12:09 / 04.11.2020
2704
Sirdaryo viloyatida yangi issiqlik elektr stansiyasi qurilishi boshlandi

Sirdaryo viloyatida quvvati 1500 MVt bo‘lgan yangi issiqlik elektr stansiyasining (IES) qurilishi boshlandi. 

IES ishlayotganda tabiiy gazning yillik tejamkorligi 2,0 milliard kub metrni, elektr energiyasi ishlab chiqarish esa 10,0 milliard kilovatt soatni tashkil qiladi.

Energetika vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ayni paytda qurilish maydonchasida obektni qurish uchun yer maydonini tayyorlash ishlari boshlandi.

Loyiha doirasida bosh pudratchi – Xitoyning China Gezhouba Group Corporation (CGGC), kompaniyasi aniqlandi, u obektni “tayyor holda” topshirish asosida quradi. Elektr stansiyasi Sirdaryo viloyatining Boyovut tumani va Shirin shahrida joylashadi.

Loyiha Yaponiyaning MHPS kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan bo‘lib, foydali ish koeffitsiyenti 60 foizdan yuqori bo‘lgan eng zamonaviy kombinatsiyalangan sikllardan foydalanishni nazarda tutadi.

Prezidentning 2020 yil 10 avgustda “Sirdaryo viloyatida quvvati 1 500 MVt bo‘lgan yangi issiqlik elektr stansiyasi qurilishini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4799-sonli qarori qabul qilingan.


 
Hujjat bilan Sirdaryo viloyatida yangi issiqlik elektr stansiyasini qurish to‘g‘risidagi investitsiya shartnomasi O‘zbekiston investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, “The International Company for water and power projecs” (Saudiya Arabistonning suv va energetika loyihalari bo‘yicha kompaniya) va “Acwa Power Sirdarya” MChJ (loyiha kompaniyasi) o‘rtasida tasdiqlangan.
 
Shuningdek, qaror bilan “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ va “Acwa Power Sirdarya” o‘rtasida elektr energiyasini sotib olish to‘g‘risida kelishuv tasdiqlandi. Loyiha kompaniyasi ishlab chiqarilgan elektr energiyasini faqat “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJga sotilishini kafolatlaydi.

Top