23:14 / 06.11.2020
3979

Fransiya COVID-19 bemorlarini davolanish uchun Germaniyaga jo‘natmoqda

 Parij hukumati kelasi hafta oxirida aksariyat shaharlardagi shifoxonalarda joy qolmasligidan xavfsiramoqda. 

Foto: Reuters

Fransiyada bir hafta avval lokdaun joriy etilganiga qaramasdan, koronavirus tarqalishi sur'ati susaymayapti.

6 noyabr kuni 58 mingta yangi holat aniqlanib, pandemiya boshlanganidan buyon eng yuqori ko‘rsatkich qayd etildi. Shu sababli hukumat antivirus choralari keskinlashishini e'lon qildi.

Parijda soat 22dan keyin taom va alkogolli ichimliklar sotish taqiqlandi. 

Gimnaziyalar o‘quvchilari qisman onlayn ta'limga o‘tadi. Ammo Ta'lim vaziri Jan-Mishel Blankening ta'kidlashicha, mashg‘ulotlarning 50 foizdan kam bo‘lmagan qismi sinflarda o‘tkazilishi lozim.

Bahordan beri birinchi marta fransiyalik bemorlar yana Germaniya shifoxonalariga jo‘natilmoqda. Grand-Est regionidan kamida uch nafar bemor davolanish uchun Saar federal yeriga jo‘natildi. Hukumat buni mahalliy shifoxonalarga tushadigan bosimni kamaytirishga urinish deb izohladi.

Fransiya shifoxonalarining intensiv terapiya bo‘limlarida hozirda 4200dan ortiq bemor yotibdi. Parij hukumati kelasi hafta oxirida aksariyat shaharlardagi shifoxonalarda joy qolmasligidan xavfsiramoqda. 

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top