09:28 / 05.11.2020
5545
Air Arabia aviakompaniyasi Sharja-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha ilk reysini amalga oshirdi

4 noyabr kuni BAAning Air Arabia aviakompaniyasi tomonidan Sharja-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha birinchi reys amalga oshirildi.

Toshkent xalqaro aeroportiga kelib qo‘ngan havo layneridan dastlabki 17 yo‘lovchi kutib olindi.

Aeroportning xalqaro tashuvlarni tashkillashtirish xizmati rahbari Umid Hamroyevning ma'lum qilishicha, mazkur qatnovlar doimiy va to‘g‘ridan to‘g‘ri tarzda yo‘lga qo‘yilgan.

«Birinchi reysimizda BAAdan 17 kishi uchib keldi. O‘zimizda 152 nafar yo‘lovchiga chiptalar sotilgan. Ular Toshkentdan uchib ketadi. Reyslar samolyot turiga qarab yo‘lovchi tashishga mo‘ljallangan. Hozirgi parvoz Airbus-321 samolyotida tashkillashtirildi. Unda bir tomonga 150-200 nafar odam tashish imkoni mavjud. Parvozlar haftasiga ikki martadan amalga oshiriladi. Bundan tashqari, Uzbekistan Airways aviakompaniyasi ham Sharjaga parvozlarni tashkil qiladi», – dedi aeroport xodimi.

Umid Hamroyev

Mazkur havo qatnovi “Uzbekistan Airpors” AJ va «Air Arabia Abu-Dabi LLC» aviakompaniyalari o‘rtasidagi kelishuvga asosan yo‘lga qo‘yildi.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Ulug‘bek A'zamovning aytishicha, mazkur loukoster reysini yo‘lga qo‘yish uchun fevral oyida bitim imzolangan.

«Hozirgi pandemiya sharoitida Air Arabia aviakompaniyasining O‘zbekistonga parvozni amalga oshirishi tahsinga sazovor. Joriy yilning 19-20 fevral kunlari Toshkentda «Uzbekistan airpors aviation logistics forum» birinchi aviatsiya forumini o‘tkazgan edik. Bu mintaqada yagona va ilk forum hisoblanadi. Unda 180dan ortiq kompaniyalar qatnashgan bo‘lib, ulardan 25 tasi xorijiy aviakompaniyalar edi. Tadbirda qator kelishuvlarga erishilgan. Shu jumladan, Air Arabia aviakompaniyasi bilan Sharja va Abu Dabi shaharlaridan O‘zbekistonga to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha memorandum imzolangan va o‘sha kelishuvlar natijasida birinchi reysning guvohi bo‘lib turibmiz», – dedi Ulug‘bek A'zamov.

Ulug‘bek A'zamov

Ma'lum qilinishicha, parvoz uchun 4 yarim 5 soat vaqt sarflanadi.

Avvalroq, chipta narxi – 200 AQSh dollaridan 246 AQSh dollarigacha ekani xabar qilingandi.

Top