12:04 / 04.11.2020
49903

XTV II chorakdan barcha o‘quvchilarning maktabga borishi majburiy bo‘lishi haqidagi ma'lumotlarga izoh berdi

Ota-onalar orasida II chorakdan barcha o‘quvchilar to‘liq an'anaviy shakldagi ta'limga qaytishi haqida turli ma'lumotlar tarqaldi. Xalq ta'limi vazirligi mazkur masala yuzasidan izoh berdi.

“Ma'lumki, maktablarda joriy o‘quv yili ota-onalarning ixtiyori asosida onlayn hamda an'anaviy shaklda yo‘lga qo‘yildi. Biroq afsuski, bugungi kunda mavjud vaziyatni to‘g‘ri tushunmasdan, ayrim ota-onalar tomonidan farzandini maktabga yubormaslik bilan birga, “Onlayn darslar” vaqtida farzandini dars qilishini ta'minlash o‘rniga, ko‘chada yurishiga yo‘l qo‘yayotgan yoki uni boshqa ishlar bilan band qilib qo‘yish holatlari kuzatilmoqda.

Aytish joizki, farzandlarimizning zoye o‘tayotgan har bir kuni uning ertangi kelajagiga o‘zining salbiy ta'sirini ko‘rsatmay qolmaydi, bolaning maktabda ta'lim olishini hech qanday eng zamonaviy texnologiyalar bilan ham o‘rnini bosib bo‘lmaydi.

Shu sababli hurmatli ota-onalarimizdan, uyda bolaning televideniye orqali onlayn ta'lim olishiga to‘laqonli sharoit yaratishning imkoni bo‘lmasa, farzandlarini maktabga yuborishlarini so‘rab qolamiz”, - deyiladi vazirlik izohida.

Ta'kidlanishicha, bugungi kunda respublikadagi 10 008 ta maktabning deyarli hammasida an'anaviy ta'lim olish imkoniyati yaratilgan. O‘quvchilardan 4,6 mln. nafari, ya'ni 74 foizi an'anaviy, qolgan 1,6 mln. nafari, ya'ni 26 foizi onlayn shaklda tahsil olmoqda. 

Xalq ta'limi vazirligi ta'lim to‘liq an'anaviy shaklga o‘tishi bo‘yicha qaror qabul qilingan taqdirda vazirlikning rasmiy manbalari orqali ma'lumot berishini bildirdi.

Top