19:07 / 06.11.2020
98444

Putin betobligi sabab iste'foga chiqishi haqida xabar tarqaldi. Kreml izoh berdi

Britaniyadagi tabloidlar Vladimir Putin bemorligi va iste'foga chiqishi mumkinligi haqida xabar tarqatishdi. Juma kuni Kreml ushbu xabar yuzasidan izoh berishiga to‘g‘ri keldi.

Buyuk Britaniyadagi The Sun nashri Rossiya prezidenti Vladimir Putin Parkinson kasalligi bilan og‘rigani sabab iste'foga chiqishi haqida xabar tarqatdi. Odatda asossiz mish-mishlar tarqatuvchi ushbu nashr ma'lumotiga ko‘pchilik e'tibor bermadi. Biroq AQShning obro‘li nashrlaridan biri bo‘lmish Bloomberg agentligi bu borada Kremldan izoh so‘radi.

Bloomberg: Daily Mail, NY Post, The Sun kabi nashrlarda Vladimir Putin Parkinson kasalligi bilan og‘rigani sabab iste'foga chiqishi mumkinligi, shuningdek, oilasi undan ertaroq iste'foga chiqishini so‘rayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Bu xabarga qanday izoh berasiz?

Dmitriy Peskov (Kreml matbuot kotibi): Bilasizmi, bu yerda munosabat bildiradigan gapning o‘zi yo‘q. Bu safsata. Prezident bilan hammasi joyida.

Bloomberg: Salomatligi bilan hammi?

Dmitriy Peskov: Ha, uning salomatligi juda yaxshi.

Bloomberg: Va hozirda iste'fo haqida o‘ylamayapti?

Dmitriy Peskov: Yo‘q.

DW.com nashrining yozishicha, Putin oktyabrda davlat Dumasiga prezidentlikdan ketgan taqdirda Federatsiya Kengashida bir umrlik senator bo‘lib qolishiga huquqiy asosi bo‘ladigan qonun loyihasini ishlab chiqish topshirig‘ini bergan. Nashrga ko‘ra, bu konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish jarayonida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. DW'ning yozishicha, 5 noyabr kuni Rossiya Dumasi quyi palatasida sobiq Rossiya prezidentlarini ta'qib qilishni qiyinlashtiruvchi qonun loyihasi muhokamaga kiritilgan.

Parkinson asab kasalligi bo‘lib, u asosan yoshi katta odamlarda kuzatiladi. Bu kasallikda odamning tanasi va asosan qo‘li surunkali qaltiraydi, odamning o‘zi esa buni sezmaydi. Parkinsonda odamning harakati sekinlashib, uyqusizlikdan qiynaladi. Shuningdek, bu kasallik odamning ichak tizimida ham muammolar keltirib chiqaradi. Parkinson kasalligi «Qaltirash keltirib chiqaruvchi falaj» essesida uning asosini tushuntirib bergan britaniyalik olim Jyeyms Parkinson sharafiga nomlangan. Tibbiy tadqiqotlarda aytilishicha, ayni damda dunyoda 4 milliondan ortiq odam Parkinson kasalligidan ozor chekmoqda.

Ma'lumot uchun, 68 yoshli Vladimir Putin 1999 yil 31 dekabrda Rossiya prezidenti sifatida ish boshlagan. 2008-2012 yillarda Rossiya bosh vaziri bo‘lgan va shunday keyin yana prezident sifatida ishlab kelmoqda. Rossiya konstitutsiyasiga kiritilishi tasdiqlangan o‘zgarishga ko‘ra, Putin yana ikkita muddatga o‘z nomzodini ko‘rsatishi mumkin va shu tariqa amalda Rossiyani 2036 yilgacha boshqarish imkoniga ega.

Top