09:27 / 06.11.2020
5242
Kosovoning iste'foga chiqqan prezidenti Xashim Tachi hibsga olindi
Foto: Stringer / EPA / TASS

Kosovo Prezidenti, harbiy jinoyatlarda ayblanayotgan Xashim Tachi Haagada hibsga olindi. Bu haqda Kosovodagi jinoyatlar bo‘yicha xalqaro sudning maxsus prokuraturasi ma'lum qildi. Tachi 5 noyabrda Haagadagi sudda javob berish uchun iste'foga chiqishini e'lon qilgandi.

Tachidan tashqari, Kosovo parlamentining sobiq spikeri Kadri Veseli, “Kosovo ozodlik armiyasi”ning dala qo‘mondonlaridan biri Rajab Salimi va parlamentning sobiq raisi Yakup Krasnichi ham hibsga olingan.

Xalqaro sudda ta'kidlanishicha, Tachi, Veseli, Salimi va Krasnichi 1998 yil martidan 1999 yil sentyabrigacha amalga oshirilgan harbiy va insoniyatga qarshi jinoyatlarda ayblanmoqda.

Tachi 5 noyabrdagi matbuot anjumanda Haagadagi sudda javob berish uchun Kosovo Prezidenti lavozimidan ketishini e'lon qilgandi. Tachi mamlakatda «prezidentlik yaxlitligini himoya qilish uchun» shu yo‘lni tutayotganligini aytgan.

Kosovo respublikasi Serbiya bilan uzoq davom etgan ixtilofdan keyin 2008 yilda undan mustaqilligini e'lon qilgan. BMTga a'zo 100dan ko‘proq davlat uning mustaqilligini qo‘llab-quvvatlagan.

Tachi Kosovada mustaqillik uchun urush vaqtida dala qo‘mondoni va alban ayirmachilaridan tashkil topgan “Kosovo ozodlik armiyasi” rahbarlaridan biri bo‘lgan. Serbiyada ushbu guruh terrorchi deb hisoblangan. 1997 yilda Prishtina sudi Tachini terrorchilikda aybdor deb topgan va uni sirtdan 10 yillik qamoq jazosiga hukm qilgan. Keyinroq Tachi Serbiyada genotsid va inson tana a'zolari savdosida ham ayblangan. 

Top