21:41 / 04.11.2020
7235
Vazir o‘rinbosari «Yoshlar» va «Ayollar daftari»ga qancha mablag‘ ajratilgani hamda undan kimlarga yordam berilishi haqida gapirdi

«Yoshlar» va «Ayollar daftari» uchun Yoshlar ishlari agentligiga 45 mln. dollar va bizga ham shuncha mablag‘ ayollar tadbirkorligi uchun ajratilishi belgilandi. Bizga ajratilgan mablag‘ning 10 mln. dollari ayollarni tadbirkorlik va boshqa kasblarga o‘qitish uchun sarflanadi», – dedi Ma'rufova

O‘zbekistonda ishsiz yoshlar va xotin-qizlar bandligini ta'minlash bo‘yicha «Yoshlar daftari» hamda ishsiz va boquvchisiz xotin-qizlar bo‘yicha alohida «Ayollar daftari» ro‘yxatlari tuzilmoqda.

Ro‘yxatga olinganlar bilan esa talab yuqori bo‘lgan kasblar va tadbirkorlikka o‘qitish, shu asosda biznesini yo‘lga qo‘yishda moliyaviy qo‘llab-quvvatlash tizimi orqali ishlanadi.

Kun.uz muxbiri Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri o‘rinbosari Gulnora Ma'rufovaga «Ayollar daftari» ro‘yxati qanday tuzilishi, unga kirganlarga qo‘shimcha qanday yordamlar berilishi hamda tizimda korrupsiya va ko‘zbo‘yamachiliklarning oldini olish borasida qanday shaffof tizim yo‘lga qo‘yilishi haqida savollar bilan yuzlandi.

«Ayollar daftari» juda keng qamrovli bo‘ladi. U orqali imkon qadar barcha ayollarning muammosini yechish uchun ishlaymiz»

Gulnora Ma'rufovaga intervyu davomidagi birinchi savolimiz qanday sharoitdagi ayollar daftarga olinishi va ularga qanday shaklda yordam ko‘rsatishi borasida bo‘ldi.

Vazir o‘rinbosari bu borada dastlab pandemiya vaqtida o‘z ishini yo‘qotgan, mablag‘siz qolgan va kambag‘al oilalarga «Temir daftar» bo‘yicha turli ko‘rinishdagi yordamlar ko‘rsatilgani hamda karantin yumshatilgandan keyin ular ham asta-sekin daftardan chiqarilayotganini ta'kidladi.

«Lekin qiynalgan oilalar hamon bor. Shularni inobatga olgan holda Prezident Mirziyoyev endi «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari» tuzilishini ham e'lon qildi.

Bu daftarga chuqur o‘rganishlardan keyin muammolari bor va 30 yoshdan oshgan ayollar kiritilishi belgilangan. Masalan, qanday muammolilar? Biz ayollarning muammosini o‘rganishda hech kimni chetda qoldirmasligimiz kerak. Ya'ni qanday oila bo‘lishidan qat'i nazar, undagi har bir ayolning o‘z muammosi bor.

Deylik, moddiy ta'minoti yaxshi oiladagi ayolda psixik, sog‘liq jihatidan va aksincha, kambag‘al oiladagi ayolning tabiiy, iqtisodiy yoki boshqa bir muammosi bo‘lishi mumkin. Demak, bu daftar orqali nafaqat ayollarni ish bilan ta'minlash, balki psixologik, tibbiy, huquqiy va ko‘plab jihatlarda amaliy yordam ko‘rsatish masalasi turadi.

Deylik, ayol ichkilikka ruju qo‘ygan, u davolatiladi. Yolg‘iz ayolmi? Muammosi o‘rganilib, yordam ko‘rsatiladi. Ishsizmi? Ishga kirishi yoki o‘z tadbirkorligini boshlashiga yordam beriladi», – dedi u.

Ma'rufovaga ko‘ra, bu daftar avvaliga faqat ishsiz yoshlarni ish bilan ta'minlash uchun ochilgan daftar deb tushunilgan.

