17:41 / 07.11.2020
4404
8,1 milliard so‘mlik tovarlarni noqonuniy olib kirishga bo‘lgan urinishlar fosh bo‘ldi

Toshkent shahar bojxona boshqarmasining “Chuqursoy” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postiga xorijiy mamlakatdan olib kelingan umumiy qiymati 3 mlrd 889,41 million so‘mlik 5000 dona gaz hisoblagich tovarlarini hujjatlarda shunchaki hisoblagichning qismlari tarzida ko‘rsatish orqali yuk egalari 1 mlrd so‘mlik bojxona to‘lovlarini qo‘shtirnoq ichida tejamoqchi bo‘lishgani fosh bo‘ldi.

Yana bir holatda, poytaxtimizdagi mas'uliyati cheklangan jamiyatlardan birining nomiga temir yo‘l konteynerida keltirilgan yuklar hujjatlarga ko‘ra aslida salkam 6 ming AQSh dollari qiymatidagi 6 turdagi xo‘jalik tovarlari bo‘lishi lozim edi.

Ammo, mazkur konteynerning inspeksion ko‘rik majmuasi orqali olingan skaner tasvirlari buni tasdiqlamadi. Konteyner belgilangan tartibda bojxona ko‘rigidan o‘tkazilganida, unda hujjatlarda ko‘rsatilmagan umumiy qiymati 3.8 mlrd. so‘mlik 42 nomdagi xo‘jalik mollari va kosmetika vositalari ortilgani aniqlandi.

Tahlillarga ko‘ra hujjatlarda ko‘rsatilmagan tovarlar uchun, aslida, 1 mlrd 66 mln so‘mdan ziyod bojxona to‘lovlari hisoblangan. Hujjatlarda ko‘rsatilgan tovarlar uchun esa bu me'yor 74 mln 947 ming so‘mni tashkil qilgan, xolos.

Shuningdek, ushbu postda aniqlangan yana bir holatda chetdan keltirilgan mayner ya'ni hisoblash mashinalari tovarlari ko‘zdan kechirilganida, yuklar orasida 140 dona mayner hujjatlarda ko‘rsatilmagani fosh etildi.

Hujjatlarda ko‘rsatilmagan tovarlarning umumiy qiymati esa 435 mln. 308 ming so‘mni tashkil qildi.

Hozirda yuqoridagi holatlar yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Top