan chiqarmaslik uchun ovozlarni hisoblashni to‘xtatishni buyurishi ham hech gap emas. Bu gal ovozlarni hisoblash bejiz cho‘zilib ketmadi, chunki 2020 yilgi saylovlarda rekord miqdorda ko‘p amerikaliklar qatnashgan. Ovozlarning aksari pochta orqali jo‘natilgani uchun ham natijalar kechikmoqda.

Jo Bayden yaqinda Tramp saylov natijalarini tan olmay, Oq uyni tark etmasa, uni kuch bilan chiqarib yuborishlarini aytgandi. The Independent ham bu savolni yana yodga oldi. Gazetaning xavotiriga ko‘ra, AQShda hech qachon bunday holat bo‘lmagan va natijalarni nomzodlardan biri tan olmasa, hukumatni tinch yo‘l bilan topshirish jarayoni cho‘zilib ketishi mumkin. Chunki AQSh jamiyati hukumatni tinch yo‘l bilan topshirish ustiga tuzilgan. Agar Tramp yutqazib, Baydenning inauguratsiyasiga qadar postini tark etmasa, Amerika tarixda kuzatilmagan voqeaga duch keladi.

Odamlar kelajakka ishonmay qolgan

The New York Times nashrining yozishicha, saylov arafasida maksimal darajadagi ishsizlikni boshdan kechirayotgan va koronavirusga qarshi kurash bilan band amerikaliklar kelajakka ishonchini yo‘qotgan. Shunday bo‘lsa-da, odamlar saylovda ovoz berishdi. Chunki ular uchun koronavirus yuqtirish yoki ishini yo‘qotishdan ko‘ra mamlakat kelajagi muhimroq. Nashrning yozishicha, ko‘pchilik saylovchilar keyingi avlod uchun hayot yomonroq bo‘lishi va Amerika demokratiyadan uzoqlashishidan xavotirda.

Odamlar saylov tizimiga ishonmay qo‘ygan
The Los Angeles Times kolumnisti Nikolas Goldberg odamlar bunaqa murakkab saylov tizimiga ishonmay qo‘ygan, deb hisoblaydi. Muallifning yozishicha, bunday ishonchsizlik jamiyatni inqirozga yetaklaydi. U nafaqat saylov tizimi, balki butun hukumat odamlar oldidagi obro‘sini yo‘qotganini ta'kidlamoqda.

«Yaqinda bir so‘rov o‘tkazdik va unda qatnashganlarning deyarli hammasi OAV, prezidentga, uning raqibiga ham ishonmasliklarini aytishdi», deb yozadi Goldberg. Muallif Tramp jamiyatning asosiy institutlari bo‘lgan saylov tizimi, demokratik partiyalar, FQB, razvedka, erkin matbuot, olimlar va davlat ishchilarini 4 yil davomida tanqid qilgani odamlarda bu tuzilmalarga qarshi fikr paydo qilgan bo‘lishi mumkinligini qayd etgan. Shuningdek, u o‘z raqiblarini jinoyatchilar, xavfli odamlar deb atagani ham «o‘z so‘zini aytdi».

Biroq bu muammolarni faqat Trampning chiqishlari bilan bog‘lab qo‘yish to‘g‘ri emas. Bu muammolar AQShda o‘nlab yillar davomida yig‘ilib qolgan, deb yozadi muallif.

The USA Today tahlilchisi Sharlott Ellenning yozishicha, Trampning Amerikasida odamlar o‘ziga xos «so‘lcha madaniyat»dan chetlashdi. Ya'ni, AQShda erkinlik deb qabul qilingan ko‘p narsalar cheklovga aylandi, avval demokratiyani bo‘g‘ish deb qaralgan narsalar Tramp vaqtida oddiy holatga aylandi. Umumiy madaniyat ma'nosida bu yaxshi, ammo AQShdagi demokratik jamiyat buni qabul qila olmaydi. Muallifning yozishicha, Tramp ketishi bilan mamlakat yana o‘sha «turg‘unlik davri»ga qaytadi.

Rossiya har qanday prezidentni qabul qiladi
Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning aytishicha, Rossiya AQSh xalqi saylagan har qanday nomzodni mamlakat yetakchisi sifatida tan oladi.
«Biz Amerika xalqining tanlovini hurmat qilamiz. Partiyasidan qat'i nazar saylovda kim yutsa, uni AQSh yetakchisi sifatida qabul qilib, hamkorlik qilamiz. Biroq hozirgi holatdan kelib chiqib munosabatlardagi kutilmagan burilishlarga ham tayyor turish kerak», degan Lavrov.

«Moskovskiy komsomolets» gazetasi Rossiya uchun qaysi nomzod yaxshiligi haqida yozdi. «Trampning prezidentligi Rossiyaga hech nima bermadi. Hech qanday kutilmagan shartnoma imzolanmadi. Qaytanga oldingi kelishuvlar aynan Donald Fredovich davrida chiqindiga uloqtirildi. Baydenning kelishi esa munosabatlar yanada yomonlashib, sanksiyalar ro‘yxati kengayishiga sabab bo‘lishi mumkin. Rossiya uchun bu saylovlar yomon va juda yomon nomzod o‘rtasida tanlov bo‘ladi», deb yozadi nashr.

Amerikaliklar faqat Trampga qarshi yoki u uchun ovoz berishadi
Isroilda chop etiladigan «Vesti» gazetasining yozishicha, saylovda Jo Bayden hech qanday ahamiyat kasb etmaydi. Unda odamlar yoki Trampni qo‘llab, yoki unga qarshi ovoz berishadi. «Tramp odamlar uchun qahramon, chunki u oddiy odamlar yomon ko‘radigan hammaga – prokurorlar, OAV, liberallar, Vashingtondagi siyosatchilarga qarshi gapira oldi. Uning koronavirus yuqtirgani ham qahramonlik deb qabul qilindi. O‘sha xalq yomon ko‘radiganlar esa Trampga qarshi bo‘lib, uning mag‘lubiyatiga sabab bo‘lishlari mumkin.

Nima bo‘lganda ham, AQShdagi saylovlar natijasi hammaga ta'sir qiladi. Isroilning harakatlarini belgilab beradigan xalqaro siyosatga, siz-u bizning hayot tarzimizga ham», deb yozadi nashr.

Mavzu
AQSh-2020
2020 yilning 3 noyabrida AQShda prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tadi. 3 fevral kuni demokratlar qarorgohida birlamchi saylovlar - kokuslar va praymerizlar boshlangan.
Barchasi
Top