18:31 / 05.11.2020
11748
«Agressiv ton konstruktiv muloqot qilishimizga foyda bermaydi» – Obid Hakimov populizmga berilmaslikka chaqirdi
Foto: Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov kambag‘allik chegarasi haqidagi gaplaridan so‘ng yuzaga kelgan tanqidlar ortidan matbuot anjumani o‘tkazdi.

Hakimov o‘z so‘zida kuni kecha Toshkentdagi Vestminstr xalqaro universitetidagi tadbirda taniqli rus iqtisodchisi Sergey Guriyevning populizm haqidagi ilmiy maqolasini muhokama qiluvchi sifatidagi ishtirok etganini aytib, jurnalist va blogerlar bilan doimiy hamkorlik qilishga tayyorligini bildirdi.

«Maqolada populizm iqtisodiy rivojlanishga qanchalik salbiy ta'sir ko‘rsatilishi aytilyapti. Tadqiqotlarga asosan, 60ta eng katta mamlakatda populistik kayfiyat ko‘tarilganida uzoq muddatda, keyingi 10–15 yil ichida YaIMning 10 foizlar atrofida farq qilishi, ya'ni past bo‘lishi aytilyapti.

Bu narsa nimaga olib keladi? Yanada asoslanmagan qarorlarning qabul qilinishi va boshqa narsalarga olib keladi. Shu orqali davlatimiz rahbari belgilab bergan, og‘ishmay ketayotgan yo‘limizda odamlarni chalg‘itishi mumkin.

Shuning uchun biz sizlar bilan doim hamkorlik qilishga tayyormiz. Berayotgan materiallaringizni ilmiy asoslar asosida tayyorlash bo‘yicha qanday yordam kerak bo‘lsa, yordam berishga tayyormiz.

Kecha ham ijtimoiy tarmoqlarda agressiv tonning mavjudligini ko‘ryapsiz. Bu narsa bizning rivojlanishimiz, konstruktiv muloqot qilishimizga foyda bermaydi. Biz har doim konstruktiv muloqot tarafdori bo‘lib qolamiz», – dedi Obid Hakimov.

Shuningdek, matbuot anjumanida O‘zbekistondagi kambag‘allik chegarasini ishlab chiqishda oylik maoshlarni ko‘rib chiqish va bozordagi narx-navoni nazorat qilish mezonlariga qay darajada e'tibor qaratiladi, deya berilgan savolga ham javob qaytarildi.

«Iqtisodiyotda shunday narsa borki, yo‘qdan bor bo‘lmaydi, bordan yo‘q bo‘lmaydi. Faraz qiling, uyingizda bir mahsulot ishlab chiqaryapsiz. U mahsulot bir yilda 5 foizga oshyapti. O‘sha 5 foizning qaysidir qismi sizning mehnatingiz, qaysidir qismi esa uyingizdagi uskunalar evaziga oshyapti. Xuddi shu mahsulotni qo‘shningiz ham ishlab chiqaryapti. Uning ham xuddi shunday uskunasi bor. Mahsuloti esa 2 foizga oshyapti. Kimningdir unumdorligi yuqori, kimningdir unumdorligi past.

Xuddi shu unumdorlikdan kelib chiqqan holda siz o‘zingizga oylik tanlaysizmi? Ko‘pgina holatlarda bizda populistik tendensiya kuchayib ketyapti: oyliklarga qaranglar, degan. Unumdorlik oshmasa, ishlab chiqarilayotgan mahsulot ko‘paymasa, yo‘q joydan oylikni qayerdan olib berish mumkin?

Bitta yo‘li bor – Gretsiyadagiga o‘xshab, boshqa mamlakatlardan qarz olib, davlat xizmatchilariga oylik qilib beraverish. Oqibatda Gretsiyada qanday inqiroz kelib chiqqanini ko‘rdinglar.

Ikkinchi tomondan, narxlar bo‘yicha oziq-ovqat xavfsizligi dasturlari ishlab chiqilyapti. Lekin ayrim hollarda bizda tebranishlar bo‘lib turibdi. Unga ta'sir ko‘rsatadigan ichki va tashqi omillar bor», – dedi Obid Hakimov.

Top