11:23 / 05.11.2020
11560

Jo‘rabek Mirzamahmudov energetika vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi

O‘zbekiston prezidentining qarori bilan Jo‘rabek Mirzamahmudov O‘zbekiston energetika vazirining birinchi o‘rinbosari - “O‘zatom” agentligi bosh direktori lavozimidan ozod etildi.

Foto: O‘zatom agentligi

Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 3 noyabr kuni imzolangan hujjatda aytilishicha, Jo‘rabek Mirzamahmudov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimdan ozod qilingan.

Shuningdek, prezidentning 3 noyabr kuni imzolangan boshqa bir qarori bilan 2019 yil 1 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4142-son qarorga o‘zgartirish kiritildi.

Qayd etilishicha, bu O‘zbekiston energetika tarmog‘i boshqaruv tizimini takomillashtirish maqsadida amalga oshirildi.

Hujjat bilan PQ-4142-son qaror 2-ilovasining “Vazirning birinchi o‘rinbosari - “O‘zatom” agentligi bosh direktori” blokidan “O‘zatom” agentligi bosh direktori” so‘zlari chiqarib tashlandi.

“O‘zatom” agentligi rahbari Jo‘rabek Mirzamahmudov 2019 yilning fevral oyi o‘rtalarida energetika vazirining birinchi o‘rinbosari etib tayinlangandi. U Atom energetikasini rivojlantirish agentligi bosh direktori lavozimida ham ishlab kelayotgandi.

Jo‘rabek Mirzamahmudov 1979 yilda tug‘ilgan, 2001 yilda «Umid» jamg‘armasi yo‘llanmasi bo‘yicha Alabama universitetini (AQSh), 2005 yilda esa Toshkent kimyo-texnologiya institutini tamomlagan.

Top