17:29 / 04.11.2020
4098
Reabilitatsiya markazlariga erkaklar va hatto bolalarning murojaat qilishi holatlari kuzatilmoqda

O‘zbekistonda Zo‘rlik ishlatishdan jabr ko‘rgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazlari soni 197tani tashkil etadi. Ushbu markazlarda og‘ir ijtimoiy ahvolda qolgan, jumladan oilaviy muammolar va turmushida zo‘rlik ishlatilishiga duch kelgan shaxslarga anonim tarzda shoshilinch tibbiy, ruhiy, ijtimoiy, pedagogik, huquqiy va boshqa yordamlar ko‘rsatiladi.

Foto: justdial

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi matbuot kotibi Saodat Boymirzayeva reabilitatsiya markazlari faoliyatiga oid ayrim ma'lumotlarni keltirib o‘tdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2020 yilning dastlabki 9 oyi davomida ushbu markazlarga fuqarolardan 14 849 ta murojaat kelib tushgan. Ularning 5 796 tasiga psixologik, 3 680 tasiga yuridik, 503 tasiga tibbiy va 1 553 tasiga boshqa turdagi yordamlar ko‘rsatilgan.

«Murojaat qilganlarning 2 577 nafari bilan markaz psixologlari ish olib borgan, tibbiy yordamga muhtoj 497 nafar shaxsga birinchi yordam ko‘rsatilib, tibbiyot muassasalariga yuborilgan. 442 nafar fuqaro markazlardagi yotoqxonalarga joylashtirilgan va ularga zarur yordamlar ko‘rsatilgan.

Tahlillar davomida murojaatchilarning 9 870 nafari yoki 67 foizga yaqini faqatgina yuridik va psixologik maslahat olish uchun murojaat qilgani, ularning murojaatlarida zo‘ravonlikka uchrash alomatlari yo‘qligi aniqlangan.

Mazkur mazmundagi murojaat egalarining 2000 nafariga huquqiy yordam, xususan, 1 539 nafariga huquqshunoslar tomonidan maslahatlar berildi. 217 nafar fuqaroga turli mazmundagi huquqiy hujjatlarni rasmiylashtirishda, 189 nafar fuqaroning himoya orderi olishida yordam berildi. 55 nafariga sud va boshqa idoralarda huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda vakillik qilindi.

Afsuski, mazkur turdagi markazlarga erkaklar va hatto bolalarning murojaat qilishi holatlari kuzatilmoqda. Shu yilning o‘tgan davri mobaynida jismoniy zo‘ravonlikka uchragan 18 nafar bola va 168 nafar erkak murojaati qabul qilingan.

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, jismoniy zo‘ravonlik asosan oilalarda sodir etilib, er-xotin, qaynona-kelin yoki kuyov o‘rtasidagi turli mojarolar oqibatida yuzaga kelmoqda», – dedi Saodat Boymirzayeva.

Top