11:57 / 05.11.2020
4067
Samarqand davlat tibbiyot instituti va Kembrij universiteti o‘rtasida memorandum imzolandi

Oliy ta'lim tizimida amalga oshirilayotgan barcha islohotlar zamirida sohani zamon talablari darajasiga chiqarish, raqobatbardosh kadrlarni tarbiyalash maqsadi yotibdi. Ushbu maqsadlarga erishish uchun avvalo, jahon hamjamiyati, rivojlangan davlatlar tajribasini o‘zlashtirish, kadrlar tayyorlashda yetakchi xorijiy oliygohlar bilan yaqindan hamkorlik qilish yaxshi samara beradi.

Samarqand davlat tibbiyot instituti mamlakatimizda tibbiyot sohasidagi kadrlarni tayyorlab beradigan yetakchi oliygohlardan biri hisoblanadi. Institutda yaratilgan boy tajribadan yanada kengroq foydalanish maqsadida hozirgi kunda xorijiy hamkorlar bilan bir qator qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda. Mazkur loyihalar doirasida bir qator xorijiy davlatlar talabalarini institutda tahsil olishi ko‘zda tutilgan. Ularga xorijiy professor-o‘qituvchilar bilan birga, institut o‘qituvchilarining chet tillarida o‘quv mashg‘ulotlarini olib borishi amalga oshirilmoqda.

Institut professor-o‘qituvchilarining xorijiy tildagi bilim va ko‘nikmalarini yaxshilash va manbalardan foydalanish ko‘nikmalarini oshirish maqsadida Samarqand davlat tibbiyot instituti va Buyuk Britaniyaning Kembrij universiteti bilan memorandum imzolandi.

Ma'lumot o‘rnida aytish mumkin, Kembrij Buyuk Britaniyaning eng qadimiy universiteti hisoblanib, 1209 yilda tashkil qilingan. Dunyodagi hech bir universitet son jihatidan Kembrij kabi dunyoga Nobel mukofoti sovrindorlarini yetkazib berolmagan. Universitetning 90 dan ortiq bitiruvchi va o‘qituvchilari ushbu nufuzli mukofotga loyiq ko‘rilgan.

Quvonarlisi shundaki, Samarqand davlat tibbiyot instituti jamoasi kelgusida ushbu nufuzli universitet bilan faol hamkorlik olib boradi. Eng yaxshi tajribalaridan samarali foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

 

Mazkur memorandum bo‘yicha Kembrij universiteti Samarqand davlat tibbiyot instituti professor-o‘qituvchilarining ingliz tili sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha beg‘araz ko‘maklashadi. O‘qituvchi va talabalarni tegishli adabiyotlar bilan ta'minlab, tibbiyot fanlaridan ingliz tilida o‘quv mashg‘ulotlar olib borishiga metodologik yordam ko‘rsatadi. Imzolangan memorandum institut inson resurslari va potensialini yanada boyitishga xizmat qiladi.

SamDTI matbuot xizmati

Top