12:30 / 06.11.2020
11996
Reklama

Jamoani tashkil etishda nimalarga e'tibor berish kerak? Ekspertdan tavsiyalar

Nega tadbirkorlar samarali jamoa tashkil qilishda qiynaladi?

Deyarli barcha tadbirkorlar, biznes egalari va rahbarlarda eng asosiy muammo, bu - jamoa tashkil qilishdir. Yaxshi va ishchan jamoa muhitini shakllantirish uchun nima qilish kerak, degan savolga javob topish maqsadida biznes-konsultant, bizneslarni tizimlashtirish bo‘yicha ekspert Bahodirxon Fozilxo‘jayev bilan suhbatlashdik.

Bahodir aka aytingchi, nega aksariyat tadbirkorlar jamoa shakllantirishda ko‘p qiynaladi?

- Jamoa — biznesning hayot-mamotini hal qiluvchi omillardan biri. Zo‘r jamoa biznesni rivojlantirib, yangi cho‘qqilarga olib chiqa oladi. Shuning uchun bunda shoshma-shosharlik va yuzaki qarash ish bermaydi. Bundan kelib chiqadiki, tadbirkor jamoani tuzishga vaqt va kuchni ayamasligi kerak. Lekin uzoq yillik tajribalarimiz shuni ko‘rsatadiki, aksariyat tadbirkorlar o‘z jamoasini birdamligi, zo‘r ichki muhitni shakllantirish ustida deyarli ishlamaydi.

Ko‘pchilik xodimlarni ishga oldim, ular o‘zidan-o‘zi ishlab ketadi, deb o‘ylaydi. Bundan tashqari, tanish-bilish, qarindosh-urug‘ yoki shogird yonimda bo‘lsa, sadoqat bilan ishlaydi, deb xotirjamlikka beriladi. Lekin u xodim nima maqsadda keldi, qanday ishga layoqati bor, jamoaga nima bera oladi kabi savollarga javob izlamaydi.

Xo‘sh, unda jamoani tashkil etishni nimadan boshlash kerak?

- Jamoani to‘g‘ri tashkil etish ishlarini rahbar o‘zini isloh qilishdan boshlashi kerak. O‘z faoliyatini tahlil qilib, kuchli va kuchsiz tomonlarini ilg‘ab olib, ko‘proq ojiz tomonini to‘ldiradigan, yordamchi bo‘ladigan odamlarni yig‘ishga harakat qilishi lozim. Qolaversa, kimlarni ishga olish zarurligi borasida aniq tasavvurga ega bo‘lishi kerak. O‘zbek biznes muhitida yo‘l qo‘yiladigan asosiy xatolardan biri “Shunday mutaxassis kerak”, deb shoshilib duch kelgan talabgorni ishga qabul qilaverishadi.

Ya'ni oz vaqt sarflab, tez natijaga erishishga harakat qilishadi. Bu xuddi suzishni bilmagan insonni olib, suvga uloqtirishdek gap. Keyin esa kutgan natijasini bermayotganidan xafa bo‘lishadi. Rahbar o‘z nazdida xodim xuddi o‘zidek fikrlab, o‘zidek ishlaydi, deb o‘ylaydi. “Man bajarib turibman-ku, nimasi qiyin?”, degan savolga javob qidiraveradi.

To‘g‘ri, rahbar uchun barcha ish oson bo‘lishi mumkin. Chunki u shu sohaning ichida yurgan, past-u balandini ko‘rgan. O‘z biznesi uchun jon kuydiradi. Lekin oddiy xodim-chi? Ba'zi ish beruvchilar yangi xodimining nima uchun ishga kelganini bilmaydi. U yuqori maosh uchun keldimi yoki uyidan dam olish uchunmi, o‘z ishining ustasimi, sobiq ishxonasida qanday natijalarga erishgan — bularni surishtirmay, osongina ishga kirishib ketadi, deb o‘ylashadi.

Jamoani to‘g‘ri tashkil qilishning qanday bosqichlari bor?

