22:14 / 06.11.2020
9130
Andijon viloyati hokimi majburiy tibbiy tekshiruvdan o‘tkazishni joriy etish taklifini bildirdi

Shuhrat Abdurahmonovning aytishicha, fuqarolarning ko‘pchiligi o‘z sog‘lig‘iga befarq va yiqilib qolmaguncha tibbiy tekshiruvlarga bormaydi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida sog‘liqni saqlash tizimini tubdan isloh qilish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda Andijon viloyati tibbiyot tizimida olib borilayotgan ishlar yuzasidan hokim Shuhrat Abdurahmonov ham so‘z olgan.

U o‘z so‘zida viloyatda tibbiy xizmat sifatini yaxshilash borasidagi ishlar yuzasidan hisobot berar ekan, prezidentga bir qator takliflarini ham bildirgan.

«Hurmatli prezident, hozir biz tibbiyot tizimidagi kvotalarni o‘zimiz belgilay olmaymiz. Viloyatda kadrlar qayerga kerakligini biz hokimlar yaxshi bilamiz. Shuning uchun, vazirimiz bilan kelishgan holda (Sog‘liqni saqlash vaziri nazarda tutilmoqda – tahr) kvotalarni ham sharoitdan kelib chiqqan holda o‘zimiz belgilasak.

Ikkinchi taklifim: odamlarimiz hozir sog‘lig‘iga juda befarq. Ular ahvoli og‘irlashib yiqilmaguncha tibbiy tekshiruvlarga bormaydi. Shuning uchun, o‘ylashimcha, fuqarolarga tibbiy tekshiruvlardan o‘tishni majburiy qilish kerak. Shu tizimni ruxsat bersangiz, Andijon viloyatida tajriba qilib ko‘rsak», deya hokimning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Prezident Mirziyoyev o‘z o‘rnida bu takliflar bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vaziri tez orada viloyatga borishi, barcha masalalar shundan keyin kelishilgan holda, jumladan, Xalq deputatlari viloyat kengashi qarori bilan amalga oshirilishini ta'kidlagan.

Top