«Yo‘q, bu yerda biz birinchi navbatda muammoli oilalarni ajratib olamiz va ularga yordam ko‘rsatamiz. Kitob juda keng qamrovli bo‘ladi. Imkon qadar barcha muammoli ayollarning muammosini yechish uchun ishlaymiz. Buning uchun maxsus dasturlar qilinadi», – deydi vazir o‘rinbosari.

«Yoshlar ishlari agentligiga va Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligiga 45 mln. dollardan ajratiladi»

Bu daftardagi rejalarni amalga oshirish katta mablag‘ni ham talab qiladi. Biz suhbatdoshimizdan bu mablag‘lar qaysi manbalar hisobiga shakllanishi va qancha mablag‘ ajratilishi reja qilinayotgani haqida so‘radik.

«Prezident Mirziyoyev 20 avgust kuni tadbirkorlikni hududlardagi qo‘shimcha imkoniyatlar hisobiga rivojlantirish masalasida o‘tkazgan yig‘ilishda  «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»ga davlatning maqsadli jamg‘armasidan qancha mablag‘ ajratilishiga ham aniqlik kiritdi. Unga ko‘ra, «Yoshlar» va «Ayollar daftari» uchun Yoshlar ishlari agentligiga 45 mln. dollar va bizga ham shuncha mablag‘ ayollar tadbirkorligi uchun ajratilishi belgilandi. Bizga ajratilgan mablag‘ning 10 mln. dollari ayollarni tadbirkorlik va boshqa kasblarga o‘qitish uchun sarflanadi», – dedi Ma'rufova savolga javoban.

Unga ko‘ra, respublikadagi har bir tuman, shahar hokimliklarining fondidan ham xotin-qizlar va yoshlar uchun alohidadan jamg‘armalar tuziladi.

Bu jamg‘arma mablag‘lari esa ko‘proq ayollar uchun shoshilinch bo‘lgan yordamlar, masalan, ularning o‘ta ta'mirga muhtoj uylarini ta'mirlash, og‘ir va o‘ta og‘ir kasalliklarini davolash uchun ishlatiladi.

«Ehtiyojmandlarga pul tarqatishda u yerda, albatta, bank xodimlari, ichki ishlar, soliq organlari vakillari turishi kerak»

Yordamga muhtoj aholi qatlamini qo‘llab-quvvatlash uchun «Temir daftar» ro‘yxati tuzilgan edi. Ammo o‘tgan vaqt davomida bu mablag‘larning ham ma'lum qismi mas'ullar tomonidan o‘zlashtirib yuborilgani aniqlandi. Bizning Ma'rufovaga bergan navbatdagi savolimiz «Ayollar daftari» uchun ajratilgan mablag‘larni to‘g‘ri taqsimlanishida qanday shaffof mexanizm yaratilishi haqida bo‘ldi.

«Biz hozir shu olingan tajribadan kelib chiqqan holda bitta mahalla raisining mablag‘larni taqsimlashi noto‘g‘ri ekanligini ko‘rdik. Mahalla raisining o‘zi mablag‘larni tarqatishi ham noto‘g‘ri.

Biz ko‘rdik shu tizimdagi qanchadan-qancha mahalla raislarining ishdan ketgani, jarimaga tortilganini. Afsuski, shunday holatlar butun tizimdagilarning yuzini qora qiladi.

Bu bo‘yicha bizda tajriba shunday bo‘ldiki, ehtiyojmandlarga mablag‘larni tarqatishda u yerda, albatta, bank xodimlari, ichki ishlar, soliq organlari vakillari turishi kerak.

Bu yerda katta bir komissiya ishlashi kerak. Shuningdek, mahalla binosiga yordam olgan va oladiganlarning ro‘yxati ilib qo‘yilishi kerak, odamlarning o‘zi shuni so‘rayapti», – dedi Gulnora Ma'rufova.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi: Otaxon Yusupov.

Top