15:38 / 06.11.2020
4758
Suma Chakrabarti O‘zbekiston prezidentining maslahatchisi sifatidagi roli haqida gapirib berdi

2020 yil 5 noyabr kuni O‘zbekiston Bosh vaziri o‘rinbosari – Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov va O‘zbekiston prezidentining iqtisodiy rivojlanish, samarali boshqaruv va xalqaro hamkorlik bo‘yicha maslahatchisi Suma Chakrabarti o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Foto: Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, uchrashuv boshida O‘zbekiston tomoni qator sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar va mamlakatni rivojlantirish bo‘yicha keyingi harakatlar to‘g‘risida ma'lumot berdi. Ular: mintaqaviy hamkorlik, yashil iqtisodiyot, soliq va bojxona tizimidagi islohotlar, davlat kompaniyalarini isloh qilish, davlat korxonalarida korporativ boshqaruv tamoyillarini joriy etish, davlat tizimidagi shaffoflikni oshirish xaridlar, mehnat qonunchiligini isloh qilish va investitsiya muhitini yaxshilash.

Uchrashuvda tomonlar islohotlar dasturini uzoq muddatga davom ettirishning strategik yo‘nalishlari, mamlakat iqtisodiyotining asosiy tarmoqlarini modernizatsiya qilish va raqobatbardoshligi, davlat boshqaruvi tizimini isloh qilishni chuqurlashtirish, boshqaruv kadrlari sifatini keskin oshirish, mamlakatda investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, inson kapitalini rivojlantirish bo‘yicha fikr almashdi.

Suma Chakrabarti pandemiyaga qaramay, amalga oshirilayotgan islohotlar va ijobiy iqtisodiy ko‘rsatkichlarni yuqori baholadi va shuningdek, O‘zbekistonning islohotlar yo‘nalishini davom ettirishga qat'iy intilishini ta'kidladi. 

“Xususan, u o‘z rolini islohotlar samaradorligini ta'minlashda (boshqaruv tuzilmasi, vazirliklar va idoralar salohiyatini oshirish, qarorlarni qabul qilishni soddalashtirish), fuqarolik jamiyatini jalb qilish (yoshlar bilan ishlash, o‘zaro fikrlash madaniyatini oshirish), xalqaro mamlakat qiyofasi (rivojlangan mamlakatlarning ilg‘or tajribalari va ularni O‘zbekistonda joriy etish imkoniyatlarini hisobga olgan holda o‘rganish) kabi sohalarda yordam berishda ko‘rishini aytdi”, - deyiladi vazirlik xabarida.

Suma Chakrabarti muhokama so‘ngida hamkorlik qilish, qo‘llab-quvvatlash va islohotlar dasturini davom ettirishda yordam berishga tayyorligini bildirib o‘tgan.

Top