13:29 / 05.11.2020
3533

“O‘zbekneftgaz” AJ Rossiyaning davlat taraqqiyot korporatsiyasi - “VEB.RF”dan debyut moliyalashtirishni jalb etdi

“O‘zbekneftgaz” AJ va Rossiyaning davlat taraqqiyot korporatsiyasi - “VEB.RF” o‘zaro manfaatli hamkorlik  bo‘yicha ilk muvaffaqiyatga erishdi.

Xususan, joriy yilning sentabr oyida Rossiya kompaniyalari va “VEB.RF” raisi Igor Shuvalov boshchiligidagi delegatsiyasining O‘zbekiston Respublikasiga tashrifi chog‘ida “O‘zbekneftgaz” AJ va “VEB.RF” rahbariyati bilan ishchi uchrashuvlar bo‘lib o‘tgan edi.

Uchrashuv davomida tomonlar O‘zbekiston Respublikasi neft va gaz sanoatidagi loyihalar uchun davlat taraqqiyot korporatsiyasining kredit mablag‘larini jalb etishni tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishgan edilar.

Qisqa vaqt ichida “O‘zbekneftgaz” AJ va “VEB.RF” O‘zbekiston Respublikasida razvedka va burg‘ilash operatsiyalari hajmlarini oshirish maqsadida yirik Rossiya ishlab chiqaruvchilari mahsulotlarini (ishlari va xizmatlari) yetkazib berish uchun zarur hujjatlar va moliyalashtirish shartlari to‘g‘risida kelishib oldilar. Tomonlar raqobat shartlarida 40 million yevrogacha kredit liniyasini ochish bo‘yicha shartnoma imzoladilar.

Qayd etilishicha, ushbu mablag‘lar 2021 yilda 150 ga yaqin neft va gaz quduqlarini burg‘ilash va yirik ta’mirlash ishlarini o‘tkazish uchun moddiy-texnik resurslarni o‘z vaqtida ta’minlash imkonini beradi.

Chora-tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyoti ehtiyojlari uchun uglevodorod ishlab chiqarishning rejalashtirilgan ko‘rsatkichlariga erishishni ta’minlaydi.

Ushbu debyut moliyalashtirish O‘zbekiston-Rossiya ko‘p qirrali hamkorligining dinamik rivojlanishiga ham hissa qo‘shadi.

“O‘zbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Top