- Birinchi galda, jamoada aniq bir tizim, ya'ni mexanizmni yaratib olish lozim. Shu tuzilmada kimlar ishlaydi va unga qanday mutaxassis kerak, degan savolga javob topish zarur. Keyingi bosqichda, u mutaxassisni qayerdan topish kerak, degan masala ustida bosh qotirish kerak. Shu kerakli xodim qayerlarda yurishi, qaysi ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishi va qanday shakldagi reklamalarni o‘qishi mumkinligiga qarab, e'lonlar beriladi.

Undan keyingi bosqich, ish so‘rab kelgan nomzodlarni tanlash masalasi. Ikki-uch kishi kelsa, xursand bo‘lib darrov ishga olish yaramaydi. Taxminan 10-15 nafar nomzodni yig‘ib turib, ichidan eng munosibini saralab olish kerak. Keyin ularga sinov muddati belgilanib, obdon sinaladi.

Sinov davrida korxona xodimga, xodim korxonaga mos yoki mos emasligini bilib olish zarur. Buning uchun yana tizim masalasiga qaytamiz. Avvalo, kundalik va doimiy vazifalari, kimga, qay tartibda hisobot beradi — shularni aniqlab olsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Xodimga o‘z vazifalarini batafsil tushuntirmasdan, tizimni o‘rgatmasdan turib, qanday qilib uni boshqarish, undan ish samaradorligini talab qilish mumkin?!

Demak, xodimni sinov muddati bilan ishga qabul qilgach, unga ishlash tartibi o‘rgatiladi. Agar kelgan nomzod ko‘p yillik tajribaga ega bo‘lsa-chi?

- Necha yillik tajribaga ega bo‘lishidan qat'iy nazar yangi xodimga ish o‘rgatiladi, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatiladi. Sababi, hamma mutaxassisning ham tajribasi, bilimi yetarli darajada bo‘lmaydi. U sohani yaxshi bilishi mumkin, lekin yangi tashkilot yoki korxonaga uning malakasi yetarli bo‘lmasligi ehtimoli bor. Qolaversa, har bir jamoaning o‘z ichki nizomi, o‘ziga xos qonun-qoidalari bor. Shularni o‘rgatmasdan turib, xodimni korxona ichkarisiga kiritib bo‘lmaydi.

Sinov muddatidan muvaffaqiyatli o‘tgan xodim uchun nimalar qilinadi?

- Barcha sinovlardan o‘tib, to‘laqonli ishga kirishgan xodimni to‘xtab qolmasligi uchun harakat qilish kerak. Bu ishchiga o‘z ustida doimiy ishlashi uchun sharoit yaratib berish degani. Jamoa qachon mukammal bo‘lib shakllanadi? Qachonki barcha xodimlari o‘z ustida ishlasa, malakasini doimiy oshirib borsa.

Bilasiz, zanjir eng zaif bo‘g‘inidan uziladi. Jamoaning zaif tomoni malakasiz xodim bo‘lsa, avvalo, shu joyidan darz ketadi. Shuning uchun jamoaning umumiy kuchini oshirish uchun kuchlilarni kuchliroq emas, balki kuchsizlarni kuchliroq qilishga intilishimiz kerak. Ya'ni kuch va e'tiborni ilg‘or xodimlarga berib, ularni rivojlantiraversak, zaif va yordamga muhtoj ishchilar qolib ketaveradi. 

Bahodir aka, adashmasak siz bir necha bor bu mavzular bo‘yicha vebinarlar tashkil qilgansiz, to‘g‘rimi? 

— Xa, to‘g‘ri. Bizda "Jamoani tashkil etishda nimalarga e'tibor berish kerak? nomli vebinarimiz 8 noyabr soat 19:30 da onlayn translatsiya orqali bo‘lib o‘tadi.

Vebinarda ishtirok etish uchun pastdagi link orqali ro‘yxatdan o‘tishingiz mumkin!

 RO‘YXATDA O‘TISh UChUN LINK

Reklama

Top