14:54 / 06.11.2020
6268
Bolamni quchib erkalay olmayman – og‘riqlar va dard yemirib borayotgan yigit hikoyasi

Buyrak kasalliklari shunisi bilan murakkabki, ozgina e'tiborsizlik ham inson organizmida qaytarib bo‘lmas holatlarga olib kelishi mumkin. Xayriya so‘rab murojaat qilgan navbatdagi bemorimiz ham buyragi xastalikka chalingani bois og‘ir vaziyatga tushib qolgan.

– Yoshim 37 da, shu paytgacha kasalligim tufayli Akademik Vohidov nomidagi klinikada buyrak ko‘chirish amaliyotini boshimdan kechirganman. Siydik nayining torayishi natijasida menga stent qo‘yishdi. Ammo bu muolaja ko‘ngildagidek chiqmagandi va men juda kuchli og‘riqlarni boshdan kechirmoqdaman. Badanimdan oqma paydo bo‘lib qoldi, – dedi biz bilan suhbatda farg‘onalik Muzaffar Otaqulov.

Ayni paytda qayta operatsiyaga nihoyatda muhtojman. Biroq bu operatsiya bizda qilinmas ekan. Hindistondagi klinikalar bilan gaplashganimizda bizga 5 ming dollardan ortiq mablag‘ga invoys berishdi. Ozroq topgan-tutganimiz bor, ammo uzluksiz davolanishlar natijasida hech orttirib shu mablag‘ni to‘play olmadik.

Og‘ir paytda ukam jonimga oro kirayapti, menga ham qaraydi, o‘z taniga tig‘ urdirib, bir buyragini berishga ham tayyor. Har safar stentni almashtirganlarida og‘riqdan hushdan ketay deyman. Ikki farzandim bor, kichik o‘g‘lim Ozodbekni bemalol quchib erkalay olmayman... Men ham bu dunyoga umid bilan kelganman, oilam, yaqinlarim uchun yashasam deyman. Zarurat yordam so‘rashga majbur qildi meni, – deganicha so‘zlarini tugatdi Muzaffar.

Muzaffar Otaqulovga oid ma'lumotlar:

Uzcard: 8600 0424 5338 1476 (Agrobank, Muzaffar Otaqulov nomida)

HUMO: 9860 0303 6320 6803 (Dildoraxon Otaqulova nomida)

Visa: 4187 8000 0038 29 86 (Muzaffar Otaqulov nomida)

Sberbank: 5469 4000 3268 8199 (Rasulxon Najmiddinov nomida)

Telefon raqami: +998911084720

Bugun qilingan yordam ertaga albatta qaytadi. Bu dunyoda uning rohati ko‘rilmasa ham, nomai-a'molimiz savobga to‘lishi shubhasiz. Dard bilan olishayotgan yurtdoshimiz bugun ko‘pchilikning ko‘magiga va duolariga muhtoj bo‘lib turibdi. Noumid qoldirmaylik.

Abror Zohidov.

Mavzu
Xayriya aksiyasi
KUN.UZ sayti yordamga muhtoj insonlarga ko‘mak berish niyati bilan qator xayriya aksiyalarini tashkil etib kelmoqda.
Barchasi
Top